Oʻzbekiston buyuk allomalar yurti. “Faqatgina Oʻzbekistonni buyuk allomalar yurti deb atashadi! Bobolarimiz bizning boshimizni qiyomatga qadar baland koʻtarib ketishdi”, – degan edi sharqshunos olim, professor Ubaydulla Uvatov biz bilan telesuhbatimizda (oxirati obod boʻlsin).
Darhaqiqat, Ubaydulla Uvatov taʼkidlaganidek, Oʻzbekistonda asrlar mobaynida yaratilgan, rivojlantirilgan gʻoyat katta ilm, moʻjizakor ijodiy mehnat bor. Jahon ilm durdonasiga behisob hissa qoʻshgan buyuk oʻgʻlonlari, oʻz zamonasining, ilm olamining sultonlari yashab oʻtgan!
Mustaqillikdan keyin Oʻzbekiston televideniyesida “Moziydan yogʻdular” turkum koʻrsatuvlarini tayyorlay boshladik. Oʻshanda ssenariylarimning oʻq ildizlari alloma Alisher Navoiyning “Majolis-ul-nafois” va Nasoimul-muhabbat” asarlari boʻldi. Hazrat Alisher Navoiyning ushbu asarlarida ajdodlarimizning taʼrifu-tavsiflari goʻzal ifoda etilgan 500 dan ortiq shoiru fuzaloni eʼtirof etganlar.
Najmiddin Kubro, Zamaxshariy, Mirzo Ulugʻbek, Pahlavon Maxmud va boshqa allamoyu sarkardalar haqida koʻrsatuv tayyorlaganimda albatta hazratning kitobiga qayta-qayta murojaat qilardim.
Keyinchalik “Sogʻlom avlod” gazetasida bosh muharrir boʻlganimda “Moziydan yogʻdular” sahifasini tashkil etdik. Gazeta sahifalarida yoritilayotgan maqolalarni berishdan oldin hazrat Navoiyning ushbu kitoblarini varaqlab alloma haqidagi fikrlari bilan tanishardim. Ularni olimlar yozib kelgan maqola bilan muqoyasa qilardim. Hazrat Alisher Navoiyning tarixni chuqur anglagan ensiklopedik olim boʻlganiga yana bir karra imon keltirardim.
Ajdodlarimizning xotirasini yodlashdek ulugʻvor anʼananing qayta tiklangani mustaqilligimiz sharofaati boʻldi. Alloma Beruniy, Xorazmiy, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Bobur, hazrat Najmiddin Kubro, Imom Buxoriy, Moturidiy, Termiziy, sohibqiron Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi kabi oʻzbek allomayu jahongirlarining siymosi mustaqillik sharofaati bilan qayta qaddini koʻtardi.
Bugungi kunda jahon boʻyicha ishlatilayotgan 1 dan 9 gacha boʻlgan matematik raqamlaruga nolni qoʻshib, XX asr fani – kibernetikasiga asos solgan olim deyarli 1200 yil avval yashab oʻtgan bizning ajdodimiz – al-Xorazmiy! Algebra fani, mashhur allomaning ismi bilan bogʻliqligi, yaʼni al-Jabr bora-bora algebraga aylanganini, Algaritm soʻzi Al-Xorazmiy soʻzining assimiliatsiyaga uchragan shakli ekanligini va bizning avlod uni oʻqib matematikani oʻrganayotganligini bugungi kunda jahon ahli tan olyapti.
Yerning dumaloq shaklda ekanligini isbotlab, dunyo xaritasini tuzgan va uni globus shaklida birinchi aks ettirgan ensiklopedik olim Abu Rayhon Beruniy ekanligini oʻquvchilar ongi-shuuriga qayta-qayta quyish anʼanaga aylanganligi kishida iftixor tuygʻusini yuksaltiradi.
Mukammal tibbiyot qonunlarini yaratgan Abu Ali ibn Sino kitoblaridan jahon tibbiyotida hamon dasturulamal sifatida foydalanilmoqda. Agar eʼtibor bersak, “Tib qonunlari”da murakkab jarrohlikdan tortib, oddiy ovqatlanish madaniyatigacha oʻrgatilgan. Inson salomatligini avaylash avvalo oʻzidan, oddiy ovqatlanish madaniyatidan boshlanadi, degan oʻgitlari bugungi kunda har bir farzandga singdirilmoqda!
