Maktabda oʻqigan kezlarimizda rivojlanayotgan mamlakatlar deya oʻrgatilgan Tailand Osiyo qitʼasiga kirsada biz Sharqliklardan tubdan farq qiladi.
Oʻzbekiston mustaqilligidan keyin ikki mamlakat oʻrtasida turli iqtisodiy madaniy aloqalar yoʻlga qoʻyilib, u yanada faollashganligi, oʻziga xos tabiati, tibbiyoti, turmush tarzi va dunyo koʻrishga boʻlgan qiziqishimiz tufayli u yerga intildik. Shuningdek, tailandliklarning oʻziga xos xalqona malhamlari borligi, Genneslar kitobiga kirgan Siam bogʻlari mavjudligi va ular mashhurligi biz doʻstlarni u yerga chorladi..
Doʻstimiz Rahima opa men tugʻilgan kunimni biror xorijda koʻngilli doʻstlar davrasida oʻtkazishni orzu qilayapman deya tashabbus koʻtardi. Biz toʻrt dugona yoʻlga otlandik.
Tailandning markazi Bangkok aeroportigacha Toshkentdan olti soatlik yoʻl ekan. Kechasi samolyotga chiqib ertalab manzilga yetib oldik. Samolyotda yoʻlovchi kamligidan bamalol uxlab dam olib yetib keldik. Belgilangan mehmonxonaga yoʻl olar ekanmiz, shaharning oʻziga xosligini tomosha qilib borish zavqli edi. Yoʻl chekkalaridagi ibodatxonalar ham doʻkonlar ham hatto gʻiz-gʻiz oʻtayotgan mashinalar ham rang-barang yorqin tillaranglar bilan bezatilgan. Yoʻl oʻrtalarida vafot etgan prezidentiga qoʻyilgan xotirlash joylari yorqin rangli gullar bilan choʻlgʻangan. Mamlakat ahli davlat rahbarining xotirasi uchun bir yillik matom eʼlon qilgan ekan. Deyarli har bir bekatda xotirlash maydonchalarini kuzatish mumkin. Bu ham xalqning oʻz yetakchisiga boʻlgan sadoqatining oʻziga xos ramzi.
Faqat bir narsa bizning mamlakatga uygʻun edi. Bu xalqning ochiq chehra va xushkayfiyat bilan savollarga javob berishga intilishi sharqliklarga oʻxshab ketardi. Biz buni mehmonxonaga kelib uxlab qolganimizda yaqqol sezdik. Kelib yuvinib olibmiz-u uxlab qolibmiz. Bir payt pilesosning guvillagan tovushidan uygʻonib ketdim va yoʻlakka chiqdim. Xonani tozalaydigan ayollar taʼvozi bilan, qoʻllarini juftlab salomlashdi. Va bir-biriga qarab tirjayib qoʻyishdi. Bildimki, ataylab tozalagichni ishlatishgan va bizni yoʻlga chorlashgan. Biz sayohat ishqibozlari mehmonxonaning ayvonli hovlisida choy ichib yoʻlga tushdik.
Ularning oʻziga xos urf-odatlari bizni juda qiziqtirdi. Ular hech qachon qoʻl berib koʻrishmaydi. Qoʻlni juftlab tavozi qilib salomlashishadi. Boshni esa juda muqaddas bilishadi. Birovning boshiga qoʻl tegizish yoki silash mumkin emas. Bu hurmatsizlik hisoblanadi. Uxlab yotgan kishining bosh tomoniga oyoq uzatib oʻtirish ham mumkin emas. Massaj qilish zarur boʻlsa, uzr soʻrab ruxsat olishar ekan.
Shuningdek, bu yerda ramzlar shu darajada koʻp-ki, eslab qolish amrimahol. Sigirboshli odam haykali narkobaronni bildirar ekan.Ular bu ramzlarni ana shu kulfatdan asraydigan ezgulik deb anglashar ekan. Mushuklar-suyuqoyoq qizlarni ifodalar ekan. Shuning uchun ular mushuklarning dumini qirqib, qoʻyishar ekan. Kuchuk esa ichkilikbozlikka roʻjoʻ qoʻygan odam timsoli ekan. Odamlar oʻrtasida ichkilikka koʻngil qoʻyuvchilar koʻpaymasin deya itning ham dumini qirqib qoʻyishar ekan. Shuning uchun ular uyida kuchuk, mushuk asrashmaydi. Bu yerda maymun boshli odam timsoli aks etgan haykallar har qadamda uchraydi. Ular nazdida bu haykal — qudratli askar jangchi timsoli boʻlib, u turgan joy xavfdan xoli boʻladi deb ishonishadi.
