El hurmatiga sazovor boʻlgan, xalqni dilini topgan rahbar ayollarni Xorazmda opay deb eʼzozlashadi. Ana shunday el-yurt xizmatida tik turgan opaylardan biri Xorazm hokimi oʻrinbosari Shakarjon Xoʻjaniyozova edi.
Parlamentda ishlagan kunlarim u insonni bilgan, birga ishlagan kishilar opay yaxshi yuribdilarmi deb soʻrashardi. Oliy Majlis raisi oʻrinbosari boʻlib ishlagan Boʻritosh Shodiyeva meni salomimni yetkazib turibsizmi deya, soʻrab, mehr-muhabbatini ifodalab, har koʻrishganimizda goʻzal siyratlarini bir-bir samimiylik bilan taʼriflardi. Juda dilkash inson, dilizuvon voiza deya taʼkidlashardi. Shakarjon Xoʻjaniyozova Oliy Majlis deputati boʻlib, oʻzidan yaxshi nom qoldirdi. Bir marta emas ikki marta xalqning eʼzoz-eʼtiboriga sazovor boʻlib deputatlikka saylandi. Bu ayol haqida koʻplab maqolalar yozilgan, kitoblar bitilgan. Muhabbat Safayevaning «Opa. Siyrat sari safar» kitobi shulardan biridir.
Ana shunday goʻzal tashbehlar ila samimiy yozilgan yodnomani tahririyatimizga sinfdoshim Bekposhsha Xoʻjayeva ham joʻnatdi. Xorazmning ardoqli qizi, vohaning sevimli opayi Shakarjon Xoʻjaniyozova safimizni tark etganiga besh yil toʻldi. Yotgan joyi nurga toʻlib, oxirati obod boʻlishini Allohdan soʻrab qolamiz…
Raʼno Zaripova, GUJUM.UZ cayti rahbari
Bekposhsha Xoʻjayeva: U kishini buyuklikka daxldor ayol deb bilaman
Shakarjon Xoʻjaniyozova bilan ilk uchrashuvimiz aslo esimdan chiqmaydi. Shu kundan eʼtiboran bu insonga nisbatan ruhiyatimda katta ishonch paydo boʻlgan. Vaqt oʻtishi bilan uning feʼlidagi kuchli iroda, intiluvchanlik, xaloskorlik, madadkorlik, mehrigiyosi oʻtkirligini, koʻngil odami ekanligini kashf etib bordim. Yana qutlugʻ qadam degan iborani ham tom maʼnoda Shakarjonning nomi yoniga tirkash mumkinligini bildim.
Ilk uchrashuvimiz – Shakarjon Xoʻjaniyozova xaloskor. Xorazm teleradiokompaniyasining “Yoshlik” redaksiyasida muharrirlik vazifasida ishlayotgan yillarim. Kasb- hunar texnika bilim yurtlari oʻrtasida ustozlar, shogirdlar ishtirokida oʻqish, hunar egallash jarayonlarini yaxshilash borasida fikr- mulohazalarni oʻrtoqlashish maqsadida uchrashuvlar tashkil etganmiz. Navbatdagi dasturimizda Bogʻot va Gurlan tumanlarining kasb- hunar texnika bilim yurtlari vakillari katnashishi belgilaandi. Efir vaqti 50 daqiqa. Bogʻotliklar vaqtida yetib keldilar. Hammasi orasta, tartibli. Koʻrsatuv oldi tayyorgarligini oʻtkazish vaqti yaqinlashayapti. Gurlanliklardan darak yoʻq. Koʻrsatuv oldi nazoratni kechiktirib boʻlmaydi. Chunki, har bir koʻrsatuvning vaqti belgilangan. Tanbeh eshitmaslik uchun rejissyorimiz bilan bamaslahat faqat bogʻotliklar bilan tiyyorgarlikni boshlab yubordik. Yaxshi ham tayyorgarlikni qabul qilib olishda kattalardan hech kim ishtirok etmadi.
