Toshkent shahar “Bilim” axborot-kutubxona markazi tarixi: Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari

0
1293
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev: Kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish – buyuk maqsadlarimizga erishishning muhim kafolatidir.

Mamlakatimiz Prezidenti taʼkidlaganidek, mutolaa madaniyatini yuksaltirish  buyuk maqsadlarga erishishning muhim kafolatidir. Bunda kutubxonalarning oʻrni beqiyos! Kutubxona bu maʼnaviy boyliklar saqlanadigan hazina, u fan sohalariga oid nashrlar, tarixiy va madaniy qadriyatlar saqlanadigan makon. Insoniyat rivojining maʼnaviy boyliklari asta-sekin kutubxonalarga bosma va qoʻlyozma asarlar namunasi sifatida  kelib tushar ekan, kutubxonalar shu boyliklarni asrab — saqlash va kelajak avlodga yetkazib berish vazifasini bajarib kelgan. Har bir davlat va millatning barqarorligi negizi shu boyliklardan foydalanish samarasiga bogʻliq boʻlgan. Kitobsiz, yaʼni  kutubxonasiz ongli hayot tarzini tasavvur qilish mumkin emas.  Insoniyatning aqliy rivojlanish davri chambarchas kutubxonalar bilan bogʻliq. Kitob paydo boʻlishi  bilan insonning eng yaqin hamrohiga aylandi, usiz hayotni tassavur qilish  mushkul. Kitoblar mavjud ekan, demak uni qayerdadir avaylab saqlash ehtiyoji  yuzaga kelgan. Shu tariqa  birinchi kitob saqlash makonlari – kutubxonalar paydo boʻlgan. Kutubxona nafaqat kitoblarni avlodlardan avlodlarga yetkazib beruvchi maskanligi, balki maʼrifatni targʻib etuvchi, insonni chin maʼnoda komillikka, ezgulikka yetaklovchi maskanligi bilan ham muqaddasdir.

 Mamlakatimizda ham shunday  sharafli vazifani bajarib kelayotgan maskanlardan biri  Toshkent shahar «Bilim»  axborot-kutubxona markazidir. U Toshkent shahrining eng gavjum  dahasi Chilonzor tumanining markazida  joylashgan boʻlib,  mana   84  yildirki  kitobsevar, bilimparvar insonlarga xizmat koʻrsatib kelmoqda.

  1865 yilda Toshkent Chor Rossiyasi tomonidan egallab olingach, 1867 yil Toshkent Turkiston general-gubernatorligining markaziga aylantirildi. Shundan soʻng Toshkent poytaxt maqomini egalladi. XX asr boshlarida Vatanimiz bolsheviklar hukmdorligi qoʻliga oʻtgach, 1930 yilda Toshkent Oʻzbekiston SSR poytaxtiga aylandi.

  Koʻp oʻtmay 1937 yilda poytaxt Toshkentda general gubernator Kuropatkinning yozgi dala hovlisi binosida hozirgi «Bilim» kutubxonasiga asos boʻlgan  birinchi ommaviy kutubxona  tashkil qilingan.  Dastlab uning fondi 10.000 ga yaqin kitobdan iborat edi. Uning  birinchi direktori qilib Estrin Lev  Yakovlevich  tayinlandi.

  Ulugʻ Vatan urushi yillarida ham zamon qiyinchiliklariga qaramay kutubxona faoliyat koʻrsatib kelgan  va  fondini imkon qadar butlashni davom ettirgan. Hozirgacha    «Bilim» axborot-kutubxona markazida tashkil etilgan oʻlkashunoslik xarakteridagi  muzeyda 1941-1945 yillarda fondga kelib tushgan nashrlar saqlanishi koʻp kitobxonlar qiziqishini va eʼtiborini oʻziga jalb etib kelmoqda. 

  «Bilim» kutubxonasining birinchi direktori L.Ya. Estrin bu dargohda 1957 yilgacha oʻz faoliyatini olib borgan. 1957 yildan esa Garmash Antonina Kornilovna direktorlik qila boshladi va shu lavozimda 1970 yilgacha faoliyat koʻrsatdi. Uning oʻrnini 1973 yilgacha direktorlik qilgan Daletcharova Railya Shamsuddinovna egalladi.

1972 yilning sentyabrida kutubxona markaziy shahar kutubxonasi maqomini oldi, bu davrga kelib kitob fondi 48619 nusxaga yetdi.