Ularning tafakkurida erkakning ruhiyati ayolning ruhiyatidan yuqoridir. Agar ikki qavatli avtobus boʻlsa ayollar odob saqlab erkaklarning oldidan kesa oʻtmaslik uchun balandga chiqmaylar. Urf-odatlar boshqa, qonun boshqa albatta. Albatta bular qonunlarda belgilanmagan, xalqning oʻziga xos urf-odatlari, irim-sirimlaridir. Mana shu timsollarning aksariyatini xon saroyida koʻrish mumkin.
Bangkok biz oʻylagandan ham katta shahar ekan. Poytaxtda 5,5 million aholi yashaydi. Uning eng sayohatbop joyi bu yerda yashab oʻtgan xonlar saroyi boʻlib, uni Oltin saroy (Grand palas) deb atashadi. Bu joy bizga “Anna va qarol” filmidan tanish. Darhaqiqat, 4 gektar yerni egallagan saroy dabdabali va oʻziga xos boʻlib, tilla rangda jilolanadi. Ekskursiya yetakchilarining aytishicha, bu yerdagi bezaklarning 70 foizi tilladan ishlangan ekan. Oʻttiz bitta saroy va pavilionlardan iborat ushbu tarixiy obidaning meʼmoriy tuzilishi, bezaklari bir birini takrorlamaydi. Ayniqsa, ularda turli maʼnoni ifoda qiladigan timsollar-haykallari bir-birini mantiqan toʻldiradi. Podshoh saroylarining eshigi tagida yomonlikdan asraydi deb hisoblanadigan dev boshli, dev kelbat jangchi ramzlar qoʻyilgan. Ayollari yashaydigan saroylar oldi goʻzal siyratli yarmi qiz yarmi qush qoʻrinishdagi farishtalar haykallari bilan yasatilgan. Yana birida bahaybat sher boshli odam-haykallar devorlarga, goʻyo saroy ahliga tirgavuch boʻlib turibdi.
Eng qiziqarlisi bu yerga kalta koʻylak, shoʻrtiklarda kirish mumkin emas. Bu qadriyatlarga hurmatsizlik hisoblanadi. Eshik tagida uzun lozimlar, oʻraladigan kiyimlar sotilar ekan. Biz sayyohlar quyosh taftidan qochib uzun-uzun yengli kiyimlar kiyib olgan edik. Ular bizning kiyinishimizni koʻrib xursandligini minnatdorligini bildirishdi. Albatta, borgan mamlakatingizning urfu odatini hurmat qilsangiz bu yaxshi-da. Oʻzining xalqi bu saroyga gurros-gurros kelishi, qoʻlida bayroqcha ushlab bir joyga toʻplanishi va ibodatxonasiga kirib ibodat qilib shamchiroqlar yoqishlarini hayrat bilan kuzatdik.
Shuningdek, tarixiy muzeyida boʻldik. Muzey soʻzi ularda ham muzey deb ishlatilar ekan. Umuman uygʻun boʻlgan internatsional soʻzlar koʻpligi yaxshi ekan. Yemakxonaga, restoraniga kirsangiz chek desangiz ular darhol hisob-kitobni olib kelishadi.
PATTAYYa. Ertasiga biz umman boʻyidagi kurortlar shahri Pattayyaga qarab yoʻl oldik. Yoʻllari juda ravon, mashina qilt etmaydi. Haydovchi yoʻl-yoʻlakay maxsus maskanlarda toʻxtab, xuddi Hindistondagidek yoʻl pulini toʻlab ketyapti. Mehmonxonadan bizga taksi chaqirib berishgan, shofer anchagina sergap ekan, inglizcha, taycha gapirib imo- ishoralar bilan soʻzlashishga harakat qilardi. Men Tailand,” siz kim?” soʻradi bizga qarab. Oʻzbekiston degan javobni eshitgach, birdan ruhlanib ketdi: O boks! Kubani yutdi, dedi u. Mamlakatimizni, bugun ertalab eʼlon qilingan xabarni bilishidan uning boksning ishqibozi ekanligini angladik. Sport mamlakatni jahonga tanitishini yana bir karra his qildik.
Yoʻlning ikki chekkasidagi bugʻdoyzor-u sholizorlarni, polizlarni kuzatar ekanmiz, dalalar oʻrtasida ham sanamlar qoʻyilib bezatilgan joylar mavjud edi. Har yer har yerda sanamlarini huddi Hindistondagidek bezab qoʻyishibdi. Bu koʻzdan-suqdan asraydi deb tushintirishadi ular. Bu yerdagi daraxtlar subtropik mamlakatlarga xos boʻlib, mevalari ham bizning mevalardan anchagina farq qilardi. Derazadan lip-lip oʻtayotgan kokos, ananas, ajdarho koʻzi, bananzorlar, papayazorlar eʼtiborni tortadi. Ular ham ham oʻziga xos goʻzallik baxsh etib turardi.
