Xalq va haqiqatni ardoqlagan Navoiy

0
661
marta koʻrilgan.

Bu yil alloma Alisher Navoiyning 580 yilligi nishonlanishi munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ”Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori eʼlon qilindi. Unda taʼkidlanganidek, buyuk shoir va mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiyning bebaho ijodiy-ilmiy merosi nafaqat xalqimiz, balki jahon adabiyoti tarixida, milliy madaniyatimiz va adabiy-estetik tafakkurimiz rivojida alohida oʻrin tutadi. Ulugʻ shoir oʻzining sheʼriy va nasriy asarlarida yuksak umuminsoniy gʻoyalarni, ona tilimizning beqiyos soʻz boyligi va cheksiz ifoda imkoniyatlarini butun jozibasi va latofati bilan namoyon etib, yer yuzidagi millionlab kitobxonlar qalbidan munosib va mustahkam oʻrin egalladi.

Shuningdek qarorda “Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori loyihasini ishlab chiqish, Alisher Navoiy ordenini taʼsis etish, Afgʻoniston Islom Respublikasining Hirot shahridagi Alisher Navoiyning maqbarasi majmuasida qurilish va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish, shuningdek bizning institutimiz mutaxassislariga ham tegishli boʻlgan  xorijiy davlatlarda saqlanayotgan Alisher Navoiy qalamiga mansub va u yashagan davrga oid qoʻlyozmalarning faksimile nusxalarini mamlakatimizga olib kelish choralarini koʻrish kabi vazifalar ham belgilandi.

Ushbu saʼy-harakatlar alloma bilan birga xalqimizni ham yurtimizni ham yanada ulugʻlayli. Alisher Navoiy asarlari ham siymosi ham mangudir!    

Til va tafakkur uygʻun. Til va tafakkur uygʻunligi Sharq falsafasining uzviy bir yoʻnalishidir. Alisher Navoiy bobomiz turkiy til goʻzalligini bu tilda tafakkur qilib bu tilda goʻzal asarlar bitish mumkinligini oʻz davrida isbotlagan edi. Navoiy Nizomiy panjasiga panja urmoq oson emas deya, kamtarlik ila  turkiy tilda goʻzal ”Xamsa”ni yaratib ona tilini ulugʻladi. Oʻziga asarlari bilan haykal qoʻydi. 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti “Mamlakatimizda oʻzbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi  Farmonida  2020-2030 yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi tasdiqlandi. Bu ham alloma Alisher Navoiyning saʼy-harakatlari davom etayotganining ifodasidir.

Ayni kunlarda yurtimizda oʻzbek tili mavqeini yuksaltirishga, milliy adabiyotning imkoniyatlarini dunyoga tanitishda, jamiyatda haqiqat va adolat mezonlarini qaror toptirishga oʻz davrida munosib hissa qoʻshib, nurli izlar qoldirgan hazrat Alisher Navoiyning asarlaridagi goʻzal tashbehlarni yana bir bora eslaymiz.

Alloma “Muhokamatu –l-lugʻatayn” asarida shunday deb yozadi: ” Tagri aslda tabimizda gʻaroyib narsalarga maylni va nozik ham qiyin narsalarni anglashga kirishishni tabiiy qilgani uchun  turk soʻzlari ustida mulohaza yurgizish lozim koʻrildi. Bu holda shunday bir olam namoyon boʻldiki, oʻn sakkiz ming olamdan ortiqroq. U yerda tabiga zeb va ziynat osmoni maʼlum boʻldiki, toʻqqiz falakdan ortiqroq. U yerda  fazilat va yuqorilik xazinasi uchradiki, marvaridlari yulduzlar gavharlaridan koʻra yaltiroqroq; bir chamanzor yoʻliqdiki, gullari koʻk yulduzlaridan koʻra ochilganroq;  bu xazina va chamanzorning tevaragi  el oyogʻi yetishdan asralgan va qimmatbaho narsalari boshqalarning qoʻli tegishidan  saqlangan edi. Ammo xazinasining iloni qonxoʻr va chamanzorining tikani son-sanoqsiz edi. Xayolga keldiki, hamono tab ahllari(shoirlar) bu ilonlarning nayzasidan qoʻrqib bu xazinadan bahra ololmay oʻtgan ekanlar…”. (“Muhokamatu –l-lugʻatayn” kitobi, Qosimjon Sodiqov tahlili, tabdili va talqini ostida. “Akademnashr” 2017 yil, 22-bet).