 1975 yilning sentyabrida Markaziy shahar kutubxonasiga Morozova Zinaida Sergeevna rahbarlik qila boshladi  va shu lavozimda 1979 yilgacha ishladi.  

Shahar kutubxonalarini Markazlashtirish  qaroriga binoan, 1977 yilda «Bilim»  Markazlashgan  kutubxona tizimidagi Markaziy shahar kutubxonasi  maqomini oldi  va u ikki tuman kutubxonasini birlashtirdi, yaʼni  Sirgʻali tumanining oltita kutubxona  filiali va Yakkasaroy tumanining beshta kutubxona filiali birlashdi. Yillar davomidagi faoliyat natijasida ijobiy natijalarga erishildi, yaʼni 1977 yilda kitob fondi 88706 nusxani tashkil qilgan. Oʻn bitta kutubxonani birlashtirgan «Bilim»  Markazlashtirilgan kutubxonalar tarmogʻi sifatida 1994 yilgacha faoliyat koʻrsatdi.

1979 yildan kutubxonaga Sklyar Vera Anatolyevna rahbarlik qildi, 1983 yildan estafeta Tyan Agrafena Borisovnaga nasib etdi va u 1993 yilgacha direktor boʻlib ishladi.

 Mehnatsevar, shijoakor hamda tashkilotchi A.B. Tyan kutubxona  binosini oʻzgartirish maqsadida jonbozlik koʻrsatgan. 1985 yilning yozida «Bilim» (MSHK) Markaziy shahar kutubxonasidagi: rahbariyat, buxgalteriya, butlash va qayta ishlash boʻlimi, uslubiy – bibliografik boʻlimlari yangi binoga koʻchib oʻtdilar. (M. Chilonzor, «S» mavze, № 14 uy.).         1989 yilda Markazlashgan shahar kutubxonalarining birlashishi natijasida xizmat koʻrsatish boʻlimi (abonement va oʻquv zali ) ham shu bino(№14 uy)ga koʻchib oʻtdi.

«Bilim» kutubxonasiga 1993-2008 yillar Yunusova Feruza Anvarovna, 2008-2015 yillarda esa Riʼbkina Svetlana Gennadyevna shu dargohda rahbarlik faoliyatini olib borganlar.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 20 iyundagi “Respublika  aholisini axborot- kutubxona bilan taʼminlashni tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi tasarrufidagi «Bilim» Markaziy shahar kutubxonasi negizida «Bilim» axborot — kutubxona markazi  tashkil etildi.

 Kutubxonaning zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlanishi kutubxonachilarni qoʻl mehnatidan ozod etib, ularni asosiy vazifasi kitobxonlar bilan madaniy-maʼrifiy va tarbiyaviy ishlar olib borishga koʻproq vaqt ajratishga imkon beradi desak mubolagʻa boʻlmaydi. 2006 yili kutubxonada kitobxonlar uchun faqatgina 15 ta kompyuterdan iborat, lokal set va internetga ulangan elektron oʻquv zali tashkil etildi. Aytish kerakki, kutubxonada internetdan foydalanishni yoʻlga qoʻyish, zamonaviy axborot texnologiyalarini jadal joriy etilishi foydalanuvchilarning jahon axborot-resurslariga erkin kirib borishini, izlagan axborotini tez va sifatli olishini taʼminlaydi. Agar aynan shu yoʻnalishdagi raqamlarni tahlil qiladigan boʻlsak, yaʼni 2008 yili kutubxonadagi mavjud kompyuterlar soni 27 ta boʻlgan boʻlsa ayni kunda ularning soni 46 taga koʻpayganining oʻzi ham kitobxonlar uchun yaratilgan imkoniyatlarning yanada yuksalganidan dalolat beradi. Markazda yettita boʻlim oʻz yoʻnalishlari boʻyicha faoliyat koʻrsatadilar.