Bizning mamlakatda inson qoʻli bilan yetishtiriladigan poliz sabzavotlari koʻp. Bu yerlarda esa bir ekib qoʻysang bas oʻzi oʻsib yotaveradigan daraxtlar koʻpligi bilan ajralib turadi. Inson biror joyga borsa, albatta beixtiyor oʻzining qadrdon yurti bilan taqqoslaydi.
Yoʻllarning ikki chekkasidagi har bir binoning oldida moʻjazgina ibodatxonalar mavjud boʻlib, xuddi Hindistondagidek yorqin ranglar, xushboʻy giyohlar bilan bezatilgan. Yoʻlboshlovchining aytishicha, sanamlar ularning xudosi emas. Ular avval oʻtgan avliyolar boʻlib, qudratli kuch borligiga ishonishar ekan. Biroq irim-sirimlari biram koʻpki, ularni xuddi rivoyatdek eshitaverasiz.
Bu suhbatlarni tinglar ekanman, jahon kezish, turli xalqlar bilan, ularning turmush tarzi bilan tanishish, insonning dunyoqarashini oʻstirishiga oʻz yurtining qadrini yanada chuqurroq anglashini his etaman.
Pattayyaga yaqinlashgan sari baland-baland manzarali daraxtlar qiygʻos gullagan magnoliya daraxtlarining rang barangligi va gullarining xushboʻy ifori dilni yayratadi.
Yer osti muzeyi. Pattayyada rus turistik tashkilotlari juda koʻp ekan. Rus tilida chop etilgan reklama qogʻozlari ham talaygina, hatto ruscha-taycha soʻzlashgichlar tuzilgan. Ularni magazinlar, oshxonalar oldida tekinga olish mumkin. U reklamalarga qarab bu yerda koʻpgina magazinlarga tekinga taksi chaqirib berilishini tushindik. Biz aloqa bogʻlagan tashkilot toʻrtta magazinga tekinga olib bordi. Terini qayta ishlab, soʻmka tikadigan fabrika va uning magaziniga, shuningdek, teri va mexdan ustki kiyimlar sotadigan magazinga, Shveysariya soatlari magazini hamda marjon va kumushdan iborat zeb-ziynatlar magazini.
Bizga kumush va turli xil qimmatbaho toshlardan tayyorlangan zeb-ziynatlar magazinidagi xizmat juda maʼqul keldi. Avvalo bizni yer ostidan oʻtkazilgan temir yoʻlli mashinada gʻor — muzeyni tomosha qildirishdi. Boshlovchi rus tilida manzaralarga izohlar berib bordi. Tailandliklarning antik davrdan bugungacha hunarmandchilikni taraqqiy qildirish yoʻlidagi say- harkatlari juda chiroyli va sodda qilib ifoda etilgan edi. Mamlakatda hunarmandchilikning 9 turi rivojlangan ekan: toʻqimachilik, zargarlik, terini qayta ishlash, kulolchilik va boshqalarini bir bir koʻrsatib oʻtdi. Dastlab qimmatbaho toshlar oddiy yoʻl bilan qazib olinganligi aks etgan manzaralarni tamosho qildik. Bu borada taraqqiyot va bugungi texnika — texnologiya bir-bir koʻrsatib oʻtildi. Eng oxirida tayyor mahsulotlar zaliga keldik. U yerda turli xil ramzlar muzeylarda koʻrganimiz, shohlarga xos va oddiy kishilarga xos zeb-zinatlarni namoyish qilishdi. Gʻor-muzeydan keyin zeb-ziynatlar tayyorlanayotgan zamonaviy sexga olib kirishdi va undan magazinga olib chiqishdi. Savdo-sotiqda ham turli tillarni biluvchi xodimlar hoziru nozir. Biz albatta rus tilida muloqot qildik. Soʻngra kofe, kakao, chay bilan mulozamat qilishdi. Yana bir xizmati bor ekan. Agar maʼlum summadan ortiq narsa sotib olsangiz aeroportda qisman qaytarib berishar ekan. Magazinda ham hammasini garantiya berib pasportlarni olib rasmiylashtirishyapti. Soʻngra yana tavoze bilan eshikkacha olib kelib, mashinaga oʻtkazib kuzatib qoʻyishdi.
Bu yerda menga yoqqani shu boʻldiki: ham mamlakat tarixi, buguni bilan tanishtirishyapti ham tadbirkorlikni amalga oshirayapti. Mahsulotini sotayapti. Pirovardida tashviqot bilan iqtisodiyot uygʻunlashib, mamlakatni tanishtirish va iqtisodiyotini kuchaytirishga munosib hissa qoʻshilyapti. Keyingi paytda mamlakatimizda turizmni rivojlantirishga katta eʼtibor berilayapti. Bu oʻrgansa arziydigan tajriba ekan. Bizning madaniyatimiz hunarmandchiligimiz juda rang-barang va ulugʻvor.
