Yoshlar ijodi:Bahodir BAHROM sheʼri-GULLIVERNING SOʻNGI IQRORI

0
299
marta koʻrilgan.

Salom! Men Gulliver sizga kelguncha,
Necha asrlarni yayov kezmadim.
Orzularim ulkan boʻlsa ham, garchi
Mayda odamlarga bogʻliq qismatim.

Ruhimga nayzasin sanchadi har kun,
Qoplab tuz sepadi yaralarimga.
Oʻtgan yillar guvoh, yurar tutoqib,
Sigʻdirolmay jajji davralariga.

Minglab oʻq yurakka joylashdi muqim,
Yurakda jon berdi million-million oʻq.
Jami ogʻriq boʻlsa menga tegishli,
Ogʻriqsiz zotlarga shikoyatim yoʻq.

Terim qalin boʻldi sizga kelguncha,
Yo nayza zahriga oʻrgandi etim.
Shunchaki, sizlarga achindim xolos,
Nolimadim, taqdir xudodan, dedim.

Tashakkurim sizga, mayda odamlar,
Soʻrgan boʻlsangiz ham gar iligimni.
Soʻngi iqrorim shu, siz boʻlmaganda,
Sezmasdan oʻtardim ulkanligimni.

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.