Vatan himoyachilari kuni bilan barcha vatandoshlarimizni, avvalo, ikkinchi jahon urushida jangohlarda qon kechib jon berib yurtimiz tinchligini asragan eldoshlarimizni, afgʻon janglarida yigitlik burchini bajargan baynalminalchilarimizni muborakbod etamiz.
Ayni kunda osmonimiz musaffoligi, yurtimiz osoyishtaligi uchun fidoyilik qilayotgan harbiy yigitlarimizni hamda kamsonli boʻlsada Vatan himoyachilari safida xizmat qilayotgan xotin-qizlarimizni ushbu bayram bilan qutlaymiz.
Armiyamiz safiga sogʻlom, durkun yigitlarni tarbiyalab yetkazib berayotgan onalarimizni ham alohida tabriklaymiz. Ana shu onalar safida oʻzim ham borligimdan xursandman. Bizning ham uch oʻgʻlimimiz Armiya safida xizmat qildi. Ular bilan faxrlanaman.
Uch nafar oʻgʻli armiya safida xizmat qilgan ona Raʼno Zaripovaning tilagi: Osmonimiz musaffo, yurtimiz tinch boʻlaversin!
Endi sizlarga aziz yurtdoshlar, koʻksi baland harbiylar GUJUM.UZ sayti nomidan shoira Zulfiya Moʻminovaning vatanparvarlik ruhida bitilgan VATAN BAYROGʻINI OʻPGAN YIGITLAR nomli goʻzal sheʼrini yoʻllaymiz.
Deydilar: asliga tortadi odam,
Osmon orzusida uchar burgutlar.
Axir farq qiladi, oddiy yigitdan
Vatan bayrogʻini oʻpgan yigitlar.
Vatan chaqirganda asl mardonlar,
Labbay –deya, olgan soʻzdan soʻraymiz.
Baloni qaytarar balogardonlar
Vatan neligini sizdan soʻraymiz.
Vatan chaqirmaydi har kimsani ham,
Yurak gulxanidan koʻzdagi oʻtlar,
Axir farq qiladi, oddiy yigitdan
Vatan bayrogʻini oʻpgan yigitlar.
Kavaklar ichida yashar ayrim qush
Samoni quchmagan burgut burgutmi?.
Savol bor savollar ichida dilxush,
Vatanni sevmagan yigit- yigitmi?.
Olovlar ichidan oʻtgan yigitlar,
Tinchlikka koʻksini tutgan yigitlar.
Onalar duosi asrasin sizni
Vatan bayrogʻini oʻpgan yigitlar.