Siam bogʻlari(Mini Siam). Biz dunyo moʻjizalari jamlangan Pattayyadagi Siam bogʻlariga bordik. U yerda Yevropa Amerika, Avtraliya va Osiyo mamlakatlaridagi gʻaroyib obidalardan 40tasining nusxalari aks etgan. Masalan, suv oʻrtasiga qurilgan Amerikaning Ozodlik haykali, Parijning mashhur Eyfel teleminorasi, Italiyadagi antik davrga oid sport oʻyingohi, Misr piramidalari, Avstriyadagi Joxan Straus xotirasiga qoʻyilgan manument, Rossiyaning Volgagrad shahridagi Ikkinchi jahon urushi askarlari xotirasiga qoʻyilgan yodgorlik, Kanadagi hundular davridan qolgan qasr, Braziliyadagi Iso paygʻambarga qoʻyilgan dunyodagi eng katta haykal, Erondagi otashparastlar davridan qolgan yodgorliklar kabi Xitoy, Koreya, Turkiya, Britaniya, Belgiya va boshqa mamlakatlarning mashhur obidalarining nusxalari yaratilgan.
Ikkinchi tomonida esa Tailanddagi ibodatxonalar, manzarali joylar, qadimiy obidalar, zamonaviy betakror qurilmalar, tabiat moʻjizasi boʻlmish gʻorlar aks etgan 57ta ziyoratjoylari ifodalangan.
Bu bogʻni kezib dunyodagi mashhur maskanlar bilan tanishasiz. Tailandni esa yanada yaxshiroq bilib olishingizga koʻmaklashadi. Inson qoʻli, aql-idroki bilan yaratilgan moʻjizalar bilan tanishib hayratlanasiz. Ularning har biriga taycha va ingliz tilida izohlar berilgan. Bu moʻjizalar bilan tanishar ekansiz, beixtiyor Quroni karimdagi Ollohning “Insonni yer yuziga sarvar qilib yaratdim” degan soʻzlarini eslaysiz. Yetti gektar yerni egallagan ushbu bogʻni toʻrt soat aylandik.
Oʻsha joylarda Oʻzbekistondan ham yodgorliklar bormikan deb rosa izladik. MDH dan faqat ikki joy kiritilgan edi. Biri Kreml maydonidagi saroylardan biri, ikkinchisi Rossiyaning Volgagrad shahridagi ikkinchi jahon urushi askarlari xotirasiga qoʻyilgan yodgorlik edi.
Rus yoʻl boshlovchisi Anya bilan sayohat. Raxima opaning tugʻilgan kuni biz maxsus ekskursiya uyushtirdik. Ruslarning turistik tashkilotidan Anya bizga yetakchilik qildi. U turistik tashkilotlar bilan shartnoma asosida ishlar ekan. U bizni Tailandning qishloq xoʻjaligi, ishlab chiqarishi, urf odatlari bilan tanishtirdi.
Sayohatni ananas yetishtiriladigan dalalardan boshladik. U oʻsimlik xuddi yurtimizda ayni kunda tropik mamlakatlardan keltirilgan boʻyi bir metrdan oshmaydigan manzarali oʻsimlikka oʻxshab oʻsar ekan. Ananas mevasi esa xuddi gulga oʻxshab oʻsimlik oʻrtasida ochilarkan. Bir tupdan 3-4 ananas olish mumkin ekan.
Uni alohida parvarishlash, sugʻorish shart emas ekan. Xuddi ona qarnidagi goʻdakka oʻxshab toʻqqiz oyda pishib yetilar ekan. Plantatsiyani tomosha qilgach, bizni ananas bilan mehmon qilishdi.
Anyaning aytishicha ananasning 30dan ortiq turi bor ekan. Lekin asosan uchga boʻlinar ekan. Erkak ananas toʻq sariq, ayol ananas och sariq, yemishlik ananas esa qattiqroq boʻlib u koʻpincha konserva qilinadi. Ananas koʻchati 14 asrda Braziliyadan olib kelingan va boyvachchalarning dasturxonida boʻlgan, xalos. Uch asr oʻtib, yoppasiga koʻpaytirila boshlangan. Hozir ananas plantatsiyalari koʻp boʻlib, mamlakat iqtisodiyotiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan ekan.