 Kutubxonaning ayni kundagi asosiy vazifasi qonun qoidalarni amaliyotga joriy etish mamlakatimiz aholisiga va ayniqsa yoshlarimizni axborotga boʻlgan talab va istaklarini zamonaviy axborot texnologiyalariga asoslangan holda tez va sifatli xizmat koʻrsatishni tashkil etishdan iborat boʻlib, bu vazifalarni amalga oshirishda ilmiy-uslubiyat boʻlimining ahamiyati alohida oʻrinni egallaydi. Boʻlim doimiy ravishda ikki tilda kutubxona faoliyatiga doir qoʻllanmalar, yoʻriqnomalar va tavsiyalar ishlab chiqadi va shahardagi barcha mavjud axborot-kutubxona muassasalari faoliyatiga keng tadbiq etadi. Shu bilan birga kutubxonachi mutaxassislarning usluksiz talim olishi boʻyicha kutubxonachilikdagi ilgʻor tajriba maktabi, tuman axborot-kutubxona markazlari va boshqa tizimdagi axborot-kutubxona muassasalari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi ilmiy-uslubiy markaz sifatida ish olib boradi. Shuningdek, ularga turli sohalarga oid metodik-bibliografik qoʻllanmalarni va elektron maʼlumotlar bazalarini yaratadi. Milliy istiqlol gʻoyasi, madaniy-tarixiy qadriyatlarni targʻibot qilish, kitobxonlar bilan ishlash, kutubxona-bibliografik va axborot xizmati koʻrsatish, kutubxona jamgʻarmasini shakllantirish, ulardan foydalanish va saqlashning samarali shakllari va uslublarini ishlab chiqadi va amalga kiritadi.

Markazga kelib tushayotgan ogʻzaki, yozma soʻrovlarni aniq faktlar asosida tezkorlik bilan samarali bajarilishida bevosita axborot-bibliografiya boʻlimi yordam beradi.  Boʻlimda oʻlkashunoslikka oid adabiyotlar sektori mavjud boʻlib,  oʻlkashunoslik boʻyicha nashr etilgan adabiyotlar, turli tipdagi axborotlarni targʻib qiladi. AKM axborot bibliografiya boʻlimi mutaxassislarga, keng aholiga shuningdek barcha kutubxona foydalanuvchilariga maqolalarning sistemali kartotekasi, oʻlkashunoslik kartotekasi, dolzarb mavzular boʻyicha mavzuli kartotekalar tuzib elektron maʼlumotlar bazasini tashkil qilgan holda xizmat koʻrsatib kelmoqda. Bu esa oʻz navbatida kitobxonlarga zaruriy adabiyotlarni, tezkor axborotlarni izlab topish va foydalanishda qulayliklar yaratadi. Maʼlumki, axborot-bibliografik xizmatning toʻgʻri va aniq tashkil qilinganligi uning samaradorligini belgilab berishda muhim omil hisoblanadi.

Darhaqiqat, bosma va ayrim qoʻlyozma asarlardan ommaviy foydalanishni taʼminlovchi madaniy-maʼrifiy muassasa, muntazam ravishda bosma asarlarni toʻplash, saqlash, targʻib qiluvchi ilmiy maskan kutubxona boʻlsa, uni kitobxonlarga yetkazish va  ommaning madaniy saviyasini oshirishda foydalanuvchilarga xizmat koʻrsatish boʻlimi yetakchilik qiladi. Ushbu boʻlim markazning asosiy faoliyatini tashkil etib, uning asosiy maqsadi kitobxonlarning axborot va adabiyotga boʻlgan talablarini tez va sifatli qondirishdan iborat. «Bilim» Axborot kutubxona markazida foydalanuvchilarga xizmat koʻrsatish uchun tashkil etilgan kutubxona abonementi, umumiy oʻquv zali, elektron oʻquv zali, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar ishlar boʻyicha yoshlar bilan ishlash sektorlari orqali  xizmat koʻrsatish yoʻlga qoʻyilgan. 

Kutubxonada milliy qadriyatlar, maʼnaviy-ahloqiy urf-odatlarni keng koʻlamda targʻib qilish, halqning madaniy-tarixiy merosidan bahramand boʻlishni taʼminlash, maʼnaviy boy va barkamol shaxsni ijodiy oʻsishi uchun imkoniyat yaratish maqsadida davlat dasturlari boʻyicha ommaviy ishlar alohida ahamiyat kasb etadi. 

  Axborot-kutubxona markazining Axborot texnologiyalar boʻlimi negizida aholini kompyuter savodxonligini oshirish maqsadida oʻquv kurslari barcha yoshdagi foydalanuvchilarning hamda hamkorlikda faoliyat olib borayotgan litsey, kollej talabalari va maktab oʻquvchilariga bepul tarzda axborot texnologiyalari buyicha bilim va koʻnikmalarni berish faoliyati maxsus reja asosida muntazam yoʻlga qoʻyilgan.