Efir vaqti yaqinlashayapti. Gurlanliklar yetib kelmayaptilar. Koʻrsatuvni qoldirib boʻlmaydi. U paytlari toʻgʻridan toʻgʻri efirga uzatilgan. Xorazm televideniyasida zahira, arxiv degan tushunchalar yoʻq. Koʻrsatuv dasturdan olib tashlansa 50 daqiqani nima bilan toʻldiramiz? Izidan keladigan xayfsanlaru, doʻq poʻpisalar toʻgʻrisida gapirmasa ham boʻladi.
Mening qattiq asabiylashib, yigʻlar holatda ilojsiz turganimni koʻrgan Shakarjon Xoʻjaniyozova yonimga keldi.
– Bekposhsha opa. Qattiq siqilayapsiz. Ruxsat bersangizlar, shu koʻrsatuvni boshqarsam. Nasib qilsa vaqtingizni chiroyli qoplab berishga kuchimiz yetadi. Kasbdoshlarim va oʻquvchilarimiz bilan tezda tayyorlanib olamiz.
Rejissyorimiz bilan maslahatlashdik. Tayyorgarlikni puxtaladik.
Koʻrsatuv boshlandi. Yuragim bejo. Yaxshi bilmagan odamga hech kimdan ruxsat olmay efirni ishondik. Bir ogʻiz nojuya jumla ketsada katta muommolarga qolib, boshimizda tayoq sinishi aniq.
Efirda Shakarjon Xoʻjaniyozova. Sochining farqi tal oʻrtadan ochilib ikki tarafga silliq taralgan, chiroyli turmaklangan. Egnidagi odmi kiyimi oʻziga yarashgan. Oʻktam ovozli. Aytayotgan soʻziga, mazmunga monand urgʻu berib, dadil, erkin gapirayapti. Xuddi 10 yillab boshlovchilik qilayotganday. Ovoz rejissyori deysizmi, teleoperatorlar, yordamchilar barchamiz hayratdamiz. 50 daqiqa deganda oʻz vaqtida koʻrsatuvni yakunladi. Peshonamdagi terimni artib studiya eshigi oldiga chopdim. Eshikdan chiqayotganlar orasida Shakarjonni boʻylari koʻrinmayapti. Ana. Uni bagʻrimga bosdim. Hayajondan qizarib ketgan yuzlaridan oʻpdim. “Oʻzimning xaloskorim” dedim koʻzlarim yoshlanib. Dushanba kunida oʻtkaziladigan letuchkada koʻrsatuvim yuqori baholanib, raxmat eshitdim. Bu aslida bizga emas, Shakarjon Xoʻjaniyozovaga bildirilgan maqtovlar edi. Bizning ishonchimiz, bir-birimizni tushuna olishimiz shu kundan boshlandi, nazarimda.
Vaziyatni anglay olish xususiyati.1989 yil. Yurtda parokandalik, noroziliklarning kuchaygandan kuchayib borayotgan pallasi. Viloyatimizning barcha tumanlariga koʻchma televizion markaz bilan chiqib, “Keling ochiqchasiga gapirishaylik” turkimidan dasturlar tayyorlayapmiz. Rahbar mutaxassislarni fuqarolar bilan yuzma yuz uchrashtirib muammolarni hal qilishga intilayapmiz. Koʻrsatuvimiz videomagnitafonga yozib olinadi. Videomagnitafonning kattaligi damas avtomobilidek, kassetalari gʻildiragidek keladi. Biroq, koʻrsatuvni montaj qilishning aslo iloji yoʻq. Jarayonda xatolik oʻtsa koʻrsatuv qayta boshdan yoziladi. Ushbu holatni qatnashchilarga qayta-qayta tushuntirib koʻrsatuvni boshlaymiz.
Bu gal Bogʻot tumanidamiz. Bir tomonimda tuman partiya komitetining 1- kotibi Rustam Qutlimurodov, ikkinchi tomonimda tuman ijroya komitetining raisi Shakarjon Xoʻjaniyozova. Zalda birinchi qatorda tumanning boshqa raxbarlari mutaxasislari, orqa oʻrindiqlarda tuman markazi va qishloqlardan kelgan vakillar.