Xram Sat Yan. Mamlakatda 41ta taycha ibodatxona bor. Ularning yettitasida tatirovka qoʻyishadi. Tatirovka orqali yaxshi ovura ochiladi deb hisoblashadi. Monaxlarda esa ikki tatirovka mavjud. Ularcha qizil rang ruxlarning ramzi hisoblanadi. Shuning uchun monaxlar qizil rangli neʼmatlarni isteʼmol qilishmaydi, deya tushintirdi Anya.
Ularning yana bir goʻzal urf- odatini hikoya qildi. Monaxlar xafa boʻlsa koʻlga, tabiat qoʻynidagi suvlarga borishar ekan. Baliqlarga uzoq tikilib oʻtirishadi. Ularga yemish berishadi. Asabi tinchlanguncha oʻtirib yaxshi kayfiyat bilan uyga qaytishadi. Yomon kayfiyatda uyga kirib borish mumkin emas deb hisoblashadi monaxlari. Baliqli koʻlmak va diqqatni toʻplab oʻtirish ovurani yaxshilaydi, atrofingdagilarga ozor yetkazmaysan, dedi ular.
Monaxlari xuddi tibetliklar kabi roʻdapoga oʻralib yurishadi. Biroq u qizil rangda emas, toʻq sariq rangda boʻladi. Shuningdek, ular qizil rangli mevalarni yeyishmaydi. Masalan, bu yerda ajdarho koʻzi deb ataladigan qizil mevani yeyishmaydi.
Ular ham butlarga sigʻinuvchilarga oʻxshab, xramdagi maʼbudlarning oldiga choʻchqa boshi, guruch, baliq, ichimliklar qoʻyishadi. Bu qut-baraka keltiradi deb hisoblashadi.
Ertasiga u neʼmatlar axlatga tashlanadi. Uvol boʻladi. Nima deymiz urf-odatda! Taylandliklar odam dunyoga yetti marta keladi deb ishonishadi. Bu ibodatxonada rasmga tushish mumkin emas. Yomon ruxlar yurakingizga kirib qoladi deyishadi. Muzeyga kirganlar qoʻngʻiroqni bir yoki uch marta bong urib chalish mumkin ekan. Uni koʻpaytirishi yoki kamaytirishi mumkin emas.
Sid Xaxa ibodatxonasi. Ularda maʼbudlar Iso paygʻambardek avliyolar. Samoda qudratli kuch borligiga ishonishadi, deya hikoya qiladi Anya. Avliyo Sid-Xaxa tugʻilmasdan burun onasi tush koʻradi. Tushida turmush oʻrtogʻi yaʼni yurt podshohining tanasi oltinrang boʻladi. Avliyolarni huzuriga yigʻib, taʼbirini soʻraydi. Tugʻiladigan farzandingiz dunyoga mashhur odam boʻladi deyishdi ular. Chaqaloq Hindistonda onasi tushida koʻrganidek tanasi oltinrang tusda tugʻiladi. Boshi tuxumsimon boʻlib, tepasida doʻppaygan nishona bilan dunyoga keladi. U kun sari oʻsib ulagʻayadi. Moʻjizalarga boy bola boʻladi.
Yetti qadam tashlasa ortida gullar ochiladi. Goʻdak yurgan yoʻllarida xushboʻy iforlar taraladi. U saroyda kamol topadi. Mukammal tarbiya beriladi. Biroq , hech qachon saroydan tashqariga chiqmagan boʻladi. Yigirma uch yoshida birinchi marta saroydan tashqariga chiqadi. Ana shunda kambagʻallarni, och-yalongʻoch kun kechirayotgan nochorlarni koʻradi. U darhol tilla aravadan tushib, nochorlarga yordamga intiladi. U 29 yoshigacha saroydan odamlarga yordam berish uchun tez-tez chiqib turadi. Biroq, bu yoʻl bilan qashshoqlikni, yomonlikni kamaytira olmaydi. U tenglikni, hamma goʻzal yashashini istaydi. Biroq unday imkoniyatni topa olmaydi.
Nihoyat dunyodan koʻngli qolib, saroydan butunlay ketib kimsasiz changalzorda yashay boshlaydi. Tezda kuchdan qoladi, terisining rangi oʻzgaradi. Oʻziga kelish va yana odamlarga yordam berish uchun ikki yildan soʻng uyiga qaytadi. U saroyga yigirma besh nafar avliyo boʻla oladigan yoshlarni toʻplab, ularga ezgulikdan dars berib yaxshilik urugʻini tarqatish maqsadida mamlakat boʻylab yuboradi.
