Birinchi kursda bizga antik adabiyot fanidan Viloyat Fayziyeva degan dotsent opa dars bergan edi. Sofokl ijodini oʻrganishga yetib kelganimizda u kishi:
‒ Shanba kuni Hamza teatrida “Shoh Edip” spektakli oʻynaladi. Bosh rolda ‒ Shukur Burhon. Kechqurun soat besh yarimda hammangizni teatr kassasi oldida kutaman. Birgalashib koʻramiz, keyin darsda muhokama qilamiz, ‒ deb eʼlon qildi.
Gʻirillab shanba ham yetib keldi. Biz, nodon, oʻyinqaroq talabalar, tabiiyki, teatr haqidagi gapni aytilgan zahoti unutgan edik. Toʻgʻri‑da, oʻzingiz oʻylang axir, haftada bir keladigan muborak kun ‒ shanbani pivo yo futbol, yo choyxonadagi osh oʻrniga qanaqadir teatrga qurbon qiladigan anoyi bor ekanmi?
Vijdoni picha qiynalgan bitta‑yarimtamiz esa darhol oʻzimizni oqlaydigan vaj‑karson topdik: kelarmidi, aytdi-qoʻydi-da. Nima, bu xotinning boshida eri, qaynonasi, bola-chaqasi, uyida roʻzgʻor tashvishi yoʻqmi, ishdan keyin biz bilan teatrda yetaklashib yursa…
Dushanba kuni maʼlum boʻldiki, yigirma beshta talabadan birontasi “Shoh Edip”ga bormabdi. Shoh boʻlsa oʻziga.
Antik adabiyot darsi boshlandi. Opa Homer haqidagi mavzuni juda maroqli qilib tushuntirib berdi. Xayriyat, teatrga kelmagan ekan, deb biz ham yengil tortdik.
‒ Shanba kuni sizlarni teatrda bir soat kutdim, ‒ dedi. ‒ Afsus, kelmadinglar. Kelasi shanba soat besh yarimda kassa oldida kutaman. Xayr.
Qattiqqoʻl, talabchan bu opaning bizni koyib-netib oʻtirmaganini koʻrib, hayron qoldik.
Yana shanba keldi. Har kim har yoqqa tarqab ketdi. Spektakl tagʻin esdan chiqdi.
Dushanba kuni maʼlum boʻldiki, yigirma beshta talabadan uchta qiz, ular ham tugʻilgan kundan chiqib, teatrga boribdi. Dotsent Viloyat Fayziyeva bilan “Shoh Edip”ni tomosha qilishibdi. Ularning spektakl haqidagi taassurotlari “Dahshat!” degan bitta soʻzdan iborat edi.
Tagʻin antik adabiyot darsi boshlandi. Opa Esxil ijodi haqida zoʻr maʼruza qildi. Dars tugagandan keyin bizga qarab sekingina:
‒ Shanba kuni kutdim, yigirma ikki kishi yana kelmadi, ‒ dedi. ‒ Afsus. Sizlarga bitta savolim bor: Toshkentga nega kelgansizlar oʻzi? ToshDUda oʻqiyapman, deb avvalo ota-onangizni, keyin oʻzingizni aldab yurgandan koʻra, haliyam kech emas ‒ qishloqlaringizga qaytib ketganingiz maʼqul. Dalangizda qoʻy boqib, bogʻingizda olma qoqib yursangiz ham kuningiz oʻtadi. Lekin teatrni, galereyani, konservatoriyani, muzeyni koʻrmasdan-bilmasdan turib, odam qanday jurnalist boʻlishi mumkin? Qanday ziyoli boʻlishi mumkin? Ertaga boshqa millat vakillari bilan qanday teng boʻlib gaplashishi mumkin?
Hammamiz boshimizni egib olgan edik.
‒ Shanba kuni soat besh yarimda sizlarni teatr kassasi oldida kutaman, ‒ dedi opa, keyin sirli ohangda qoʻshib qoʻydi: ‒ Ey nodon bolalarim, Shukur Burhon ham gʻanimat, koʻrib qolinglar. Xayr.
Domlaning gaplari jon-jonimizdan oʻtib ketgan ekan, shanba kuni hammamiz yasan-tusan qilib Hamza teatriga bordik. Opa kassa oldida bizni kutib turgan ekan, birgalashib zalga kirdik.
Spektakl boshlandi va besh daqiqa oʻtmasdan biz… jinni boʻlib qoldik ‒ sahnada buyuk Shukur Burhonni, betakror Qudrat Xoʻjayevni, beqiyos Amin Turdiyevni koʻrib… Asqad Muxtorning ilohiy tarjimasini eshitib…
Spektaklga boshqa odamlar boʻlib kirgan edik ‒ butunlay boshqa odamlar boʻlib chiqdik.
Antik adabiyot muallimasi Viloyat Fayziyevaning sharofati va marhamati bilan, afsungar sanʼatning qudrati bilan qalblarimizda mana shunday buyuk evrilish yuz berdi.
Shu kundan eʼtiboran barchamiz teatr shaydosi ‒ ashaddiy “teatral”larga aylanib qoldik.
Hamza teatrining ham eng gullab-yashnagan davrlari ekan. Shaxsan men teatr sahnasida qoʻyilgan “Hayot shomi” spektaklida Olim Xoʻjayevni, “Gʻariblarda” Nabi Rahimov bilan Sora Eshontoʻrayevani, “Oʻgʻirlangan umr”da Yayra Abdullayevani, “Oltin devor”da Gʻani Aʼzamovni oʻz koʻzim bilan koʻrish baxtiga musharraf boʻldim.
Viloyat opa esa bir semestr dars berib, biz bilan xayrlashib ketdi. Umr yoʻllarida qaytib koʻrishish nasib etmadi.
…Baʼzan turib-turib oʻylab qolaman: chindan ham bu xotinning boshida tergaydigan eri, qaynonasi, etagiga yopishadigan bola-chaqasi, roʻzgʻor tashvishi yoʻqmidi? Bor edi, albatta. Oʻzi kursdosh qizlarimizdan Matlubaga aytgan ekan: uchta bolasi, tajang bir eri, zahargina qaynonasi bilan birga yashar ekan.
Lekin, nazarimda, bu ayolning qalbida oʻzbek ziyolisi, oʻzbek millati uchun qaygʻurish tuygʻusi bor edi. Va bu tuygʻu qolgan hamma narsadan ustun edi.
Xayriddin SULTONning “Navoiy-30” (Janri yoʻq kitob) asaridan