 Yana Alisher Navoiy “Muhokamatu –l-lugʻatayn” asarida turkiy tilning goʻzalligini, boyligini koʻrsatish maqsadida forsiyda muqobili boʻlmagan yuzta feʼlni misol sifatida keltiradi. (“Muhokamatu –l-lugʻatayn” kitobi, Qosimjon Sodiqov tahlili, tabdili va talqini ostida. “Akademnashr” 2017 yil, 21-bet).

Mustaqil Oʻzbekiston ham oʻzbek tiliga davlat tili maqomini berib. Hazrat izidan borib ona tilimizni koʻklarga koʻtaryapti. Mustaqil Oʻzbekistonning dastlabki qadamlari alloma Alisher Navoiyning muborak nomlari bilan bogʻliq.

Mamlakatimizning birinchi Prezidenti Islom Karimov 1991 yil 4 sentyabrda Oʻzbekiston Milliy bogʻida qad koʻtarayotgan Alisher Navoiy haykalini va bogʻda olib borilayotgan qurilish ishlarini koʻzdan kechirayotib, yodgorlikning ochilishida nahor oshi tortilib, Qurʼon tilovat qilib yuborilishini aytganlarida tinglab turgan har bir kishining qalbi bir qalqib tushgani tabiiy. Bu bilan jamiyatda adolat tamoyillarini hayotga singdirish yoʻlida yana bir muhim qadam qoʻyildi. Zero, mustaqil Oʻzbekistonimizning milliy qadriyatlariga monand tadbiri hazrat Alisher Navoiy nomi bilan boshlanganligi tasodif emas. “Xamsa” asaridagi “Saddi Iskandariy” dostonida obod, ozod yurt va odil podsho orzusi kuylanadi. Hazrat Navoiyning ozod va obod yurt haqidagi orzu – umidlari bugungi kunda amaliyotda oʻz ifodasini topmoqda.

Masalan. Mustaqil Oʻzbekiston kishilarining oldida turgan vazifalardan biri – rasmiy tilda ham goʻzal asarlar yaratish mumkinligini isbotlash edi. Sobiq sovetlar davrida oʻzbek tilida qonunlarni tayyorlanishini, zarurat boʻlganda boshqa tillarga oʻgirilishini qalbida Vatan tuygʻusi boʻlgan har bir ziyoli orzu qilardi. Zero, qonunlar oʻzbek xalqi, uning osoyishtaligi, Vatan taraqqiyoti, yurt tinchligi uchundir. Ayni kunda qonunlarimiz ham oʻzbek tilida tayyorlanib, soʻngra boshqa tillarga oʻgirilmoqda. Mustaqil mamlakatimiz konstitutsiyasida belgilanganidek, har bir kishi oʻzligini tanisa, oʻz huquqini bilsa huquqiy demokratik davlatga aylanadi. Zero, “Davlat tili toʻgʻrisida”gi qonunning 19–moddasida belgilanganidek qonunlarimiz oʻzbek tilida yaratilib, zarurat boʻlganda boshqa tillarga oʻgirish belgilanganligi bu milliy qonunchiligining yutugʻidir. Bu ham alloma Alisher Navoiyning goʻzal asarlarida kuylagan orzularining amalga oshganligining ifodasidir.