Sid Xaxa ibodatxonasida uning tugʻilishidan tortib oxirgi damigacha boʻlgan faoliyati yetti davrga boʻlib aks ettirilgan. Uni uxlayotgan budda ham deyishadi. U eramizdan oldin 543 yilda yashab oʻtgan deyiladi va mamlakatda 10 may uning tugʻilgan kuni sifatida nishonlanadi. Yana uni jismi oʻlgan oʻzi yer yuzini tirik kezadi deb oʻylashadi. Chunki, hayoti oxirida dunyoda odamlar teng, bir-biridan kam boʻlmasdan yashashlari uchun oʻzini qurbon qiladi. Yettinchi bosqichda tillarang uxlayotgan maʼbud tasvirlangan. Shuningdek, ushbu ibodatxonada bu dunyoda gunoh ish qilagan kishilar narigi dunyoda qanday jazolanishlari ifodalangan manzaralar ham aks ettirilgan. Masalan, oʻgʻrilik qilgan odamning u dunyoda qoʻli kesilyapti, xarom-xorish yurgan, qotillik qilgan, yolgʻon gapirib birovga zaxmat yetkazgan, tovlamachilik qilgan odamning ahvoli narigi dunyoda qanday jazolanishi tasvirlangan.
Tailandliklar nazarida maʼbudlar Ollohning nazari tushgan, goʻzal xususiyatlarga ega kishilardir.
Giyohlar bogʻi. Undan chiqib, tailandcha anʼanaviy tibbiyot fabrikasiga bordik. U yerda rus ayoli bizga taycha dorilar qaysi giyohlardan olishini koʻrsatib namunali bogʻni namoyish etdi. Koʻpgina giyohlari oʻzimizning yurtdagi giyohlarga oʻxshaydi. Tayyorlash uslublari ham deyarli bir xil. Giyohli choy tayyorlash usullarini tushintirib, choy bilan mehmon qilishdi. Bu yerga kelgan sayyohlar oʻziga kerakli shifobaxsh giyohlarni sotib olishdi.
Ziravorlar fabrikasi. Undan ziravorlarini taʼtib koʻradigan fabrikasiga bordik. U yerda dengiz mahsulotlari bilan mehmon qilishdi. Dengiz chigʻanoklari 33 soat suvsiz yashay olar ekan. Tozalangan ushbu jonivorlar ziravorlar bilan yeyilar ekan. Uni pishirib ham yeyish mumkin. Biroq tozalab ziravorlar qoʻshib yeyilsa koni foyda ekanligini taʼkidlashdi. Xorazmda ijjon degan taom bor, shunga oʻxshab ketadi. Faqat bularda iloji boricha tuz ham qoʻshilmas ekan. Ijjonga esa tuz bilan ishlov beriladi.
Tushlik. Mehmonlarning tanavuliga ham alohida eʼtibor beriladi. Stolga milliy va yevropaning turfa taomlari, turli xil mevalari qoʻyilgan. Hatto bu yerda bizning mamlakatda urf boʻlmagan ilon, qisqichbaqa, timsoh shoʻrvalar, ulardan turli xil ovqatlar, salatlar tayyorlangan. Milliy yaxna ichimliklari oʻziga xos edi. Taomlarga inglizcha va taycha izohlar berilgan. Ming xil taomnomadan taʼbingizga qarab tanlaysiz.
Raxima opaning tugʻilgan kuni bilan shu yerda tabriklab, tailandcha dur taqib qoʻydik. Bir zal toʻla kishilar opamizni qutladi. Tushlikdan keyin zooparkka bordik. Fillar bilan sayohatga chiqib oʻrmonchani aylandik. Fillarning xartumida rasmlarga tushdik. Ikki fil xartumini tutashtirib supacha yasadi. Biz bu supachada bir pas orom olib, estalik uchun suvratga tushdik. Undan keyin, yoʻlbarslar, fillar, timsohlar shousini ketma-ket uchta zalda tomosha qildik. Insonning eng yirtqich hisoblangan yoʻlbars bilan timsohni qanday boʻysundirayotgani hayratlanarli edi. Fillar esa inson bajaradigan baʼzi yumushlarni uddalar edi. Ha, inson nimalarga qodir emas deysiz.
Marshrut taksi yoʻlga tushdi. Sharros yomgʻir quydi. Endi bugun ummonga choʻmila olmas ekanmiz deb afsuslanib turgandik. Pattayyaga yetib kelguncha yomgʻir tinib, osmon yorishdi.
Sayohatdan kelib ummanda choʻmildik. Uyda dengizning shifobaxsh tuzidan vanna qabul qilardik. Bu yerda tabiiy vanna turibdi. Uni qoldirib boʻlarmidi. Sayohat aʼlo, qancha ajoyibotlarni koʻrdik. “Yashasin Mustaqil Oʻzbekiston”, deya xonamizga yoʻl oldik.
Turizm va tadbirkorlik yonma yon. Bu haqida alohida hikoya qilishni maʼqul koʻrdim. Chunki bu ham ziyorat, ham sayohat, ham tijoratni oʻzida umumlashtirgan.