 Har bir soha yoki korxonaning salohiyati, nufuzi va istiqboldagi taraqqiyoti faoliyat olib borayotgan mutaxassislarning oʻz kasbiga boʻlgan sadoqati, bilimi va koʻp yillik tajribasi bilan belgilanadi. Markazimiz boʻlimlarida uzoq yillardan buyon ishlayotgan, kuchli bilimga ega, oʻz kasbining yetuk mutaxassislari faoliyat olib borishadi. Jumladan, direktor oʻrinbosarlari V. Muratova, S. Xudoyberdiyeva, Ilmiy uslubiyat boʻlimi bosh mutaxassisi S.Riʼbkina, Axborot bibliografiya boʻlimi bosh bibliografi Sh. Yunusaliyeva, Axborot kutubxona xujjatlarini saqlash boʻlimi bosh kutubxonachisi N. Chuvayeva, Axborot kutubxona xujjatlarini butlash va qayta ishlash boʻlimi mudiri M. Usmanova, Foydalanuvchilarga xizmat koʻrsatish boʻlimi mudiri M. Inoyatova, shuningdek, D. Raximboboyeva, G.Xodjayeva, T.Salnikova, X.Xurramova, Sh. Otadjonova, M. Mirzaxoshimova, M. Mavlonova kabi kutubxona xodimlari oʻz salohiyatini sohaning istiqboldagi taraqqiyotiga bagʻishlagan holda faoliyat yuritmoqdalar.

Hodimlarning koʻp yillik ish tajribasi, faoliyatga ilmiy va ijodiy yondoshishi, tashkilotchiligi markazimiz faoliyatidagi asosiy koʻrsatkichlardagi ijobiy oʻzgarishlarda oʻz ifodasini topgan. Ayniqsa, elektron kutubxona, elektron katalog yaratish faoliyati, veb sahifaning yangi zamonaviy talablarda yangilanishi, soha  boʻyicha ilgʻor tajribalarni aniqlash, yangi innovatsion gʻoyalar ishlab chiqish, faoliyatga tadbiq etish hamda har yili oʻtkazilayotgan koʻrik tanlovlarda ishtirok etayotgan xodimlar, ayniqsa yosh mutaxassislarning faol xarakati natijasida Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi tomonidan oʻtkazilgan “Axborot — kutubxona muassasasining eng yaxshi mutaxassisi — 2015”, Respublika axborot-kutubxona markazi tomonidan tashkil etilgan 2017 yili “Eng yaxshi axborot kutubxona markazi”  mavzusidagi koʻrik tanlovlarda Toshkent shahri jamoasi faxrli 3 oʻrin soxibi boʻlib, maxsus diplom va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandilar.

 Ayni kunda bizning foydalanuvchilarimiz faqat markazga kelib emas, balki uyida, ishxonasida, oʻquv muasasasi, dam olish joyi kabi turli makonlardan turib ham markazning tarixi, faoliyati, uning tuzilishi, asosiy vazifalari, yangi kelib tushgan adabiyotlar va oʻtkazilgan ommaviy tadbirlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻzida mujassam etgan bilim.natlib.uz. veb-sahifasidan foydalanishi, oʻzining taklifini, munosabatini, axborotga boʻlgan savolini va buyurtmasini qoldirishi mumkin. Oʻz navbatida bu xizmat foydalanuvchilar Internet tarmogʻi orqali oʻziga zarur boʻlgan  axborotni, elektron shakldagi nashrni, qiziqtirgan savoliga javobni  interfaol usullar asosida tashkil etilgan xizmat orqali tez va sifatli olishi uchun yaratilgan qulay imkoniyatdan baxramand boʻlishlari uchun mustahkam zamindir. Bugungi kundagi saytdan foydalanuvchilar soni 100 ming nafardan ortiqni tashkil etayotganligi bizni quvontiradi albatta.

