Shu kunlarda butun Oʻzbekiston ahli mamlakatimiz mustaqilligining 29 yilligi bayramini nishonlamoqda. Har yili bu ayyom juda bir ulugʻ va muqaddas bayram sifatida keng miqyosda va koʻtarinki kayfiyat bilan oʻtkazilar edi.
Afsus, bu yil oson kelmadi, sinovli damlar boshimizga tushdi. Pandemiya butun insoniyatning ongini oʻzgartirib yubordi. Bir yilning oʻzidayoq insonlar ruhiyatidan oʻtgan kechinmalar asrga tatigulik boʻldi. Sinovli kunlarda dunyo ishidan, hukumatdan, tibbiyot sohasidan norozi qalblar ham boʻldi. Va, aksincha, hukumatimizning tezkor siyosatini qoʻllab-quvvatlaganlar, barchaga birdek muruvvat koʻrsatib olqish olgan tibbiyot sohasi vakillari, saxovati-yu mehrini ayamagan tadbirkorlar, ogʻir vaziyatda haqiqiy qahramonlik koʻrsatganlar ham koʻp boʻldi. “Kengga keng, torga tor dunyo” deb shunga aytadida xalqimiz!
Toʻgʻri, har kim oʻzidan oʻtganini oʻzi biladi. Biroq. Bir daqiqa toʻxtab, oʻylab koʻraylik. Bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor. Qancha aziz insonlarni – fan, madaniyat va sanʼat arboblariyu, fidoyi hamyurtlarimizu, dilga yaqinlarimizni berib qoʻydik – endi ular bizning oramizda yoʻq! Lekin ular, aynan ular – saxovatpesha va mehnatkash, pok dilli va samimiy insonlar bizga shu zaminni qoldirib ketishdi, ishonch bilan, umid bilan… Chunki har birlari maqsad bilan yashadi, oʻzidan keyin iz qoldirdi – farzandlari, jigarlari, gʻoyalari yoki sevimli ishlari ulardan qolgan xotira. Demak, hayot davom etmoqda. Biz ularning davomchilarimiz, ular uchun yashamogʻimiz darkor!
Mustaqillik ayyomi xalqimizning hur va ozod yashashi, baxtli hayoti, farovon turmushiga asos boʻluvchi eng muhim sana sifatida tarix zarvaraqlariga bitilgan. Oʻtmishda ajdodlarimiz mana shu hur va ozod kunlarga yetishish uchun jon olib, jon berib kurashganlar. Shukrona bilan aytishimiz mumkinki, Vatan Mustaqilligi tufayli ajdodlarimizning ezgu niyatlari, orzulari ijobat boʻldi.
Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining yigirma toʻqqiz yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida shunday dedi: «Hech kim hech qachon unutmasligi kerak: qanchalik qiyin boʻlmasin, qancha mablagʻ va imkoniyat talab etilmasin, Oʻzbekistonning bironta fuqarosi oʻz holiga tashlab qoʻyilmaydi.
Barchangizga yaxshi maʼlum, dunyoda ikki soha vakillari oʻz kasbiga sadoqat borasida qasamyod qabul qiladi: bular – Vatan himoyachilari boʻlgan harbiylar va inson salomatligiga masʼul shifokorlar. Buning bejiz emasligini bugun hayotning oʻzi tasdiqlamoqda. Muqaddas qasamyodiga sodiq boʻlgan shifokorlarimiz hozirgi murakkab vaziyatda, kerak boʻlsa, aziz jonlarini fido qilib, qahramonlarcha mehnat qilmoqdalar».
Aziz yurtdoshlar! Ushbu sinovli damlardan ham shukrona bildirib, sabrli boʻlib, eson- omon oʻtib olamiz, deya tilak bildirib qolaman. Fursatdan foydalanib, barchangizni qutlugʻ shodiyona – Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 29 yilligi bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman.
Hilola NIQADAMBAYEVA, pedogogika fanlari nomzodi, dotsent