Bu yerda sayyohlar uchun turli xil oʻzlarida ishlab chiqariladigan sanoat mahsulotlari sotiladigan magazinlarga olib borish sayohatlik kompaniyalari tomonidan tekin uyushtiriladi. Magazin va oshxonalarining oldida reklama qogʻozlari boʻlib, ular tekinga tarqatiladi. Sayohat byurosi xodimlari sizni mehmonxonadan olib ketadi va yana olib kelib qoʻyadi. Reklama qogʻozlarida ana shunday magazinlardan 11 tasi koʻrsatilgan ekan. Ulardan bir nechtasiga bordik. Ustki qiyimlar sotiladigan magazinidagi palto, plash va kurtka va boshqa kiyim- kechaklar bari tabiiy teridan tayyorlangan. Ular timsoh, ilon, hatto qurbaqadan tayyorlangan suvenirlar ham mavjud edi. Yana biri zebi ziynat fabrikasi boʻlib, u ham oʻziga xos edi. Tailandcha xalq tabobati aptekasi ham oʻziga xosligi bilan ajralib turadi. Esklyuziv markaz ”Otop” da uchta yoʻnalishda savdo-sotiq qilinar ekan. Zeb-ziynat fabrikasi va magazini, lateks magazini va milliy suvinerlar. “Vovan shoʻp”mazazinida esa ekzotik hayvonlar- timsoh, mol, kobra, piton, straus hatto qurbaqalar terilaridan tayyorlangan turli xil soʻmkalar mavjud edi.
Hech narsa sotib olmasangiz ham ularni tomosha qilish zavqli. Chunki, u yerdagi barcha narsalar xuddi muzeydek gid yordamida tushintirilib tavsiya qilinadi. Ular nihoyatda sifatli va qimmat edi. “Lukdod” magazinida esa tabiiy teri va ipakdan tayyorlangan kiyim –kechaklar va turli xil suvinerlar bilan xarid qilishingiz mumkin. Eng asosiysi bularning bari tabiiy narsalardan tayyorlangan. U yerda zamonaviy kiyim — kechaklardan tortib tub aholining milliy liboslarigacha tabiiy matolardan edi. Bu yerga buyurtmalar koʻp boʻladi shekilli bizni olib ketgan oʻn kishilik mashina yoʻl-yoʻlakay yana bitta mehmonxonada toʻxtab sayyohlarni oldi. Sayyohlarni kuzatamiz qimmat boʻlishiga qaramasdan esdalik uchun nimadir sotib olishga intilishayapti. Bu ham turizm bilan tadbirkorlikning uygʻunlashgan uslubi ekan. Chunki, kompaniya oʻz mamlakatining ishlab chiqarishi, milliy urf –odatlari bilan tanishtiryapti, diyorini goʻzal bir qiyofada targʻib- tashviq qilayapti va nihoyat undan manfaat koʻrayapti. Daromad olayapti.
Mamlakatning oʻziga xos mevalari. Mening odatim borgan mamlakatning oʻziga xos mevalarini taʼtib koʻrishni xush koʻraman. Darhaqiqat, Oʻzbekistonda oʻsmaydigan oʻziga xos mevalari juda koʻp ekan. Masalan, Mangustin(Mang Kut). Uning poʻstlogʻi toʻq fioletovoy rangda. Uning ichida sarimsok donachalariga oʻxshash oppoq, sersuv, yumshoq meva mavjud. Uning poʻsti tarvuznikidek qattiq pichoq bilan ikkiga boʻlib tozalanadi. Qoʻl bilan archsa ham boʻladi, biroq biroz qiyinroq. Ushbu meva oftob urishining oldini olar ekan. Oftob urganda chiqadigan haroratni pasaytirar ekan. Ollohning moʻjizasini qarang, shifo tabiatning oʻzida!
Rambuton(Ngo). Olxoʻri kattaligidagi qizil rangli bu mevani ham poʻstini archib yeysiz. Ichida oppoq uzum mevasiga oʻxshash shirish yumshoqqina neʼmat bor. Uni mevasini olish uchun qoʻlda ham pichoqda ham boʻlsa boʻladi.
Mango(Mamo uon). Mevasi sersuv, yumshoq xuddi kichikroq qovunni eslatadi. Biroq, ichida katta va qattiq danagi bor. U shaftoli danagiga oʻxshab yeyilmaydi.
Lichi(Lin chi). Bu taylandliklarning eng sevimli mevasi hisoblanadi. U dumaloq, qizil rangli, sersuv, ichida qattiq qora danakli oʻta yaqimli taʼmga ega meva. Poʻstini tirnoqni kiritib archish ham mumkin.