Daryolar suvini oʻlchaydigan uskuna yaratgan va dastlab Nilning suv hajmi-yu sigʻimini oʻlchab bergan bizning vatandoshimiz al-Fargʻoniy! Bu yil Misrga bordik. Bolaligimdan beshinchi sinf tarix kitobi sahidalarida aks etgan piramidalarni koʻrishni orzu qilardim. Uni muallimlarimiz, padaribuzrukvorim dunyo madaniyatidagi, tamaddunidagi yetti moʻjiza boʻlmish obidalarning biri deb tilga olishardi. Fargʻoniyning Nil daryosining suv sigʻimini oʻlchagich yaratganini, undan yaqin yaqinlargacha foydalanishganini taʼkidlashardi. Ushbu oʻlchagich ulugʻvor uskuna boʻlsa kerak deb oʻylardim. Ulugʻvor inshoot – uskuna ekan. Uni kuzatar ekanman, oddiylikdan murakkablikka degan fizika qonuni esimga tushdi. Oddiy topilmadan ulugʻvor haqiqatni yaratganini his qildim.
“Ziji Kurogoniy” asarida yulduzlar jadvalini tuzib falakiyot ilmini dunyoga tanitgan ham bizning ajdodimiz Mirzo Ulugʻbek!
Hazrat Alisher Navoiyning “Majolis-ul-nafois” va Nasoimul-muhabbat” asarlarida ajdodlarimizning taʼrifu-tavsiflari goʻzal ifoda etilgan 500 dan ortiq shoiru fuzaloni eʼtirof etganlar. Ajdodlarimizdan urf boʻlgan bu anʼanani kelgusi avlodlarimizga yetkazish bizning burchimiz. Beruniy, Xorazmiy, Sohibqiron Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Bobur, Jaloliddin Manguberdi kabi ulugʻlarimiz navqiron avlodning gʻurur togʻlaridir.
Mamlakatimiz istiqloli tufayli Islom madaniyati va taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshgan Zamaxshariy, Imom Buxoriy, Moturidiy, Termiziy kabi allomalarning kitoblari oʻrganila boshlandi.
Alloma Alisher Navoiyning birgina hikmati minglab oʻgitlarga teng. Aql ila olam yuzini obod qilishga chorlaydi. Goʻzal xulq ila elni shod qilishga undaydi.
Aql ila olam yuzin obod qil,
Xulq ila odam elini shod qil.
Navoiy bobomiz kuylaganlaridek, moziyshunos olim Ubaydulla Uvatov aytganlaridek yurtimiz allomalari oʻz amallari-yu asarlari ila dunyoga nur sochib, olam yuzini obod qilib ketishdi.
Ajdodlarimiz mehnatining mahsuli boʻlmish gʻoyat qimmatli va dunyodagi eng qadimiy qoʻlyozma “Avesto”dagi goʻzal bitiklar ham ana shundan dalolat beradi. Eramizdan oldingi davrda yaratilgan yozma manba “Avesto”da olamni munavvar qiluvchi quyosh Sharqdan chiqishi tilga olinadi. Zero, quyosh bilan olam munavvarlashadi, jamiki tabiatu mavjudot harakatga keladi.
Tabarruk yurtimiz – Oʻzbekiston oʻzida Sharq tarixi, maʼrifati, madaniyati, sanʼati, xoʻjalik hayoti rivojining goʻzal namunalarini jamlagan va jahon ahliga koʻz-koʻz qilgan maʼjizakor makon ekanligini mustaqillik sharofaati bilan isbotlanmoqda.
Biz ham jahon ahli koʻz oʻngida Muhammad Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Mahmud Zamaxshariy, Imom Buxoriy, Burhoniddin Margʻinoniy, Imom Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy va boshqa mutafakkirlarimizning nomini yurtimiz nomi bilan bogʻlash tadbirlarini amalga oshirish ishlari ham boshlandi. Chunki, ushbu harakat eng avvalo mamlakatimizni dunyo maydonida koʻproq tanilishiga, xorijliklarning mamlakatimizga qiziqishi ortib, turizmni rivojlanishiga munosib hissa qoʻshadi.
Masalan, Oʻtgan yili «Abu Rayhon Beruniy nomidagi YUNYeSKO – Oʻzbekiston xalqaro mukofotini taʼsis etishni qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida» prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, YUNYeSKO bilan hamkorlikda sunʼiy idrok sohasida odob-axloqni targʻib etish orqali ilmiy muloqotni ragʻbatlantirish boʻyicha Abu Rayhon Beruniy nomidagi YUNYeSKO – Oʻzbekiston xalqaro mukofotini taʼsis etish belgilandi va Parij shahridagi YUNYeSKO bosh qarorgohida Abu Rayhon Beruniy hayoti va ijodiga bagʻishlangan xalqaro koʻrgazma va tadbirlar yuqori saviyada oʻtkazildi.
Oʻtgan allomalarimizning oxirati obod boʻlsin. Izdoshlari koʻpaysin. Unga esa yangi Oʻzbekistonda sharoitlar mavjud.
Raʼno Zaripova, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist, Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi
Rasmda: Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT)ning Venadagi binosi oldidagi Sharqning toʻrt buyuk allomasi haykali