Turkiston bagʻridagi javohir yohud Mirzo Ulugʻbekning qizi Robiya sultonbegim maqbarasi

0
459
marta koʻrilgan.

Turkiston deganda buyuk ajdodlarimiz yashagan beponyon tarixiy makon koʻz oldimizga keladi. Ayni paytda qoʻshni Qozogʻistonning tarixiy kentlaridan biri ham aynan Turkiston deb ataladi.

Turk dunyosining yuragi boʻlgan bu koʻhna shahar ahli buyuk mutafakkir, shoir, Yassaviya tariqatining asoschisi Ahmad Yassaviy nomi bilan haqli ravishda faxrlanadi. Shahar markazida, bir paytlar buyuk sarkarda, Sohibqiron Amir Temur tashabbusi bilan qurilgan Yassaviy maqbarasi turli yurtlardan kelgan ziyoratchilar bilan gavjum. 

Buyuk alloma mangu qoʻnim topgan muhtasham majmua darvozasidan 60 metrlar beriroqda yana bir maqbara qad rostlab turibdi. Besh asrdan ziyod tarixga ega boʻlgan ushbu gumbaz ostida vatandoshimiz, Temuriy hukmdor va falakiyotshunos olim, Muhammad Taragʻay Mirzo Ulugʻbekning qizi – Robiya sultonbegim dafn etilgan.

Odatda Sharqda oiladagi toʻrtinchi qizga Robiya deb ism berilgan. Zotan arab tilida “robia” toʻrtinchi demakdir. Koʻpchiligimiz buyuk allomaning Ablullatif va Abdulaziz ismli ikki oʻgʻli boʻlgani, Ulugʻbek aynan katta oʻgʻli Abdullatifning xoinligi sababli oʻldirilganini yaxshi bilamiz. Biroq Mirzo Ulugʻbekning besh oʻgʻli (Ibodulloh, Abdulloh, Abdurahmon, Abdullatif, Abdulaziz) va besh qizi (Habiba, Oqboshbegim, Sultonbaxt, Robiya, Davlatbaxt) boʻlgani haqida koʻpchilik bilmasa kerak. 
Mirzo Ulugʻbek oqil va odil davlat rahbari, ilm-fan va madaniyat homiysi, alloma boʻlishi barobarida mehribon, bagʻrikeng ota ham edi. Biroq farzandlarining aksariyati yoshlik paytida turli kasalliklar sabab nobud boʻlgan. 

Tarixiy manbalarda Ulugʻbekning qolgan toʻrt nafar qizi haqida maʼlumotlar kam uchraydi. Ammo  Robiya sultonbegimning hayot yoʻli, antiqa qismati haqida yetarlicha yozilgan. 

Robiya sultonbegim taxminan 1432-1433 yillarda Mirzo Ulugʻbekning Qutlugʻ Nigor ogʻa ismli ayolidan tugʻilgan. U oʻzining aql-zakovati, iffati, husn-latofati bilan tez orada tilga tushgan. 
Tarixchi Amriddin Berdimurodovning maʼlumot berishicha, Mirzo Ulugʻbek qatl etilgach, taxtga dastavval padarkush shahzoda Abdullatif oʻtiradi. U olti oydan soʻng marhum otasining tarafdorlari tomonidan oʻldirilgach, Ulugʻbekning jiyani va kuyovi Mirzo Abdullo hokimiyat tepasiga keladi. Ammo koʻp oʻtmay Buxoroda hokimiyatni egallagan yana bir Temuriyzoda, Mironshoh Mirzoning nevarasi Abusaid Mirzo Samarqandga hujum qiladi. Ammo Mirzo Abdullo qoʻshinlari tomonidan magʻlub etilib, Sirdaryo tomonga chekinadi. Abusaid Movarounnahr taxtini egallash uchun oʻziga kuchli ittifoqchi topishi lozim edi. Shu bois u koʻchmanchi oʻzbeklar hukmdori Abulxayr huzuriga yordam soʻrab boradi. 

Abulxayr va Abusaidning birlashgan qoʻshinlari 1451 yilning yoz oylarida Samarqandga qoʻshin tortadilar. Jang paytida Mirzo Abdullo halok boʻladi. Abusaid esa Samarqand taxtiga oʻtiradi. Abulxayrxonning koʻmagida hokimiyatni egallagan Abusaid u bilan qarindoshlik munosabatlarini yanada yaxshilash maqsadida xonning Xonzodabegim ismli qiziga uylanadi, uzoq qarindoshii Mirzo Ulugʻbekning qizi Robiya sultonbegimni esa oʻz valineʼmatiga uzatadi. 

Albatta bu nikohga Robiya sultonbegim rozilik berganmi yoʻqmi biror nima deyish qiyin. Robiya otasidan va akalaridan ayrilgan, inon-ixtiyori qarindoshining qoʻlida qolgan ojiza edi. Bu paytda Robiya hali oʻn sakkizga toʻlmagan navnihol qiz, Abulxayrxonning esa yoshi qirqqa yaqinlashib qolgandi. 
…Robiya sultonbegim ota yurti Samarqandni tashlab Abulxayrxon bilan uning poytaxti Sigʻnoqqa, Dashti Qipchoq tomon yoʻl oladi. Zotan uning taqdirga tan berishdan boshqa chorasi qolmagandi. U Abulxayrxon bilan 18 yilga yaqin hayot kechirdi, unga Kuchkunchixon va Suyunchxoʻja ismli ikki oʻgʻil hadya etdi.

Abulxayrxon 1468 yilda unga qarshi fitna uyushtirayotgan Jonibekxon va Kereyxonga qarshi yurishga otlangan chogʻida vafot etadi. Erining vafotidan soʻng Robiya sultonbegim qolgan umrini Turkistonda, Ahmad Yassaviy maqbarasi va marhum erining dahmasi yaqinida yashab oʻtkazdi.

XVI asr boshlarida Markaziy Osiyoda hukumat Abulxayrxon avlodidan boʻlgan Shayboniylar qoʻliga oʻtadi. 1510 yilda Shayboniyxon Eron Safaviylari hukmdori Shoh Ismoildan yengilib, qatl etilganidan soʻng Samarqand taxtiga uning amakisi, Robiya sultonbegimning oʻgʻli Suyunchxoʻja oʻtqaziladi. Vaziyat taqozosiga koʻra taxtga oʻtirgan Suyunchxoʻja 1512 yilda oilada katta farzand boʻlgan akasi Kuchkunchixonga Samarqand taxtini boʻshatib berdi va oʻzi Toshkent hokimligini egalladi. Garchi mamlakat hukmdori rasman Kuchkunchixon boʻlsa-da, u oʻzini saltanatdan koʻra, ilm va ibodatga bagʻishlagan hokisor inson edi. Mamlakatning tashqi aloqalari Suyunchxoʻjaning ixtiyorida edi. U Safaviylarning sulh tuzish haqidagi taklifini rad etib, ular bilan bir muddat murosasiz kurash olib boradi. Raqiblarga qarshi jiddiy hozirlik koʻrayotgan payti 1526 yilda Toshkentda vafot etdi. 
Garchi ikki oʻgʻli ota-bobolari yurtini qayta qoʻlga kiritgan boʻlishsa-da, Robiya sultonbegimga Samarqandni qayta koʻra olish nasib etmadi. U 1485 yilda 53 yoshida vafot etdi. Malikani koʻz ochib koʻrgani, farzandlarining otasi Abulxayrxonning xoki qoʻyilgan Turkistonda, buyuk mutafakkir Xoja Ahmad Yassaviyning maqbarasi oldida dafn etishdi.  

Ikki oʻgʻil umr boʻyi ota-onalariga hurmat va ehtirom bilan yashashgan. Ularning tashabbusi bilan ota-onalarining qabri ustida muhtasham maqbara bunyod etildi. Maqbara sakkiz qirrali asosiy xona va yana toʻrtta qoʻshimcha xonadan tashkil topgan. Maqbara ustida Samarqand va Buxoro tarixiy obidalariga monand moviy gumbaz savlat toʻkib turibdi. Obidaning balandligi 20,6 metr, old qismining kengligi 11 metrni tashkil etadi. 

Maqbarada Temuriyzoda malika bilan bir qatorda uning nabiralari va boshqa yaqinlari ham dafn etilgan. Sakkiz qirrali xonada Robiya sultonbegimning qabri ustida oʻrnatilgan marmartoshda arab tilida quyidagi satrlar bitilgan: “Bu fayzli oromgohda pokdomon, mehribon, Alloh gunohlardan forigʻ etgan Robiya sultonbegim Ulugʻbek Koʻragon qizi yotibdi. Shahid etilgan qudratli va ulugʻ hukmdor Mirzo Ulugʻbek qudratli sulton Shohrux Mirzoning oʻgʻli edi. U esa ulugʻ amir, sohibqiron Amir Temurning oʻgʻlidir. Alloh ularning qabriga to qiyomatga qadar oʻz nurlarini yogʻdirsin. Marhumaning foniy dunyodan boqiy olamga safar qilishi hijriy 890 yilning soʻnggi oylarida yuz berdi. Unga Allohning shafqati va marhamati yogʻilsin!”

…Mazkur obida Turkiston xalqlari boshiga tushgan koʻplab qora kunlarning ham shohidi boʻldi. Xususan, Chernyaev, Skobelev singari sarkardalar aynan shu maqbara yonidan ot choptirib oʻtdilar, qadimiy va betakror shaharlarimizni oʻqqa tutdilar. Ana shu bosqinlar va talotoʻplar sababli Ahmad Yassaviy maqbarasi ham, uning roʻparasida turgan Robiya sultonbegim maqbarasi ham harobaga aylandi. Keyinchalik, oradan yillar oʻtib, bu qadimiy obidalar ham qayta taʼmirlandi. 
Bugun buyuk ajdodlarimiz xoki yotgan bu tarixiy obidalar koʻhna va navqiron Turkistonning husniga xuddi uzukka koʻz qoʻygandek yarashib turibdi.

Manbaa: Rustam JABBOROV. OʻzA

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.