Soʻzni Rustam Qutlimurodov boshladi. Hayajonlanib ozgina duduqlanganday boʻldi. Uning holatini his qilgan Shakarjon Yusupovna malol kelmaydigan tarzda gapni ilib ketdi. Ana sizga taʼsirchan, xammani oʻziga jalb qiladigan voizlik! Zal jonlandi. Qizgʻin munozara boshlandi. Opayning yordamga shayligi, madadkorligini shu davrada kashf etdim.
Shakarjon Xoʻjaniyozova Bogʻot tumani hokimi. Mustaqil Oʻzbekistonda, viloyatda, birinchi ayol hokim.Hokimlik ulkan, ogʻir masʼuliyatli daraja. 37 yoshni qarshilayotgan navjuvon boshiga elni olgʻa boshlash vazifasi yuklandi.
Dastlabki kunlardanoq Bogʻot tumanidan koʻrsatuvlar hozirlashni zimmamga oldim. Deyarlik 10 yil davomida tumandagi oʻzgarishlar, yangilanishlar, vaqti kelganda tanqidiy chiqishlarni ham efirga uzatib bordik. Oʻtgan davr oraligʻida Shakarjon Xujaniyozova rahbarligida kuchli jamoa yuzaga keldi. Shu jamoada tarbiya topgan mutaxassislar viloyat, Respublika miqyosida elga namunali xizmat koʻrsatib kelmoqdalar. Lekin, bunday darajaga yetish uchun qanchalik aziyat chekilgani, qanchalik kurashlarni yengib oʻtgani, ruhiy zarbalarga tob berganini kuzatganman. Qisinib, qimtinib turgan paytida koʻnglimdan kechaveradigan gapni sharta aytib yuboribman.
–Tashlang shu bosh ogʻrigʻi rahbarlikni!
Shakarjon armonli kulimsiradi. Va – Sizga havasim keladi – dedi dabdurustdan.
– Mengami? – hayratimni yashira olmadim.
– Ha, sizga. Rahbarlikka xos kirdikorlardan uzoqdasiz. Lavozim – oʻpqon. Domiga tortib ketaveradi. Toʻlqin qirgʻoqqa otib tashlasa has-choʻpdan farqing qolmaydi. Oqimga qiziqib suzaverasan, suzaverasan. Oʻpqonga duch kelib unga tortilib ketganingni bilmaysan. Rahbarlikning masʼuliyati, xalq oldidagi javobgarligi nihoyatda katta. Bu yoʻlga kirdingmi, chiqmoqlik mushkul.
Shakarjon koʻp gap aytmoqchi edi-yu, koʻzlarimga bir zum tikilib turib gapni hazil tomonga burib yubordi. Unga rahmim keldi, ha-ha yurtni boshqarib oʻtirgan bu ayolga tom maʼnoda rahmim keldi. Nega? Koʻzlarining bir chekkasida doimo mung bor. Nazarimda kurashlardan, masʼuliyatdan charchagani borligʻida aks etib turganday. Biri-biridan savlatli raislar, brigada boshliqlari, zavod va korxonalarning rahbarlari, mutaxassislar qarshisida turib ularning kamchiligini koʻrsatish, ish talab qilish oson kechadimi? Izlanish, oʻqib- oʻrganish, yangiliklardan boxabarlik, hayotiy tajribaga ega insonlardan kamtaronalik ila saboq ola bilishi tufayli butun boshli tumanni boshqara bildi
Achchiq tanbeh eshitgan rahbar indamaygina tinch turadi deysizmi? Buni yaxshi tushunib yetgan hokim oʻtkir tanqid, uni bartaraf qilish yoʻl-yoʻriqini koʻrsatish bilan, oʻsha rahbarning salohiyatini, imkoniyati kattaligini isbotlab, erishgan muvaffaqiyatlarini eslatib qoʻyardi. Shakarjon Yusupovnaga xos ushbu uslub: ham tanbeh ham maqtov tarozining pallasida teng kelib, ishning oʻnglanib ketishiga zamin yaratardi.