2019 yildan Janubiy Koreya Respublikasining iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik jamgʻarmasi bilan birgalikda “Milliy umumtaʼlim elektron kutubxona”si (UZNEL) loyihasi asosida markazda kitobxonlar talabi asosida kitoblarni raqamlashtirish ishlari olib borilmoqda. Hozirgi kungacha 11269 ta bibliografik yozuv, 5585 ta toʻliq matnli kitoblar, 16672 ta maqolalar kiritilgan. Markazning elektron sayti www.bilim.natlib.uz, Telegram: https://t.me/bilim_akm, Instagram: https://www.instagram.com/ bilim_akm/, Facebook: https://www.facebook.com/bilimakm/, Twitter: https://twitter.com/ AkmBilim, Blog: https://bilimakm.blogspot.com/, Youtube kabi ijtimoiy tarmoqlari orqali zamon talablari asosida muntazam ravishda foydalanuvchilar uchun  yangiliklar, ommaviy tadbirlar, fondga kelib tushgan yangi adabiyotlar asosidagi virtual koʻrgazma va tezkor axborotlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar olish imkoniyati yaratilgan.

Markazda muntazam ravishda kutubxonachilik boʻyicha rivojlangan xalqaro davlatlardan Koreya, Germaniya va Amerika kabi kutubxonalar ish tajribalarini yaqindan oʻrganib boriladi va ularning tajribasi muntazam ravishda ish faoliyatga tadbiq etishga xarakat qilinadi. Foydalanuvchilarga xizmat koʻrsatishning yangi shakl va uslublaridan “Kitob chemadonchasining sayoxati”, “Mobil kutubxona”, “Kitobxon mahalla” kabi yangi loyixalar ishlab chiqilishi va markaz faoliyatiga joriy etilishi keng kitobxonlar ommasiga yanada keng imkoniyatlar eshigini ochgan. Markazda “Kompyuter savodxonligi” oʻquv kursi, “Yosh kadrlarni oʻqitish maktabi”, “Yoʻl-yoʻlakay oʻqiymiz”, “Oilaviy kitob oʻqiymiz”, “Asar qaxramonlarini jonlantiramiz”, “Men muvaffaqiyatli ayolman” kabi loyihalar, “Bir soatdan oilaviy kitob oʻqish”, “Men kitob oʻqishni sevaman”, “Men farzandimga kitob sovgʻa qilaman”, “Bir soatli kitob oʻqish vaqti” kabi aksiyalar faoliyatga joriy etilgan. 

 Markaz mutaxassislari milliy gʻoya va uning uzviy tarkibiy qismlari hisoblangan komil inson, ijtimoiy hamkorlik, millatlararo totuvlik, dinlararo bagʻrikenglik kabi tamoyillarning mazmun-mohiyatini aholi oʻrtasida keng targʻibot ishlarini samarali va maqsadli tarzda “Oʻz huquqingizni bilasizmi?”, “Milliy qadriyatlar tantanasi”, “Mahallaning eng faol kitobxon oilasi”, “Men sevgan kitob”, “Prezident asarlari bilimdoni”, “Mening sevimli yozuvchim”, “Namunali xonadon” kabi tadbirlar, tanlovlar, adabiy musiqali kechalar tashkil etgan holda faoliyat olib bormoqda.

Eng sinovli jarayon yaʼni 2020 yil mamlakatimizda eʼlon qilingan pandemiya davrida “Uyda qoling – kitob oʻqing”, “Barcha qiyinchiliklarni maʼrifat bilan yengamiz”, “Kitobxonlikning onlayn targʻiboti” shiori ostida 8 ta kanal ochildi. Jumladan, “Kitobxon ona va kitobxon bola”, “Kitobxon siyosatchi klubi”, “Faol kitobxon” klublari tashkil etildi va “Bilim intellektual klublari” (@bilimklub) kanali yaratildi. Barcha klublar faoliyatini jamlab kanal saxifasida “Eng yaxshi siyosiy iqtibos”, “Dunyo boʻylab…”, “Til bor ekan – millat barhayot”, “Savodxon kundaligi”, “Kitobxondan tavsiya”, “Tinchlik oliy neʼmat”, “Siyosiy savodxonlik”, “Geosiyosat olami” kabi turli mavzulardagi loyixalar asosida targʻibot ishlari muntazam yoritib borildi.

Shuningdek, masofadan kutubxona xizmatini va kitob targʻibotini kuchaytirish maqsadida ZOOM platformasi orqali “Men muvaffaqiyatli ayolman” loyihasi doirasida “Yangi zamon ayoli – asarlarda va dunyo nigohida”, “Biz giyohvandlikka qarshimiz», Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 29 yilligi munosabati bilan “Ona Vatan bor boʻlsin, toʻrt muchasi sogʻ boʻlsin” hamda «Matbuot-haqqoniy axborot manbai» mavzularida badiiy, maʼnaviy- maʼrifiy kechalarni qiziqarli oflayn/onlayn tarzda qiziqarli oʻtkazilishi axborot-kutubxona muassasalari xodimlari va keng kitobxonlar ommasida katta taassurot qoldirdi.

