Vatan mustaqilligining 30 yilligi arafasidagi shodiyonalar: NODIR JONUZOQ – «DOʻSTLIK» ORDENI SOHIBI

0
251
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi oʻrinbosari Nodir Jonuzoq ham «Doʻstlik» odreni bilan taqdirlandi. U oʻzbek sheʼriyati gulshaniga munosib hissa qoʻshayotgan isʼtedodli shoirlarimizdan biridir.

Onaga boʻlgan mehr-muhabbatni ifodalovchi quyidagi X a t  sheʼrida nazm olamini hayotining mazmuni va ona kabi muqaddas  deya ulugʻlaydi: Sheʼriyat —  ruhimga azaliy ulfat, nazm borki qornim ham, qalbim ham toʻqdir! Onasini farishtam deya ulugʻlashi goʻzal! Ushbu muqaddas soʻzlarni eshitish farzand tarbiyalayotgan har bir onaga nasib aylasin:

Sizdan nur tashiydi yuz ming farishta
Mening yoʻllarimni yoritmoq uchun.

Darhaqiqat, ijodkorlar maydonidagi tinimsiz mehnat, ruhiyat olami uni ezguliklar sari yoʻlladi.  Qutlugʻ ayyomda  GUJUM.UZ jamoasi shoirni davlatimizning yuksak mukofot bilan qutlaydi. Yanada ulugʻvor ijodiy parvozlar tilab qoladi.

X  A  T

Aya,
Ayajonim,
Mehribon ayam,
Ayting, yuribsizmi
Masrur, salomat?
Oʻzingizni asrang,
Men uchun ayang:
Siz borsiz — meni tark aylamas omad.

Mehringiz tuyaman har bir qarichda,
Olisdan sezaman duongiz kuchin.
Sizdan nur tashiydi yuz ming farishta
Mening yoʻllarimni yoritmoq uchun.

Oʻylanmang,
Tetikman,
Ishim joyida —
Koʻksimda orzular yotibdi chaqnab.
Zuvalam pishganmi oyning loyidan,
Gohida mehrga qolsam-da chanqab —

Olamga muhabbat purkagim kelar,
Sevgiga gʻarq boʻlsin deyman ona yer.
Qalbimni parilar qoʻlma-qoʻl elar,
Tunlari uxlolmay yozarkanman sheʼr.

Toʻgʻri, siqilaman baʼzan,
Nima naf,
Kimga kerak, deyman, quyma baytlarim.
Shoirlik men uchun edi-ku sharaf
Yoningizda oʻynab yurgan paytlarim…

Sizday silamadi boshimni hayot,
Qozonda qovrildim, qaynadim, pishdim.
Va bugun oʻzimga qarasam, hayhot,
Nigohim begona odamga tushdi!?

U menga oʻzicha beradi tanbeh,
Ogʻamday turtkilab yoʻliga solar:
«Bolangga osh boʻlmas qofiya, tashbeh,
Nima kerak senga quruq gʻavgʻolar?!

Odamday yashagin,
Yasha shoʻx-xandon,
Axir, yoʻq emas-ku senda layoqat.
Qadringga yetishmas kuysang-da chandon,
Uy qur,
Mashina ol,
Qilgin sayohat…»

Unga jim boqaman,
Qilmasman taʼna,
Uni tushunaman — oʻzicha haqdir.
Lekin nima qilay, ayajon, yana
Meni olovlarga yoʻllasa taqdir?!

Netay, yasholmasam xotirjam, sokin,
«Qoʻlingga qalam ol, — desa bir ovoz, —
Har bir soʻzimizni yozib ol, yoki
Biz sendan butunlay kechajakmiz voz!»

Aya, bu men uchun eng ogʻir kulfat,
Aya, menga bundan ortiq gʻam yoʻqdir.
U — mening ruhimga azaliy ulfat,
U borki qornim ham, qalbim ham toʻqdir.

Koʻzimga koʻrinmas gohida dunyo,
Uning vasli bilan yashayman sarmast.
U kelsa — moʻ‘jiza boʻladi bunyod,
U kelsa — har qanday ogʻriq pisandmas.

Bilaman,
Siz uchun soʻzlarim chigal,
Behuda oʻyinga oʻxshaydi balki.
Goʻyoki kirvolib gʻilof ichiga,
«Koinot — shu», deya etyapman talqin.

Biroq maslagim shu,
Tetikman, aya,
qoʻlimdan tutganday Xizrning oʻzi.
Damba-dam toʻsiqlar, gʻovlar chiqsayam,
Manzilga yetamiz yovlardan oʻzib.

Mehringiz tuyaman har bir qarichda,
Olisdan sezaman duongiz kuchin.
Sizdan nur tashiydi yuz ming farishta
Mening yoʻllarimni yoritmoq uchun.

Qalbimday chechakka toʻlganda qishloq,
Qonimday gupirsa loyqa ariqlar —
Men kirib boraman toychoqday kishnab,
Toʻzgʻib ketar barcha alam, ogʻriqlar.

Ungacha chidang Siz,
Charchamang, aya,
Masrur boʻling doim,
Boʻling salomat.
Oʻzingizni asrang,
Men uchun ayang:
Siz borsiz — meni tark aylamas omad…
2007 yil

Suratda: Nodir Jonuzoq raxmatlik Azim Suyunni  Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi nomidan yubileyi munosabati bilan qutlayotgan payt ( sayt arxividan).

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.