Longon(lam -yay). U uzum donachalaridek kattalikdagi och kul rang togʻ olchasini eslatuvchi meva. U Pattayya koʻchalarida ham Palma daraxtiga oʻxshash oʻsimlikda uzumdek gʻuj-gʻuj boʻlib oʻsadi. Ichida mitti uzumnikiga oʻxshigan qora danagi bor. U yeyilmaydi.
Pomela(Som-o). Grepfurtga oʻxshaydi. Biroq pustini ajratish qiyin. Juda qattiq.Uning ichi qizgʻish va sargʻish tusda. Poʻsti koʻklari juda suvli, sargʻishlari banandek suvsizroq boʻladi.
Ajdarho koʻzi (Keo-mang-ko). Meni juda qiziktirgan ushbu neʼmatning poʻsti qip-qizil, yashil barglari ham yonidan chiroyli boʻlib chiqib turadi. Qovun poʻchogʻini archgandek archib yeysiz, ichida sedana sepilgandek qovun rangidagi mevasi mavjud. Biroq, taʼmi qovundek emas, oʻziga xosligi bor. Menga juda yoqdi. U yurakka quvvat berar ekan.
Shakarli olma(Noy-na). Semerenka olmasiga oʻxshab ketadi, biroq, undan biroz kattaroq va poʻsti qalinroq, uni ikkiga boʻlib qoshiqcha bilan mevasini yeyish kerak boʻladi. Chunki, juda yumshoq, oʻta pishib ketgan Xorazmning gurvak qovunini eslatadi.
Durian(Turi-an). Tailandliklar uni mevalarning sultoni hisoblashadi. Juda yeyimli va kuchli kaloriyaga ega. Oʻzining yaqimli taʼmi va hidi bilan mashhur. Bozorning oʻzidayoq yegan maʼqul. Uni yeganda shirin kremning taʼmi keladi. Poʻstini qoʻl bilan archsa boʻladi, kulrang gʻidir-budir qobigʻi ichidan sargʻish mevalari chiqadi. Uni koʻproq yeb qoʻyilsa, haroratni koʻtarib yuboradi. Hamma narsada myoyeyor yaxshida.
Bu mevalarning aksariyati baland-baland palmaga oʻxshash daraxtlarda oʻsadi. Ushbu mevalarning oʻziyoq mamlakatning oʻziga xosligini anglatib turibdi. Mevalarni nomini tilga olganda eʼtibor bergan boʻlsangiz, tailandliklar soʻzlarni boʻlib boʻlib talafus qilishadi. Ularda 48ta tovush bor.
Oʻzbek milliy taomlari restorani. Oʻzga mamlakatga borganda oʻz yurting haqidagi gaplar juda qiziqtiradi. Reklamalar orasidan “Karavon” oʻzbekcha — ruscha taomlar restorani deb yozilgan reklama bukletini oldik. U yerni koʻrish istagida izladik. Shundoqqina biz joylashgan mehmonxonaninng yonida ekan. Darhaqiqat, u yer oʻzbekona bezatilgan. Milliy kashtali dasturxonlar, suyanib oʻtirishga yostiqlar qoʻyilgan. Restoran kichkinagina moʻjazgina boʻlsada, xuddi yurtimizni koʻrgandek boʻldik. Bizga huzurbaxsh kayfiyat bagʻishladi. U yerda 67 xil oʻzbekona taomlar tayyorlanar ekan. Palov, samsa, lagman, beshbarmoq, kurdik, xonim xullas bari Oʻzbekistonni eslatadi. Oshpazlar-u xizmat koʻrsatuvchilar bari tailandliklar ekan. Biz bir-birimizni tilimizni bilmasakda, menyuga qarab kerak ovqatni buyurtma berdik va restoran boshqaruvchisini soʻradik. U ketayotganimizda kelib qoldi. Boshqaruvchi Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universitetida oʻqigan samarqandlik yoshgina yigit ekan. Bizni koʻrib u yigitchaning ham koʻzlari chaqnab ketdi. “Oʻz tilingda gapirishadigan kishilarni koʻrish naqadar yoqimli” dedi beixtiyor. Yigitchaning bu yerga kelganiga ikki yil boʻlibdi. Qisqa davr ichida mahalliy xalqning tili va madaniyatini oʻrganib olibdi. Darhaqiqat tadbirkor va isʼtedodli bolalarimiz juda koʻpligi bizni xursand qildi.
“Karavan” restoranining asosiy maskani Bangkokda joylashgan boʻlib, ushbu filial esa deyarli 7 yildan beri ishlayotgan ekan.
Bizning sayohatimiz ham, ushbu restoran ham Oʻzbekiston mustaqilligi, mamlakatlararo doʻstlik, iqtisodiy — madaniy aloqalar sharofatidir.
Raʼno Zaripova,
Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist