VATANNI SEVMOQ IMONDANDIR!

0
118
marta koʻrilgan.

Doʻrmon – toʻqson ikki turkiylar urugʻining biri!

Doʻrmon –  bolalik xotiralarim bilan bogʻliq goʻzal qishloq, soʻlim maskan. Mevali bogʻlar bilan oʻralgan hovuzli  goʻsha. Turdiy oʻz sheʼriyatida turkiylarning toʻqson ikki  urugʻi mavjudligini aytib oʻtadi, Ana shu sheʼriyatda tilga olingan 92 oʻzbek urugʻining biri – Doʻrmon.

Ayni kunda ushbu nomli qishloqlar respublikamizning koʻpgina viloyatlarida uchraydi. Masalan, Toshkent viloyatining Qibray tumanida, Navoiy viloyatining Karmana tumanida, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida shu nom bilan yuritiluvchi qishloqlar mavjud.

Urganch tumanida yigirmadan ortiq qishloq boʻlib, eng kattasi – Doʻrmon. Bir tomoni shahar boʻlsa, bir tomoni Amudaryo boʻyidagi toʻqayzorlarga tutashib ketadi. Urganchliklar sholini asosan shu yerda – daryo boʻylarida yetishtirishadi. Doʻrmon qishlogʻiga uchta jamoa xoʻjaligi joylashgan. Qishloq katta boʻlgani uchun bu yerliklar uni uchga boʻlib: Yuqori Doʻrmon, Oʻrta Doʻrmon, Oyoq Doʻrmon deb atashardi. Zero, anjirchilar qishlogʻi desa ham hamma shu yerni tushunadi.

Qishloq odamlariga eʼtibor berilsa, aksariyatining koʻzlari qiyiq, harakatlari samimiy va sodda. Ularning uncha-munchaga jahlini chiqarish qiyin. Bu yerdagi janjal poytaxtgacha kelganini hali hech kim eshitmagan. Albatta, toʻpolonchilar hamma joyda topiladi. Nizolar chiqib turishi mumkin. Biroq tezda tinchishadi. Ular juda kechirimli kishilar. Bir paytlar Xorazm viloyati ijroiya qoʻmitasining xat va shikoyatlar boʻlimi boshligʻi boʻlib ishlagan ukam Sharifboy Bekchanov shunday deb ajablangan edi: «Yil oxirida gʻalvirni koʻtarsak, Doʻrmon qishlogʻidan bitta ham shikoyat tushmabdi. Holbuki, viloyatdagi eng katta qishloqlardan biri!»

TILI. Xorazm shevasi turkiy tillar klassifikatsiyasining oʻgʻiz guruhiga kiradi. «Galdi-getdi» deb gapirishadi. Doʻrmonliklar tilida esa goʻyo «G» harfi yoʻqdek. Vohadagi Gurlan, Yangibozor tumanlari va Doʻrmon qishlogʻi shevasi bir-biriga yaqin. Ular ogʻizlarini toʻldirishib, salmoqlab gapirishni xush koʻrishadi. Lahjasi ham adabiy tilga yaqin turadi. Doʻrmanliklarning tilida qadimiy turkiy soʻzlar hozir ham saqlanib qolgan.

– Bugun qalʼaga borasam-a? Sartlardan qizil chit keltir menga ham, – deydi biri ikkinchisiga. (Ularning tilida qalʼa-shahar, sartlar -shaharliklar).

– Qizingni boyga berding-ma? Kelin olding-ma? – soʻrashadi ular bir-biri bilan uchrashganida ( boy – er).

– Boyingni aytganidan chiqma, seni davlatboshing shu, – oʻrgatadi momolar kelinchaklarga.

URF-ODATLARI. Momolari yaqin-yaqingacha lachak oʻrashardi. (Lachak – boshiyu boʻyinlarini oʻrab turadigan oppoq roʻmol). Lachakning uchida sandiqning kalitlari jaranglab yuradi. Koʻylaklarining englari uzun. Qoʻllari koʻrinmaydi. Yoz kunlarida hatto koʻylakning yengi yelpigʻich oʻrniga oʻtadi. Buvim Bibijon enam (joyi jannatda boʻlsin) koʻz oldimda ana shundayligicha qolgan. Bugungi kunda lachak oʻraydigan momolar sanoqligina. Shuning uchun lachak oʻrash marosimlarini oʻtkazish urfga kirayapti.