Shakarjon Xoʻjaniyozova irodasi kuchli ayol edi. Dehqonchilik uchun ogʻir kelgan yili tasvirchimiz Sobir ota Xudoyberganov bilan unib chiqqan nihollarni tasmaga olib xabar tayyorlash uchun Bogʻot tumaniga bordik.
Dala oʻrtasida horgʻin yuzi bahorning quyoshida qorayib ketgan, biroz uniqqan roʻpagini peshonasiga bostirib tangʻib olgan, oyogʻidagi etigining rangi tuproq bilan bir xil….Qoʻlida chiviq. Bot-bot yerga tiqib koʻradi, oʻtirib tuproq kovlab, qadalgan chigitni olib koʻradi.
–Hormang!! – ovoz beramiz.
– E, bor boʻling. Singlimni ahvoli qanday kechayapti deb xabarlashmaysiz ham, – gina qilgan ovozda soʻrashib, qoʻllari changini qoqib, ogʻir odimlab yonimizga keldi.
Ajabo, jilmayishga urinayapti-yu, koʻzlariga mung choʻkkan. Qopoqlari soliqqan, dalama dala yuraverib toliqqan. Dardi borligi, injilgani aniq sezilib turibdi. Ustiga ustak, koʻp maydonlarda chigit unib chiqmayapti. Soʻrashib, istashib boʻlgach, maqsadimizni bildirdik. Uning oʻzi bizlarni ilk nihollar quloq chiqargan dalaga boshladi. Mungli nigohlari birdan yorishdi. Koʻrsatgichlarni yozib oldim. Faktlarni dona dona aytadiki, xox xabar yozay, xox koʻrsatuv tayyorlay risoladagiday chiqadi.
Shakarjonning ijod ahliga, jurnalistlarga eʼtibori boʻlakcha edi. Qalam ahlini qadrlay olardi. Balki, shuning uchundir, koʻpchilik Bogʻotga intilardi. Mavzu aytilsa bas. Manzillar belgilanardi. Hamroh qoʻshilardi. Faqtlar hozirlanardi. Ish tez yurishib ketardi.
Yoz kunlarining birida eʼzozli shoirimiz Omon Matchonni oilasi bilan Qalʼajiqda uchratdik. Tuzli koʻlda choʻmilib, qumga koʻmilib, qora uyda dam olib oʻtirgan ekanlar. Shu orada Shakarjon Yusupovna yetib keldi. Suhbat qizidi. U Omon Matjonning sheʼrlaridan baʼzilarini sokin, oʻktam ovozda satrlarga urgʻu berib yoddan oʻqidiki, oʻzim bilgan sheʼrlarning mazmun mohiyati boshqacha maʼno kashf etdi goʻyo.
Yakka qolganimizda shoirning ijodini yaqindan bilishi bilan qiziqdim.
–Omon aka koʻpdan beri Qalʼajiqqa kelishini aytib yurgandilar. Xorazmdan shunday kuchli ijodkor chiqqan boʻlsayu, ijodidan xabardor boʻlmasak, yarashadimi? Vaqt topib toʻplamlarini qayta koʻzdan kechirdim. Ayrim sheʼrlarini ikkinchi bora oʻqishda yodimda qoldi.
Hokim talabalar bilan koʻp uchrashuvlar oʻtkazar, ularga ishonch bildirar,. sovgʻalar ulashar, muhtojlardan yordamini darigʻ tutmasdi. Ayollar bilan oʻtkaziladigan uchrashuvlarda esa, oʻsmir yoshdagi qizlarni asrab avaylash masalasiga alohida urgʻu berardi. Bir kuni buning sababini soʻradim. Savolimga oʻzining misolida javob qaytardi. Shakarjonning oilasida faqat qiz farzandlar dunyoga kelgan. Padarlari oʻgʻil farzand istagan va boshqa ayolga ketgan. Oʻsmirlik yillarida yuk bilan bogʻliq ogʻir mehnatlar qizlar zimmasiga tushgan. Bu xolat boʻylarining risoladagidek oʻsmay qolishiga sabab boʻlgan.
Shakarjon Yusupovnaning xarakterida ikki xil oʻzgarishni kuzatganman. Qoʻl ostidagi rahbarlar oldida rasmiy, dadil, basavlat ovozli. Oddiy fuqaro qoshida oʻta samimiy, dilkash. Ayniqsa, xotin-qizlar davrasida gul-gul yashnab, ochilib-sochilib, quvnoq ayolga aylanib ketardi.
“Bir kelib keting qishlogʻimizga” koʻrsatuvini xozirlashga borganimizda Nayman qishlogʻida uchrashib qoldik. Opayni pudratchi ayol toʻyga taklif qilgan ekan. Kirib borishimiz bilan davradagi opa-singillarimiz duv oʻrnidan turdilar. Koʻrishdik. Bir muddat tortinchoqlik qildilar. Shakarjonning shoʻx oxangda gurung boshlab qishloqda mexnati orqali xurmat qozongan ayollar bilan bogʻliq qiziqarli voqealarni gapirib berdiki, barchamiz kulishib bir misqol boʻldik. Ketayotganimizda qoʻlimizga tugunchik tutqazdilar. Albatta, ichida ikki choʻrak, bir qisim shira, 2 metr mato. Bunday matolarni elgazar yaʼni elkezar deydilar.Toʻydan-toʻyga, marakadan marakaga yuradi.
– Raxmatey, Shu sizlardan tugunchak olishni yaxshi koʻramanda, —xazillashdi Shakarjon
Shaddot ayollardan biri – tuyunchiklar bir boʻgʻcha boʻlgandirov – deb gap tashladi. Shakarjon kulib yubordi.
– Folbin boʻlib keting-yey. Yigʻib qoʻyganman. Toʻyga borganingizda bosh — oyoq sarpo qilib tugunchak qaytaraman.
Shakarjon Xoʻjaniyozova raxbar xodimlari toʻplangan maskanga mashinada kirib borib, ularning oldiginasida ulovdan tushardi. Dalada ishlaydiganlar oldiga esa mashinani uzoqda qoldirib piyodalab borardi.
Bir gal dala boshida raisning jazavaga tushib kimlarnidir qattiq koyiyotganini yaqqol eshitib yaqinlashdik. Xokimning paydo boʻlib qolishi raisni javdiratdi. Shakarjon Yusupovna xech gap eshitmaganday rais, uning atrofidagilar bilan omonlashdi. Suxbatlashdi. Gap nimadaligini angladi. Yigʻilganlar dalaga, biz chertak (shipon) tomonga yoʻl oldik.
“Secha(chumchuq) oʻz doshiga botmon. Soʻkib turganlaringizning xar biri bir oilani boshligʻi. Soʻqalamang. Soʻqolangan odamning ishi oʻngidan kelmaydi, yurishmaydi. Yumushini nafrat aralash bajaradi”, – dedi opay.
Bosiqlik bilan tanbeh bergani baland boʻyli rais ham, peshtoqdek basavlat brigada boshligʻi ham nazarimda uning oldida kichrayib qolgandek tuyuldilar.
Chertak savlat toʻkkan gujumning tagida. Salqin. Jikkakina juvon liqillab turgan kursichani oyogʻi tagiga qoʻyib, gujum shoxasiga ilingan dudan savat ichidagi roʻmoldan ikkita nonni olib dasturxonga qoʻyib bizga tutdi. Aslida nonning tuzini bir chimdingina sindirib tatadilar. Biz esa beixtiyor shappatday nonni sindirib oldik. Boisi, xamiri sutga qorilgan, tandirda gʻoʻzapoya oʻtida qip-qizarib pishgan qisirdama non ishtahamizni qoʻzgʻab yuborgan edi. Shakarjon juvonni pazandaligini ulugʻlab, maqtadi. Yonimizda turgan yoshlardan birini mashina tomon joʻnatdi. U olib kelgan sumka ichidan guldor roʻmol chiqarib ayolning boshiga soldi. Uni quvonganini atrofdagilarga shodlanib nazar tashlaganini bir koʻrsangiz edi!
