Yaxshilar yodi… FOZIL ZOHID ismi jismiga monand FOZIL INSON EDILAR

0
364
marta koʻrilgan.

 Taniqli jurnalist, yozuvchi, shoir va publitsist Fozil Zohidning oilasi bilan  ota-onamizning yaqindan bordi-keldilari bor edi.  Rahmatlik otam Zarifboy Bekchanov ijodkorlarni juda-juda hurmat qilardilar.  Qizi  Raʼno Zaripova va kuyovi Nomoz Saʼdullayev jurnalist boʻlganidan  faxrlanardilar, doim. Opam va pochcham Xorazmda boʻlsalar Fozil aka  albatta uyimizga kelardi. Oilamizda bu insonning ismlari tez-tez tilga olingan. Men oʻshanda yosh boʻlsam-da oʻtgan voqealarni yaxshi eslayman.

Bir kuni yaqin qarindoshlarimizdan biri oʻgʻlining oilasi buzilib ketishi  arafasida ekanligidan kuyinib otamga gapirib qoldi. Kelini uyiga ketib qolgan, qanday qaytarishni bilmayotgan edi. Otam uzoq oʻylanib turdi-da,

–  Bir yaxshi inson bor, agar rozi boʻlsang, u kishini oʻrtaga qoʻyamiz,dedilar.

Kim ekan u kishi?

Shoir Fozil Zohid,-dedilar otam.- Qudangnikiga uni olib boramiz.

Qanday boʻlarkan, avval ikkalamiz borib koʻrmaymizmi? Qudalar oyoq tirab olishgan. Hozir ularning jahli burinlarining uchida, zinhor qizimni oʻgʻlingga qoʻshmayman, deyapti. Buning ustiga biz bir emas, oʻn martalab bordik. Tagʻin qaytarib yuborishsa obroʻli bir kishi, dedi qarindoshimiz oʻngʻaysizlanib.

–  Sen qoʻrqma, Fozil aka, oʻta kamtarin odam. Soʻzga  juda chechan, hozirjavob. U kishining ajoyib fazilatlari bor. Hammaning birday  koʻnglini topishga harakat qiladi.  Kitob koʻp oʻqiydi-da, dedi otam kulib.

Suhbatdoshlar oʻsha kuni maslahatni bir joyga qoʻyib, tarqalishdi. Uyiga ketib qolgan kelinni  olib kelish rejalari puxta ishlab chiqildi.  Yosh boʻlsam-da  kelinning arazlagani sabablarini bilishga harakat qildim. Kelin eriga gap qaytargani va qattiqroq gapirgani uchun bitta shapaloq yegan ekan. Bitta shapaloq uchun ketib qoldi, deganlarini koʻp eshitganman. Qarindoshimiz oʻgʻlini hecham oqlamadi. Aksincha barcha ayb oʻgʻlimda, deya afsus chekdi. Lekin gʻamxoʻr otalar yosh oilani  buzmaslik uchun qattiq harakat qilishganini hozirgiday xotirlayman. 

Bu harakatga Fozil aka ham jon deb qoʻshildilar. Voqealarni ipidan ignasigacha bilishga intilganim rost. Qiziqqanman-da. Men koʻproq kelinoyini yaxshi koʻrganim uchun uni tezroq uyiga qaytishini xohlardim. Negaki, qarindoshimizning kelini yomon qiz emas edi. Uylari biznikiga yaqin boʻlgani uchun ikki yashar shiringina oʻgʻilchasini koʻtarib biznikiga koʻp kelgan va u bilan xoʻp gaplashgan edim.

 Ha, haqiqatan  Fozil Zohid qudalarnikiga borganida ular kelganlarni ochiq chehra bilan kutib olishgan ekan. Bilishimcha, ancha bahslar ham boʻlgan, ammo bu munozaralarda Fozil akaning donoligi va fozilligi qoʻl kelib, qudalar jahl otidan tushgan va qizini kuyovga qoʻsh qoʻllab  berib yuborgan edi.

Fozil aka, otam va qarindoshimiz keyinchalik juda yaqin ulfatlar boʻlib qolishdi. Quda  ustozga sheʼr oʻqitib, uning suhbatidan bahramand boʻlish niyatida tez-tez xonadoniga chaqiradigan boʻlib qoldi. Yoshlarni yarashtirish bahonasida kattalar oʻzaro doʻstlik rishtalarini yanada qattiqroq bogʻlagan edilar. Ana shunday, dili bir, tili bir insonlar tez topishadi va bu rishta umrboqiy boʻladi. Barcha harakatlar yaxshilik bilan tugadi. Oʻshanda hammamiz quvongan edik. Ayniqsa, yarashtirishning uddasidan chiqolmayotgan onalarning xursandchiligi cheksie edi.

Yoshligimda Fozil aka aralashib, bir oila  obod boʻlganini ana shunday eslayman. Ehtimol, bu mashhur kishining obroʻsi va martabasi ortidan yana qanchalar ezgu, xayrli ishlar amalga oshirilgandir…

Fozil aka otam bilan deyarli tengdosh edilar. Ustozning donishmandligi haqida otamning ogʻizlaridan koʻp eshitganman.

Yana bir  voqea esimda. Yuqoridoʻrmon qishlogʻida istiqomat qilayotgan togʻalarimizdan biri qishloqda xutor tizimi tugatilib, yangi polyolkalar barpo etilayotgan paytda ota  yerlaridan joy ajratib berishini iltimos qilib,  rais qabuliga kirganida, rais uni haqoratlab, “Senga bir qarich ham yer bermayman, quloqning bolasi”, deya  togʻamni ranjitgan ekan. Toʻgʻri, bobom Xaji moyxoʻrning yerlari juda keng boʻlgan, kollektivlashtirish paytida  bobomning yerlari kolxozga oʻtkazilgan. Oʻziga esa kichkina bir yer ajratib berilgan. Xutorlar tugatilib, posyolkalar barpo etilayotgan payti shu kichkina yerdan ham mosuvo qilmoqchi boʻlgan raisning koʻzini yogʻ bogʻlagan koʻrinadi, togʻam qisinib keldilar. Otam doʻsti Fozil aka bilan birga huquqlari poymol boʻlgan dehqon togʻamning oldiga tushib, raisning koʻzini ochib qoʻyishdi. Togʻamga hamma qatori yer va joy oʻrni ajratildi.

Bu joylar ilgari Xaji moyxoʻr yashagan va dehqonchilik qilgan yerlarga toʻgʻri keladi. Koʻngil kaʼba ekan, togʻam rahmatlik ota yerlarida yashashni, tomorqada dehqonchilik qilishni yuragiga tuygan boʻlsa kerak-da. Qolaversa, katta quduq va soya solib turgan  6 tup ulkan gujum otadan xotira. Rais esa osongina hal boʻladigan  ishni paysalga solib, haqorat qilib, hech kimni mensimagan edi. Bu vaziyatni toʻgʻri baholab, oddiy kishilarga yordam qoʻlini choʻzgani Fozil akaga boʻlgan mehrimizni yanada oshirdi.

Togʻam oilasi bilan bobom barpo etgan gujumlar va uning yonida turgan quduqdan  bahramand boʻlib, uzoq umr koʻrdilar. Hozir  togʻamning farzandlari bobom dehqonchilik qilgan yerlarda yashayapmiz, deya gʻururlanishadi.

Fozil aka va oilamiz oʻrtasida ana shunga oʻxshagan voqealar koʻp boʻlgan. U kishi hamisha atrofidagi odamlarga yaxshilik qilar, adolatsizlik hukm surgan joyda hozir boʻlib, ezgulikning tantanasi uchun astoydil kurashardilar. 

 Hamkasblar birgalikda  Fozil akani koʻrishga borganimizda viloyat matbuot va axborot boshqarmasiga yangi oʻtgan paytlarim edi.

Dilbarjon, qizim shu yerga ishga oʻtibdi, deganlarida juda hursand boʻldim. Tabriklayman, bu ulugʻ martaba. Jurnalistikaning mashaqqatini chekkan inson oʻz kasbdoshlarining qadriga yetadi. Zimmangizda ulkan masʼuliyat turibdi. Siz uning uddasidan chiqasiz. Qanday oilada voyaga yetganingizni yaxshi bilaman. Otangiz bilan yaqindan doʻst edik. Siz eslaysizmi, yoʻqmi, dedilar.

Men ustozga oʻsha kelin voqeasini eslatgan edim, xoxolab kulib yubordilar-da, «kechirish-  iymon»dan, dedilar.

Bular  haqiqatan eslashga loyiq voqea. Chunki, oʻsha kelinoyimiz bugun “gujumday soya solib, uzumdayin meva berib”, farzandlari, nevaralari bagʻrida umrguzoronlik qilyaptilar. Fozil aka oʻshanda qudalarnikiga borib nimalar deganini bugun  topgandayin boʻlaman. Kechirish-iymondan, deganlari zaminida katta maʼno yotibdi. Oʻshanda hammani kechirimli boʻlishga daʼvat qilgan boʻlsa ajabmas. 

Ustoz el tashvishi va  gʻami bilan yashaydigan fidioiy inson edilar. “Bizdan emas” sheʼrida shoirning  qalbini yanada yaxshiroq anglaymiz.

               Elni desa kim-biznimdir,

              Oʻzni desa- bizdan emas.

              Birga yesa kim-biznimdir,

              Yolgʻiz yesa-bizdan emas.

Ikki olam sarvari Paygʻambarimiz Muhammad Sollalohu alahi  vasallam oldiga olib kelingan taomni yemasdan uzoq kutib oʻtirarkanlar. Eshikdan birov kirib kelsa-yu, ovqatni u bilan baham koʻrsam, deya  niyat qilarkanlar. Fozil aka ham xuddi shunday inson edilar. 

Fozil aka xotirasi  kuchli, samimiy va kamtarin inson edi. Keyingi paytlarda koʻzlari unchalik yaxshi koʻrmay qolgan boʻlsada   ovozingizdan darrov tanib, dildan soʻrashardi. Xusin Rahmon nevarasini uzatadigan toʻyda Fozil aka uzoq duo qildilar. Tabarruq yoshga kirgan ustozning fotihasini olishga hammamiz  oshiqdik. Deyarlik barchani ismi bilan aytib, uzoq soʻrashgan edilar oʻshanda.

 Eʼzozli qarish hammamizga nasib qilsin. Ustozni farzandlari, shogirdlari yaxshi ardoqladilar. Qachon yoʻqlab borsak, uyida odam gavjum. Bir borganimizda bizni kitobxonasiga boshlab bordilar va ularni koʻrsatib, bu mening benazir boyliklarim, dedilar. Navoiydan tortib, Shekspirgacha, Choʻlpondan tortib Shayxzodagacha, Pushkin, Lermonov, Chexovdan tortib Gorkiygacha mashhurlarning asarlari, shuningdek, turli davrlarda chop qilingan ensiklopedik kitoblar, gazeta va jurnal taxlamlari javondan keng oʻrin olgan edi. Ushbu kutubxonaning sohibi badavlat insonga havasimiz keldi. Uning mol-dunyosining cheki yoʻq edi…

 Hamisha xayolimdan ezgu fikrlar oʻtadi. Ustoz ana shu durdonalarni mutolaa qilib, el-yurt oldida hurmatga, ulugʻ bir martabaga erishdilar. Zero, adabiyot inson qalbini tarbiyalar ekan, Fozil Zohidning shaxsiy kutubxonasi bugun yoshlarimiz uchun bebaho xazina sifatida xizmat qilishi zarur. Lozim boʻlsa, oʻquvchi-yoshlarning tashriflarini uyushtirish orqali ustozning bizga qoldirgan oltin merosidan bahramand boʻlish ham farz, ham qarz. 

Fozil Zohidning umri davomida toʻplagan kitoblariga qarab, Hazrati Jomiyning ushbu misralarini eslayman.

                           Kitobdan yaxshiroq doʻst yoʻq jahonda,

                          Gʻamxoʻring boʻlgʻay u gʻamli zamonda.

Ustozga uzoq va samarali hayotida  oshno boʻlgan boyliklari  kitoblari qanchalik doʻst va gʻamxoʻr boʻlganligini, obroʻ hamda yuksak martaba keltirganini  anglayman. Oʻz davrida mamlakatimizning yetakchi nashri «Sovet Oʻzbekistoni» bugungi «Oʻzbekiston ovozi» gazetasining Xorazm viloyatidagi  muxbiri, ustoz jurnalist, goʻzal sheʼrlar sohibi Fozil Zohid desa butun mamlakat yaxshi bilardi.

“Sado” (1999), “Yoʻqlasa meni doʻstlar” (2008), “Ota bogʻi”, “Hayitlik” (2002), “Zamaxshar shodalari” (2011) singari sheʼriy toʻplamlari, “Yaxshi soʻz muxtasar”, “Agar qatrasi tomsa…”, “Qirq hikmat”, “Qirq kalima”, “Otalar tuhfasi” singari oʻzaro bogʻliqlikdagi “Chashmadan qatralar” (2009) nomli besh kitobdan iborat manzumasi, “Uch yuz oltmish avliyo” (1995), “Islom maʼrifati” (1997), “Bozor va tijorat odobi” (2003), “Jon va iymon ofati” (2006) kabi maʼrifiy-tarixiy kitoblari, “Biybozor” (2003), “Komiljon Otaniyozovni taniysizmi…” (2003), “Yodnoma” (2005), “Niyozmat hoji yodgori” (2006), “Yodimdasiz azizlar” (2009) xotira kitoblari Fozil Zohid maʼnaviyat bogʻlarining mevalaridir.

Ustozning oxirati obod boʻlib joylari jannatdan boʻlishini tilab qolamiz.                                        

Dilbar BEKCHANOVA,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi

huzuridagi axborot va ommaviy kommunikatsiyalar

agentligining Xorazm viloyati boshqarmasi boshligʻi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.