– Sartlarning kelinlari enalari bilan gapirishmay, ters yorilib ketmay-ma, – deydi oʻzaro suhbatda ular. – Viy-biy, enajon, boʻyginangdan aylanayin, desa boʻlmay-ma, yayrab gaplashsa boʻlmay-ma, – ajablanadi ular.

Xorazm xalqining aksariyatiga xos boʻlgan qaynona-kelinning gapirishmaslik udumlari ularda yoʻq.

Yana doʻrmonliklar orasida gʻassol yoʻq. Ular suyagini birovga tutqazishni uyat hisoblashadi. Marhumni oxirgi yoʻlga kuzatishdan oldin pokizalashga oʻz yaqinlari kirishadi.

Shuningdek, ular qizlarini «sart»larga uzatishsa-da, oʻlganidan keyin suyagini ularning qavmida(xilxona) qoldirishmaydi. «Shuncha yil xizmatda tik turgani yetar, oʻgʻil-qiz tugʻdi, farzu qarzini bajardi. Boqiy olamda hur boʻlsin», deyishadi. Marhumani oʻz qavmiga(xilxonasiga) qaytarishadi. Hurlikni eng oliy neʼmat hisoblashadi.

Ularning urf-odatlarini, muomala-madaniyatini kuzatib turib, xalqimizning “Uchratgan har bir odamingni Xizir bil” degan hikmatli soʻzlari esga tushadi. Qishloqning begʻubor kishilarini kuzatganimda beixtiyor har bir odam oʻzi bir olam deyman! Onam ana shu qishloq farzandi.

El dardida yurgan kishini farishtalar qoʻriqlaydi, derdi front orqasida ishlagan onam Jamila momo Hajiyeva. Onam  qutlugʻ 94 yoshida boqiy olamga rixlat qildi (Joyi jannatdan boʻlsin). Oʻn bir farzandni tarbiyalab, elning yukini tortishga oʻrgatgan volidamning saʼy-harakatlarida, turish-turmushida bugungi yoshlarga namuna qilsa arziydigan ulugʻvorlik bor edi. Yuragining tub-tubida irodasini tamomila yengib boʻlmaydigan kuch-qudrat, sir-sinoat, cheksiz tuygʻu bor edi. Aslida u butun millatga, oʻzbek ayollariga xos fazilatlardir. U muhabbat! U sadoqat! U samimiyat! U shijoat! U elga mehr! Ana shu kenglikni, cheksizlikni onaginamning hikoyalarida his etardim. Xotirasi oldida taʼzim qilaman.

Onam hikoyalaridan: Ogʻir yillarda, urush yillarida qoʻllagan tadbirimiz, mustaqillik sharofati bilan qayta  amalga oshirildi. Urush boshlangan yili maktabni tugatdim. Hamma erkaklar urushga ketib hisob-kitobni biladiganlar qolmadi. Maktabni aʼlo baholarga bitkazganim uchun meni kolxozga hisobchilikka qabul qilishdi. Shaharda bir oygina malaka oshirish kursida oʻqitishdi. Kolxozda hisobchi, ombor mudiri va tabelchi boʻlib ishlay boshladim.  Kunduzi dalada, kechasi buxalteriya ishlari bilan idorada boʻlardim. Yarim tunda uyga kirib kelardim. Dugonam Bibijon ham, shuningdek, boshqa xotin-qizlar ham ana shunday 2-3 erkak kishi ishini bajarishar edi. «Oʻzim uchun va oʻsha yigit uchun», «Hamma narsa front uchun» degan shiorlar bor edi oʻsha paytlar.

Moskva ostonasida qizgʻin janglar boʻlayotgan bir paytda kolxozimiz ahli front uchun yordam puli toʻplashdi. Kimdir pul berdi, kimdir qimmatbaho taqinchoqlar, kimdir oʻz qoʻli bilan toʻqilgan issiq kiyimlar, xullas imkoniyatiga qarab, jangchilar uchun, qurol-aslaha uchun armugʻon qilindi. Qishloqdoshlarim hamma pul-u taqinchoqlarni sanashdi. Muhr urishdi. Yigʻilgan jamgʻarmani chakida xaltaga(suzma suziladigan xalta)ga solishdi. Ogʻzini bogʻlab menga shaharga yetkaz, deyishdi.