Hazrat Navoiyning sogʻlom avlod tarbiyalash orzusi! Mustaqillikdan keyin sogʻlom avlod tarbiyalash vazifasi umumxalq harakatiga aylantirildi. El-yurt havas qiladigan farzand tarbiyalash tuygʻusi barcha xalqimizga, har bir millatdoshimizga birdek tanish va birdek aziz. Farxod-u Alpomishdek alp oʻgʻlonlar, Shirinu Barchinoydek oy yuzli, goʻzal xulqli qizlar tavsifi allomaning har bir dostonu sheʼriyatida kuylanishi bugungi kun bilan, bugungi davr bilan hamohang.

Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin” dostonidagi Farhodning jasoratini, Vatan ishiga kamarbasta matonatini yoki Shirin va uning oʻn nafar kanizagining taʼrifu tavsifini bir eslang.

Diloromu Diloro-yu Diloso

Gulandamu Sumanboʻyu Sumanso

Parichehru, Parizodu Parivash

Paripaykar zihi oʻn ismi dilkash.

Allamo oʻn kanizagining har birida orzu havas qilgudek fazilatlar borligini va ularning bari Farhodu Shirinda mujassamlashganini faxr bilan kuylaydi. Har biri bitta yoʻnalish-tarix, fizika, matematika, mantiq, astronomiya, huquqshunoslik kabi ilmlarning yetuk sohibalari boʻlmish kanizaklar Farhodni savolga tutadilar. Farhod hozirjavoblik bilan kamolat sohibi ekanligini namoyon etadi. Hazrat Alisher Navoiy nazdidagi boʻlajak onalar shu qizlar timsolida mujassamlashgan. Sogʻlom fikrlovchi ham jismoniy ham maʼnan goʻzal farzandlar ana shunday yetuk ilmli, komil insonlardan bino boʻlishligini allama shoirimiz orzu qilgan boʻlsa ajab emas. Zero, sogʻlom onadan sogʻlom farzandlar dunyoga keladi. Lekin bu orzuni umummilliy vazifaga aylantirish, uni toʻla ruyobga chiqarish imkoniyati faqat Oʻzbekiston istiqlolga erishgandan keyin vujudga keldi. Xalqimizning asriy orzulari ushaldi.

Isteʼdodli qizlarga eʼtibor berilib,  Zulfiya nomidagi mukofotning berilayotganligi, ilmu fan bilan shugʻullanayotgan salohiyatli yoshlarga Prezident stipendiyasi taʼsis etilib, ruhlantirilayotganligi, izlanuvchan yosh sanʼatkorlarga “Nihol” sovrini joriy etilib ular ragʻbatlantirilayotganligi komil inson tarbiyalash yoʻlidagi Navoiy asarlarida kuylangan  goʻzal va samarali orzulardir.

Toshkent “Islom madaniyati poytaxti” degan qutlugʻ nomga sazovor boʻldi. Tabarruk yurtimiz – Oʻzbekiston oʻzida Sharq tarixi, maʼrifati, madaniyati, sanʼati, xoʻjalik hayoti rivojining goʻzal namunalarini jamlagan va jahon ahliga koʻz-koʻz qilgan maʼjizakor makon ekanligini Alisher Navoiyning asarlaridan oʻrganamiz va oʻrgatamiz. Alloma Alisher Navoiy ruhi mangu va barhayot. Xalqimizning gʻururi va faxri boʻlmish allomaning namunali hayoti, joʻshqin va adolatli faoliyati, goʻzallikka yoʻgʻrilgan ijodiyoti avlodlarning hamisha yoʻlini yoritib turadi.

Biz pedogoglar ham ushbu ishga munosib hissa qoʻshib kelayotganimizdan, hazrat Navoiy gʻoyalarini  yuksaltirish yoʻlida gʻayrat-shijoat koʻrsatayotganimizdan  bagʻoyat xursandmiz.  Universitetimiz olimlari  hazrat hayoti va ijodiy faoliyatiga bagʻishlangan ilmiy toʻplamni nashrga tayyorlashdi. Konferensiyalar, ijodiy uchrashuvlar, talabalarning alloma asarlari bilan chiqishlari uyushtirilmoqda.

Nodira SAʼDULLAYEVA, Toshkent Davlat sharqshunoslik universiteti oʻqituvchisi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.