– Siz uchun asrab yurgandim, – Shakarjon ayolning shodligiga sherik boʻldi.
Hokim mashinasida durralar va katta roʻmollarni olib yurar, qaysidir mexnati bilan koʻzga koʻringan ayollarga yoʻl-yoʻlakay sovgʻa qilib ketardi. Oʻzini ham boshidan roʻmol tushmasdi.
Shakarjon Yusupovna asosan erkaklar bilan ishlashini inobatga olib komatini yashiradigan koʻzga tashlanmaydgan, odmi kiyinardi.
8-mart xalqaro xotin qizlar kuni arafasida viloyatning ilgʻor ayollariga bagʻishlab katta bayram davrasi tashkil etildi. Shakarjon Yusupovna davrani deyarli oʻzi boshqarib bordi. Shubhasiz aytgan har soʻzining salmogʻi bor. Hazili ham oʻrnida. Oʻyin-kulgu boshlanganda davrani tark etdi. Chiqib ketayotib koʻpchilik bilan soʻrashdi, yonlarida turib suhbatlashdi. Biz quchoqlashib koʻrishdik. Mening ham, Shakarjonning ham koʻzlarimiz yoshga toʻldi. Nega? Bilmayman. Bizni uzoqroq turib qolganimizni koʻrgan Leninza opa Asqarova sekin kelib Shakarjonni boshlab ketdi.
– Uzoqlashdikov. Sizni kutaman, – dedi.
Bordim, ishxonasiga. Opasi ogʻir xastalanibdi. Shifolanish davrida mening ogʻom, tibbiyot fanlari doktori, professor Ozod Xoʻjayev bilan uchrashibdilar.
– Shunday ajoyib, tengsiz ogʻangiz bor ekan. Buyuk inson. Juda kamtar, oʻtkir bilim egasi Ozod ogʻaga hurmatim yuksak.. Yurtimizdan shunday insonlar yetishib chiqqana!
Men ogʻom bilan doim faxrlanganman. Uning quyoshday issiq mehridan otasizligimni sezmay yayrab ulgʻayganman. Shakarjonning eʼtirofi meni yanada iftixorga toʻldirdi. Buni qarangki, ogʻom bilan qoʻngʻiroqlashganimizda Shakarjon Yusupovnani siyosatni, iqtisodni, xalq ahvolini chuqur anglagan, salohiyatli, iqtidorli rahbar ekanini taʼkidlaganlar. Shu uchrashuvdan keyin yana uzoqlashdik. Yiginlarda koʻrardim. Uning erib borayotgani, dardlari bezovta qilayotganini his qilardim. Ammo, ishdan qolmadi. Jonsarak yuraverdi. Vazifasini bor kuchi bilan ado etaverdi. Necha bor jarroh tigʻiga duchor qilgan dardi oxiri yiqitdi.
Janozaga xabar berdilar Bordik. Koʻcha boʻylab mashinalar, odamlar tizilishgan. Xonadoni 20 yil oldin qanday boʻlsa shundayligicha turibdi. Hatto biroz unniqqanday. Oxorsizday. Fayzi ketganday.
Opayni toʻrt burchakli tobutga soldilar. Janoza oʻqildi. Olomon gurrilab qistogʻ bilan, tobutni lopilatib olib ketdi. Bir paytlari Opayning Bogʻoti deb keladiganimiz, oʻzi bilan zavqlanib oʻtadigan koʻchalar mungʻayib qolganday.
Shakarjonni tez-tez eslayman. Amalga oshirgan ishlarini hayoldan oʻtkazaman Va Xorazmda yana bir BUYUK INSON yashab, yorqin iz qoldirib oʻtganini his qilaman.
Bekposhsha Xoʻjayeva, faxriy jurnalist