Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi “Hurriyat” muammosiga rasmiy munosabat bildirdi

0
408
marta koʻrilgan.

“Hurriyat” muammosi yechimi jurnalistlarga bogʻliq

Jurnalist, Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi xodimi sifatida markaziy va hududiy gazeta va jurnallarni imkon darajasida oʻqiyman, teleradiokanallar, veb-saytlarni, xususan, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi – OʻzA veb-saytini doimiy kuzatib boraman.

Joriy yilning 12 yanvar kuni OʻzA saytida ustoz Ahmadjon Meliboyevning “Hurriyat” muxlislari qayerdasiz?” (Maqola “Hurriyat” gazetasining nashr etilmayotgani haqida yozilgan) sarlavhali maqolasi chop etildi. Shundan keyin saytda mavzuga oid materiallar “yomgʻiri” boshlandi – Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalistlar O. Toshboyev, M. Obidovlarning “Hurriyat” quyoshi botdi…mi?”, “Hurriyat”ni kutyapmiz – yiqilganni tepkilamang hamkasblar!”, filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori B. Alimovning “Hur zamonga “Hurriyat” kerakmasmi?”, Samarqand viloyati “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari bosh muharriri F. Toshevning “Oʻzbekiston matbuotini”ni yoʻqotib ulgurdik, “Yoʻqolish” navbati “Hurriyat”gami?…”, “Jamiyat” gazetasi bosh muharriri M. Jonixonovning “Hurriyat” dardi – matbuot dardi”, Qoraqalpogʻistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist Ya. Qoʻchqorovning “Hurriyat” oldidagi qarz”, “Qashqadaryo” gazetasi boʻlim muharriri N.Egamovning “Yonayotgan gazeta” sarlavhali materiallari paydo boʻldi. Shuningdek, boshqa bir qator OAVlarda ham mavzuga doir materiallar eʼlon qilindi.

OʻzA saytida koʻtarilgan ushbu masalaga ustoz jurnalistlar tomonidan munosabat – tegishli fikr-mulohazalar bildirilgani eʼtiborga molik – ijobiy holat. Masalaning OAVlarda bunday keng muhokama qilingani milliy jurnalistikamizning erkinlashib, rivojlanib borayotganidan dalolat beradi. Ustoz va hamkasblarimizning sevimli gazetamiz “Hurriyat”ni ertangi kuni, taqdiri haqida oʻylayotgani, kuyunchaklik bilan qaygʻurayotgani esa tahsinga loyiq.

Yil boshidan beri bir qancha hamkasb tanish-bilishlarim: “Hurriyat” qachon chiqadi, unga qancha odam obuna boʻlibdi, nega uni qoʻllab-quvvatlamayapsizlar” degan gaplarni koʻp aytdi, bu jarayon hanuz davom etmoqda. Ularning gap-soʻzlari, yuqorida sarlavhalari nomi keltirilgan maqolalarda bildirilgan fikrlardan ham Uyushma muassis sifatida “Hurriyat”ga yordam, moliyaviy koʻmak bermayapti, degan qarash anglanadi.

Taʼkidlash joiz, Uyushma “Hurriyat” chiqishini taʼminlash uchun vakolati doirasida barcha ishlarni bajarib kelmoqda. Misol uchun, 2018 yilda Uyushmamiz va Respublika tovar – xomashyo birjasi oʻrtasida tuzilgan “Doʻstlar klubi” tomonidan gazeta bosmaxona xarajatlari uchun 100 million 158 ming 932 soʻm ajratildi. “Hurriyat”ga 120 nafar faxriy jurnalistlarni obuna qilinishini taʼminlash maqsadiga yigirma ikki million 421 ming 600 soʻm yoʻnaltirildi. Tahririyat internet tezligini oshirishga besh million 486 ming sarflandi. Jamoa xodimlariga moddiy yordam koʻrsatishga qariyb 40 million, 2018 yil davomida esa jami 167 million 306 ming 675 soʻm “Hurriyat”ga tuhfa etildi.

Mazkur materialni tayyorlash asnosida bir necha markaziy gazetalarimiz bosh muharrirlari bilan telefon orqali suhbatlashdim. Ularning aksariyati gazetasi muassisi tayinli moddiy-maʼnaviy yordam koʻrsatmaganidan nolidi.