Otamning sevimli yuvvosh oti bor edi. Boʻyim pakanaroq boʻlib, ot tushoviga oyogʻim yetmasdi. Otam koʻtarib otga mindirdi. Chakida toʻrvani qoʻlimga tutqazib, ”Oʻzing bilgan bankka qarab otni choptir”dedi. Shaharga bank bekilishi arafasida yetib keldim.

Qahri qattiq kunlar edi u paytlar. ”Ilohim, tut pishigʻiga eson-omon yetib olaylik”, deya xalqimizning Ollohga tinmay nola qilayotgan kunlari edi. Nafsi hakalak otganlar ham yoʻq emasdi. Ana shunday paytda qishloqdoshlarim asrab- avaylab qoʻyganlarini chiqardi. Turmush ogʻir, bir burda non ham aziz. Hammaning doʻppisi tor kelgan paytda men qishloqdoshlarimning boyligi bilan yolgʻiz ketayotgan edim. Tinimsiz Ollohdan madad soʻrardim.

Namozshomda uyga qaytdim. Ota-onam qishloqdan chiqaverishda kutib turishgan ekan. Meni koʻrishdi-yu ikkalasining ham chiroyi ochildi. Goʻyo bulut tarqalib, quyosh chiqqanday boʻldi.

–Elning ishi uchun, ezgulik uchun yurgan kishini Allohning oʻzi panohida asraydi, qoʻllab quvvatlaydi,– dedilar otam. Meni otdan tushirib olar ekan, peshonamdan oʻpib qoʻydilar. Shu-shu otda yurishni ham oʻrganib oldim.

Harakatda-barakat! Baʼzan ertangi kun ilinjida oromingni yoʻqotasan. Boshlanadigan hodisani kutib dil hapriqadi. Unga ham jismonan ham ruhan tayyorgarlik koʻra boshlaysan.

Ikkinchi jahon urushining qattol kunlari. Bahor kelib, ekin –tikin kunlari yaqinlashgan payt.  Biroq, kolxoz dalalariga ekishga urugʻlik yoʻq.  Gʻalabani kutib, gʻalaba ilinjida hamma narsa frontga berib yuborilgan. Davlat zahirasida ham kolxoz zahirasida ham urugʻlik yoʻq. Kolxoz rahbari oldiga tashabbus bilan kirdim: Yerlarni oilalarga urush tugaguncha qaror chiqarib boʻlib beraylik, ana shunda urugʻlikni oʻzlari topadi dedim. Raisimiz keksa kishi edi. Sapchib tushdi.  Davlat yerlarini xususiylashtirish, yana qaror bilan–a! Nihoyat gapimga koʻndi, oʻzingni tashabbusing, tuman va viloyat rahbarlariga oʻzing tushintirib kelasan dedi. Rahbarlar oldidan ham oʻtdik, yerni boʻlib berdik. Urugʻlik topildi, oʻsha yili hosil moʻl boʻldi. Maʼlum foizini oilalarning oʻzlariga qoldirib, davlat planini ham bajardik, frontga ham qoʻshimcha mahsulot joʻnatdik.

Davlat yerini boʻlib berish u paytlarda jinoyat edi. Ogʻir yillarda, urush yillarida qoʻllagan tadbirimiz, mustaqillik sharofati bilan qayta  amalga oshirildi. Hozir yerlarni ellik yilga xususiylashtirilib berilayotganini eshitganimda, urush yillarida vaziyatdan chiqish uchun toʻgʻri yoʻl tanlaganimizni yana bir karra his qildim. Har bir ishda elning manfaatini oʻylab ish qilish Ollohga ham, bandasiga ham xush keladi, bolalarim.

Muallif xulosasi: 9 May – Xotira va qadrlash kuniga bagʻishlangan marosimda mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev maʼruzasini televizordan tingladim. “Urush yillaridagi halqimizning jasoratini qayta-qayta yozib, tinchlikning qadr-qimmatini yoshlarning ong-shuuriga singdirish kerak”, degan soʻzlari meni onam hikoyalarini qogʻozga tushirishga undadi. Ikkinchi jahon urushida qatnashgan, shuningdek, front orqasida Vatan uchun jonbozlik koʻrsatib ishlagan  har bir kishining xotirasi oldida taʼzim qilamiz!

Raʼno Zaripova, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist

Suvratda: Onam(oʻngda) urush yillarida hisobchilik kursida birga oʻqigan dugonasi Bibijon opa bilan.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.