Tuhmat «toshi» (Hayotiy hikoya)

0
442
marta koʻrilgan.

Tuhmat qilib qoʻshnisining oilasini buzgan va saratonga chalingan ayolning iqrori

Koʻp qavatli uyda turamiz. Yaqinda domimizga Xafiza ismli beva ayol koʻchib keldi. U bilan tezda apoq-chapoq boʻlib ketdik. Bir kuni oʻzi haqida soʻzlab berar ekan: “Erim bilan 10 yil yashab, farzand koʻrmadik va ajrashdik. U uylanib bolali-chaqali boʻldi. Men esa yolgʻiz qoldim… Kattalarning gapiga kirib, oʻshanda farzand asrab olmaganimga afsus qilaman. Mana, endi yolgʻizman. Ota-onam oʻtib ketishgan. Opa-singillarim ham yoʻq… Keling, opa-singil boʻlaylik”, dedi.

Mendan 5-6 yosh katta, mushtipargina ayol ekan. “Odam taftini odam oladi” deganday u bilan juda yaqin boʻlib ketdik. Qizlarim uy ishlariga qarashar, men har kuni holidan xabar olardim, shirin ovqat pishirsam mehmonga chaqirardim.

Xafiza opa negadir koʻz oʻngimizda ozib-toʻzib borardi. Keyin bilsam onkologik xastalikka duchor boʻlgan ekan…

“Men tuhmatim uchun qargʻishga qoldim. Kechirilmaslik yomon dard ekan…” deb yigʻladi. “Nega unday deyapsiz? Nima boʻldi?” degan savollarim javobsiz qoldi…

Bir kuni ishdan qaytsam uyi qulflangan. Qoʻshnilar “Tez yordam” kelib, uni shofoxonaga olib ketganini aytishdi. Tezda taom tayyorlab, koʻrgani bordim. Axir meni singlim degan. Yoʻlimga koʻz tikib yotgandir…

Borsam Xafiza opa bir oʻzi ikki kishilik palatada shiftga termulib yotgan ekan. Meni koʻrgach biroz chiroyi ochildi. Soʻng issiq ovqatni yeb olib, dilini gʻashlab yotgan dardlarini toʻkib soldi:

–Men tinchgina yashayotgan devor darmiyon qoʻshnim Irodaga tuhmat qilganman. Uni bevafolikda ayblab, odamlar orasida gap-soʻz tarqatdim. Eri –Jasur katta idoraga rahbar edi. U xizmat safariga ketganida xotini Sobir doʻkonchi bilan don olishib yuradi. Tunda devor oshib kirganini oʻzim koʻrdim dedim… Hamma menga ishondi. Bu gaplar erining qulogʻiga yetib, katta janjallar boʻldi. Oxiri turmushlari buzilib ketdi. Uch nafar bolasi tirik yetim boʻlishdi…

Men uning baxtli hayotiga hasad qilardim. Chunki menda yoʻq hamma narsa unda bor edi: risoladagiday er, farzandlar, dangʻillama hovli, mashina, tilla baldoqlar, shoda marvaridlar… pul-boylik… Mening esa oilam buzilib, vaqtincha ijara uyda turgan vaqtlarim… Devor osha bu ayolning eri, bolalari bilan hazillashib kulgan tovushlari eshitilar, juda gʻashimni keltirardi… Mening bir ogʻiz gapim bilan ularning turmushi buzilib ketdi…

Keyin devor osha goʻdaklarning “dada” deb yigʻlashlari eshitila boshladi… yuragim dosh berolmay, u yerdan koʻchib ketdim. Otasiz qolgan farzandlar, boquvchisidan ajralgan ayolning koʻz yoshlari tutdi meni! Afsuslar ich-etimni kemirdi. Keyin shu dardga yoʻliqdim…

Xafiza opaning gaplarini tinglab oʻtirib, unga nima deb dalda berishni ham bilmay qoldim. Keyin oʻsha ayolni topib, iqror boʻling, kechirim soʻrang. Ollohim kechirimli, bandalariga ham shunday boʻlishni buyurgan. Agar istasangiz, bu yerdan chiqqaningizda, oʻsha qoʻshningizning uyiga olib boraman. U sizni kechirsa, albatta, tuzalib ketasiz, dedim.

Opa rozi boʻldi. Bir oycha davolanib chiqqach u menga shifoxonada aytgan gapimni eslatdi. U aytgan manzilga taksida yetib bordik. Opa yashagan eski hovli qarovsiz, nurab ketgan, Irodaning hovlisi oldidagi kichik gulzorda esa atirgullar barq urib ochilib yotardi. Tok ostida soʻri, ishkomda gʻarq pishgan uzumlar tovlanardi. Darvozani Irodaning oʻzi ochdi. Xafiza opa hadiksirab boqdi. Iroda uni tanidi, ammo muloyim jilmayib ichkariga taklif qildi. Choy olib kelib oldimizga choʻkdi.

Xafiza opa unga bor gapni aytib berdi. Chin dildan yigʻlab kechirim soʻradi. Iroda uni oʻsha paytdayoq kechirganini aytdi. Chunki bu gaplar yolgʻonligini bilgan eri bir yilan soʻng oilasiga qaytgan, hozir farzandlari bilan juda baxtli yashasharkan. Boyagina eri bolalarni olib bozorga ketibdi.

Qoʻshnim bu gaplarni eshitib yuzidagi parishonlik yorishdi. Ichidan ezib turgan nadomat iskanjasi qoʻyib yuborgandek boʻldi.

Biz xayrlashib chiqib ketayotganda hovliga oppoq “Malibu” kelib toʻxtadi. Undan Irodaning eri va ikki nafar farzandi tushishdi, biz bilan salomlashib, qoʻlidagi paketlarni koʻtarib uyga kirib ketishdi.

​​Shu voqeadan keyin qoʻshnimning sogʻligi yaxshi tomonga oʻzgara boshladi. Bir necha oydan keyin tibbiy koʻrikka borganida shifokorlar unga sogʻaya boshlaganini aytishib​​di. Opada yana hayotga umid uygʻondi.

Iqrorda gap koʻp… Bu voqeani barchaga ibrat boʻlsin deb yozdim. Toki bugungi mehr-muhabbat kamayib, insoniy hissiyotlar yoʻqolib borayotgan bir vaqtda odamlar bir-biriga yomonlik qilishdan va tilashdan tiyilishsin. Chunki oʻzgaga otilgan tosh oʻzingizga oʻqdek boʻlib qaytib kelar ekan. Uning jarohati osonlikcha bitmaydi…

Manzura BEKJONOVA                                   

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.