Shunday boʻlsa-da, ular jon saqlab qolishga harakat qilgan. Qiyinchiliklar evaziga bunga erishgan ham. Bu bilan “Hurriyat”chilarni ayblamoqchi emasman. Ular targʻibot-tashviqot, obuna tashkil etish ishlarini koʻngildagidek olib bordi, deb ham aytolmayman.

“Hurriyat” – jurnalistlar gazetasi. Yurtimiz ommaviy axborot vositalari ijodkorlarini birlashtirgan ushbu nashrda eng sara jurnalistik materiallar chop etib kelingan. Gazeta obunachilarining asosiy qismi jurnalistlar hisoblanadi. Maʼlumotlarga koʻra, 2019 yil uchun “Hurriyat”ga atigi yetti yuz nafarga yaqin gazetxon obuna boʻlgan. Bugungi kunda mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarida taxminan 10 mingdan ziyod jurnalist faoliyat yuritadi. Ularning 30 foizi “Hurriyat”ga obuna boʻlgan taqdirda ham gazeta bunday muammoga duch kelmagan boʻlardi.

Oʻqituvchilarning “Maʼrifat”ga obuna boʻlmaganini tushunish qanchalik qiyin boʻlsa, jurnalistlarning “Hurriyat”ga yozilmagani shunchalik oʻylantiradigan masala.

Taniqli jurnalist Farmon Toshevning OʻzA saytida eʼlon qilingan materialidagi quyidagi jumla koʻngilni yorishtiradi: “Samarqand viloyati matbuot va axborot boshqarmasi rahbari M.Ibodullayev, “Paxtakor ovozi” (Narpay), “Urgut sadosi”, “Oqdaryo ovozi” gazetalari muharrirlari T.Toshmurodov, S.Taylonov, Y.Muhammadiyev bilan kelishib, dam olish kunlari har birimiz “Hurriyat”ga besh nusxadan obuna uyushtirdik. Bu ishni ertadan boshqa muharrirlar va oʻzimiz ham davom ettiramiz.”

Ishonchim komil, agar har bir viloyatda, tuman va shaharda shu tarzda ish olib borilsa, “Hurriyat”ning tiraji biz istagan nusxadan ham oshib ketadi. Demak, masala yechimi oʻz qoʻlimizda.

Obunasi tushib ketgan gazeta birgina “Hurriyat” emas. Aksariyat gazetalarga obuna oʻtgan yilga nisbatan keskin kamayib ketgan. Bir qancha nashrlar yopilgani, yopilish arafasida turgani haqida maʼlumotlar bor. Bu holat – konyuktura taqozosi.

Hozir milliy media maydonimizda oʻzaro raqobat, sinov va oʻtish davri hukm surmoqda. Tahririyatlar ham bu vaziyatdan kelib chiqqan holda harakatni yangicha qarash va rejalar asosida izchil davom ettirishi, avvalgi davrlar oʻtganini, bozor sharoitiga moslashish zarurligini, aks holda muammolarga duch kelishi mumkinligini his qilish kerak.

Shuningdek, gazetada nimani, qancha hajmda chop etish, gazetxonlar qalbidan qanday qilib joy olish haqida koʻproq oʻylash muhim ahamiyatga ega. Ustoz, “Oʻzbekiston ovozi” – “Golos Uzbekistana” gazetalari bosh muharriri Safar Ostonov taʼkidlaganidek, mamlakatimizda kechayotgan bugungi jarayonlar va odamlar qiziqishi, talabidan kelib chiqib, gazetalar qiyofasini ham, mavzularini ham oʻzgartirib borishi lozim. Odamlarni qiynab kelayotgan, ularga foydasi tegadigan masalalarni, jamiyatning ogʻriqli muammolarini, maʼnaviy ozuqa beradigan mavzularni koʻproq yoritish zarur. Ehtimol shunda nashrga eʼtibor oshadi, gazeta obunachilari koʻpayadi. 

Sohamiz yanada rivojini taʼminlash, keyingi yillarda bunday muammolar yuzaga kelmasligi uchun islohotlar qilish vaqti kelganini unutmaslik, mavjud qonunchiligimizga, tahririyat faoliyatini moliyalashtirish tartibiga aniqlik kiritilishi darkor.

“Hurriyat” muammosiga qaytadigan boʻlsak, Uyushma gazeta tahririyatiga oʻz qonuniy vakolati va imkoniyati darajasida qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlarni bundan buyon ham davom ettiradi. 

Xolmurod Salimov,

Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy

uyushmasi raisi oʻrinbosari

Manbaa: OʻzA

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.