Biz oʻzbeklar ajoyib xalqmizda. Yillar davomida qiynalib, pul jamgʻaramiz-u, uni bir kunda sarf etamiz. Toʻydan keyin goʻshtsiz ovqat yesak-da, qoʻni-qoʻshni, tanish-bilishlar maqtovidan bir qop semiramiz.
Boshqa xalqlardan farqli ravishda oʻzbekning toʻyi fayzli va oʻzgacha shukuhda oʻtadi. Lekin bugungi kunda mana shu fayz va shukuhga ortiqcha dabdaba va harajat yuklanmoqda. Turli xil chet eldan kirib kelgan odatlarni-ku gapirmasa ham boʻladi. Agar chiroyli turmushni dabdabali toʻy taʼminlab berganda edi, odamlar bor-budini sotib boʻlsa ham baxtli boʻlgan boʻlishardi. Afsuski, bir kunlik toʻy baxtli hayotni taʼminlab berolmaydi.
Hisob-kitoblarga koʻra, 1 ta dabdabali toʻyning puliga mashina, hatto, uy sotib olish ham mumkin ekan.
Orzu-havas deymiz, ikki yoshning koʻngli deymiz, ammo orzu-havas ortidan yillar davomida qarz toʻlashga mahkum ota-onamizni oʻylamaymiz. Toʻyda yuzlab mehmonlarning qornini toʻydiramiz-u beva-bechora, yetim-yesirlarga non berishga ogʻrinamiz.
Nega shundaymiz? Nega shon-shuhrat, maqtovga bu qadar oʻchmiz? Chet el mebeli, sarpo yoki dabdabali toʻy baxt boʻlolmasligini tushunmaymiz. Nega ona qiziga kelinlik odobini oʻrgatishga vaqt qizgʻanadiyu, sarpo yigʻishga erinmaydi? Nega?
Toʻgʻri, hayotdagi ulugʻvor muammolar oldida toʻy muammosi arzimagandek boʻlib koʻrinadi. Lekin, mana shunday arzimagan muammolar keyinchalik katta koʻngilsizlikka aylanishi mumkin. Zirapcha ham koʻzga koʻrinmasdan tanaga sanchiladi, ammo uni vaqtida olib tashlamasa, yiringlab oʻlimga olib kelishi mumkin. Toʻy muammosi ham shunday.
Ayniqsa, biz yoshlar bunga alohida eʼtibor berishimiz, ota-onamizni qiynamasligimiz lozim. Agar biz yuqoridagi savollarni oʻz-oʻzimizga berib, aybimizni tan olib, ortiqcha dabdaba, koʻz-koʻz qilishdan qochsak, toʻylarimiz fayzli, hayotimiz esa farovon boʻladi, aziz tengdoshlar.
Diyora Ergasheva, Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabasi