Axborot texnologiyalari asrida internet global tarmogʻidan har kim turlicha maqsadlarda foydalanadi. Ezgu niyatli kishilar dunyo ilmidan boxabar boʻlish, mutolaa qilish uchun harakat qiladi. Baʼzilar esa gʻiybat-u boʻxton yoyishni xush koʻradi. Biz hikoya qilmoqchi boʻlgan «qahramonimiz» Ixtiyordek oʻz yoʻlidan adashgan chala savod yigitlar oʻrgimchak toʻriga ilinadi. Chunki, maqsadi ilm istash emas, oson pul topishdir. Shu maqsadda oʻzga yurtlarga yoʻl oladi. Pul topaman va dunyo koʻraman deya orzu qilishadi. Zero, xalqimizda «yaltirab koʻringan har narsa tillo boʻlavermaydi» degan matal borligini unitishadi.
Yigirma bir yosh yigit kishi umrining avji gullagan, kuch-gʻayratga toʻlgan pallasi. Yurt mudofasida xizmat qilib, yigitlik burchini oʻtab qaytadigan, kuch-quvvatini mamlakat gullab-yashnashiga sarf qiladigan davr. Ixtiyor esa ayni shu yoshda oqni qora deb xoʻrakka aylandi.
Xoʻsh voqea nimadan boshlandi? Asli qashqadaryolik Ixtiyor Qurbonov (ismi oʻzgartirildi) ishlash maqsadida Moskvaga boradi. U yerda bir muddat ishlaydi, ammo ish haqqini oʻz vaqtida ololmagach, Moskvaning chekka posyolkasidagi qurilish firmasiga ishga oʻtadi. Shu yerda u Abdukarim ismli asli qirgʻizistonlik kishi bilan tanishib qoladi. Uning nazdida Abdukarim hayotning “achchiq-chuchug”ini koʻrgan, ayniqsa “diniy ilmi” yuksak vazmin kishi sifatida namoyon boʻladi. Muslimlik asli nima ekanini anglab yetmagan Ixtiyorni u asta-sekin oʻz izmiga soladi. Oʻzbek tilini yaxshi biladigan “yangi doʻst” Oʻzbekistondagi siyosatni ham goʻyoki yaxshi bilardi. Sizlarda diniy erkinlik yoʻq deya turli boʻxtonlarni qulogʻiga quyadi. Bu narsalarni yaxshi bilmasligini aytgan Ixtiyorni oʻzining amri-maʼruflariga taklif qiladi. Tez orada yaxshigina diniy savod chiqarib oʻzi ham “mullavachcha” boʻlib qoladi.
U ijtimoiy tarmoqlarda sahifa ochib, ushbu bilimlarini doʻstlari bilan boʻlisha boshlaydi.
Abdukarim ikki- uch kishini jihod qilish uchun Suriyaga chiqarib yuborishi kerakligini, maʼlum vaqt koʻrisha olmasligini aytadi, Ixtiyor bu yerda boshqa topshiriqni bajarishi lozimligini, keyingi gal alabatta oʻz safdoshlarini kengaytirsa «moʻjiza dunyoga» birga borishini tushuntiradi. Ixtiyorni yangi mamlakatni koʻrish orzusi tinch qoʻymaydi. U aqidaparastlik va fundamintalizm gʻoyalarini targʻib qilish va jihodga chiqishga daʼvat etish bilan shugʻullanuvchi virtual jamoat aʼzolari bilan yozishmalarni koʻrsatmaga asosan yanada kuchaytirib yuboradi.
Yagona dunyoviy davlat qurish, terrorchilik tashkilotining maxsus harbiy mujohidlik oʻquv bazalarida harbiy tayyorgarlikdan oʻtish toʻgʻrisidagi daʼvatlarni internet orqali tarqatish bilan shugʻullanadi. Shuningdek, Oʻzbekiston siyosatini qoralash, ayollarni hijobga qaytarish kabi bir qancha audio va video fayllarni tarqatish bilan shugʻullanib keladi. Bu orada u oʻzbekistonlik I. Naimov(nomi oʻzgartirilgan) bilan yozishmalar olib boradi va yaqinda Oʻzbekistonga mujohidlar hujum qilishi bu paytda ichkaridan yordam zarurligini, gʻalabaga oz qolganligini taʼkidlaydi. Oʻzi ham bir necha oʻzbek safdoshlari bilan Afgʻanistondagi lagerlarida oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazayotganini aytadi.
U ota-onam aka- ukalarim nafas olayotgan yurtga, kindik qonim toʻkilgan Oʻzbekistonimga xiyonat qilyapman degan fikrlarni oʻylab ham koʻrmaydi. Aksincha, qora niyatini tezroq amalga oshirish maqsadida Oʻzbekistondagi hali “xom” safdoshlarini yanada «yuksaltirish» uchun ona tuproqqa qadam qoʻyadi. Oʻzbekiston chegarasida esa huquqni muhofaza qiluvchi xodimlar uning qilmishidan gʻaflatda emasligining guvohi boʻladi.
Sud Ixtiyor Qurbonovga oid jinoyat ishini koʻrib chiqarkan, terrorchilik faoliyatini amalga oshirish uchun oʻquvdan oʻtish, Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali harakatlanish maqsadida shaxslarni yollash, Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi davlat tuzumini Konistitutsiyaga xilof ravishda oʻzgartirishga intiluvchi guruhlarda ishtiroki, qonuniy ravishda saylab qoʻyilgan yoki tayinlangan shaxslarni hokimiyatdan chetlatishga intilish, oʻzbek milliy qadriyatlariga yot aqidalarni targʻib etishga urinish kabi jinoyatlar sodir etganlikda ayblanib 11 yilga ozodlikdan mahrum etiladi.
Bu voqea hamma yoshlarni birdek hushyorlikka chorlashi lozim. Tengdoshlarimga aytar soʻzim shuki, oʻrgimchak uyasi -internet oldida oʻtirib vaqt sarflagandan koʻra kitob mutolaa qiling. Maqsadni yoshlikdan toʻgʻri ola biling. Oʻtkinchi hayu havaslarga berilmang.
Zero, allomalar taʼkidlaganidek:
Illat izlaganga illatdir dunyo,
Gʻurbat izlaganga gʻurbatdir dunyo.
Kim neni izlasa topgay begumon,
Hikmat izlaganga hikmatdir DUNYo.
Kamola HATAMOVA, talaba