Shuningdek, zamonaviy axborot texnologiyalari yordamida elektron oʻquv zalida “Norma” – Oʻzbekiston Respublikasi qonun xujjatlari qidiruv tizimining mavjudligi, shuningdek, mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi yangiliklar, olib borilayotgan oʻzgarishlarni hamda dunyodagi yangiliklarni  yangi chop etilayotgan asarlar va vaqtli nashrlar orqali tez va sifatli axborot yetkazish maqsadida «Bilim» axborot-kutubxona markazi 2021 yil davomida 70 nomdan ortiq vaqtli nashrlarga tashkil etilgan obunaning yoʻlga qoʻyilganligi yanada kitobxonlarning sonini ortishiga xizmat qilmoqda.

Taʼkidlash joizki, tinimsiz izlanish va qizgʻin faoliyatimiz natijasida Respublika miqyosida oʻtkazilgan “Eng yaxshi axborot-kutubxona markazi — 2017” mavzusidagi koʻrik tanlovda Toshkent shahri jamoasi faxrli oʻrin soxibi boʻlib, maxsus diplom va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlangan boʻlsa “Axborot-kutubxona muassasasining eng yaxshi mutaxassisi — 2017” respublika koʻrik tanlovida mutloq gʻoliblikni qoʻlga kiritishga muyassar boʻlishi 80 yoshli maʼnaviyat maskanining yubileyiga munosib tuxfa boʻldi. 

 Ayniqsa, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 7 iyundagi PQ 4354 sonli “Oʻzbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati koʻrsatishni yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi asosida tashkil etilgan Milliy axborot-kutubxona haftaligi doirasida “Axborot-kutubxona muassasasining eng yaxshi mutaxassisi — 2019”, “Axborot-kutubxona muassasasining eng yaxshi mutaxassisi — 2021” respublika tanlovlarida Toshkent shahri jamoasi mutloq gʻoliblik supasiga erishdilar. Shuningdek, davlatimiz rahbari ilgari surgan 5 ta tashabbus doirasida “Bolalar va yoshlarni oʻqishga jalb qilish uchun eng yaxshi metodik ishlanma/loyiha”si Respublika tanlovida “Foydalanuvchi bilan ishlashning interfaol shakllari” kitob va kitobxonlik faoliyatini rivojlantirish, bolalar va yoshlarni mutolaaga jalb qilishga qaratilgan nominatsiyasi boʻyicha Toshkent shahar «Bilim» axborot-kutubxona markazi tomonidan ishlab chiqilgan “Kitobxon mahalla” loyihasi gʻolib deb topildi. Natijada, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi tomonidan 1 darajali Diplom, “Noutbuk” va kitoblar toʻplami bilan mukofotlandi.

Albatta yutuqlar oʻzimizniki, lekin ayni kunda yurtboshimiz tomonidan kitobga, kutubxona, kitobxonlik va mutolaa majdaniyatini oshirish masalasi davlat siyosati darajasiga koʻtarilganligi hammamizni quvontiradi. Shu oʻrinda maʼlumot uchun Toshkent shahar “Bilim” axborot-kutubxona markazi binosining xozirgi kun talablariga, kutubxonachilik standartlariga javob bermaydigan binoda faoliyat olib borishi biz xodimlarni va kutubxonadan foydalanuvchilarni juda-juda ranjitadi.

 Aziz yurtdoshlar! Sizlarga jamiyat hayotida faol ishtirok etishingiz, barcha yoʻnalishlarda oʻz bilimingiz, dunyoqarashingiz va kitobxonlik madaniyatingizni oshirish, mamlakatimiz va poytaxtimiz Toshkent shahrida yangiliklar, oʻzgarishlardan xabardor boʻlishingizda «Bilim» Axborot-kutubxona markazi oʻzining koʻp yillik ish tajribasiga ega boʻlgan mutaxassislari yaqindan koʻmak berishga tayyor.

 Hafiza Karimova, Toshkent shahar «Bilim» axborot-kutubxona markazi direktori, Axborot-kutubxona aʼlochisi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.