Mustaqil Oʻzbekiston ahli bugun davlatimiz bayrogʻi qabul qilingan kunni gʻurur va faxr bilan eslamoqda, nishonlamoqda.
Konstitutsiyamizning 5-moddasida shunday deyiladi: Oʻzbekiston Respublikasi qonuni bilan tasdiqlangan oʻzbek davlat ramzlari-bayrogʻi, gerbi va madhiyasiga ega”. Darhaqiqat, Oʻzbekiston Bayrogʻi, davlatimiz, millatimiz, xalqimiz va yurtimizning buguni va kelajagining koʻzgusi, timsolidir.
Oʻzbekiston Respublikasining davlat bayrogʻi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashning navbatdan tashqari oʻtkazilgan VIII sessiyasida 1991 yil 18 noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi qonuni bilan tasdiqlangan edi. Mana shunga ham yigirma sakkiz yil toʻldi. Qonun bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston bayrogʻi nimani anglatadi!
Oʻzbekiston Respublikasining davlat bayrogʻi bugungi Oʻzbekiston sarhadini qadimda mavjud boʻlgan davlatlar bilan tarixan bogʻliqligini anglatadi hamda respublikaning milliy-madaniy anʼanalarini oʻzida mujassamlashtiradi.
Bayroqdagi moviy rang tiriklik mazmuni aks etgan mangu osmon va obihayot ramzidir. Bu – yaxshilikni, donishmandlikni, halollikni, shon-shuxrat va sadoqatni bildiradi. Amir Temur davlatining bayrogʻi ham moviy rangda boʻlgan.
Oq rang muqaddas tinchlikni ifodalaydi, u kun charogʻonligi va koinot yoritqichlari bilan uygʻunlashib ketadi. Oq rang poklik, begʻuborlik, soflikni hamda ichki goʻzallikka intilishni ham oʻzida ifodalaydi.
Yashil rang-tabiatning yangilanishi ramzi. U umid, navqironlik va shodumonlik timsolidir.
Qizil chiziqlar vujudimizda joʻshib oqayotgan hayotiy qudrat irmoqlaridir.
Navqiron yarim oy tasviri biznig tarixiy anʼanalarimiz bilan bogʻliq. Ayni kunda qoʻlga kiritilgan mustaqqilligimiz ramzidir.
Yulduzlar barcha uchun ruhiy quvvat, ilohiy timsol hisoblanadi. Bayrogʻimizdagi 12ta yulduz tasviri ham tarixiy anʼanalarimiz, qadimgi quyosh yilnomamizga bevosita aloqadordir. Bizning 12 yulduzga boʻlgan eʼtiborimiz mamlakatimiz sarhadidagi qadimgi davlatlar ilmiy tafakkurida ”Nujum ilmi” taraqqiy etganligi bilan ham izohlanadi. Shuningdek, u oʻzbek xalqi madaniyati qadimiyligi, uning komillikka, oʻz tuprogʻida saodatga intilishi ramzi sifatida tushinish lozim.
Bayrogʻimiz xalqaro tashkilot BMTi binosida hilpiraganda, rasmiy uchrashuvlarda, sport maydonlarida baland koʻtarilganda qalbimizni faxr tuygʻusi qamrab olishi ana shundandir.
Bolalarimiz jahon sport maydonlarida gʻoliblik nashidasini surganida, bayroqni faxr, gʻurur ila baland koʻtarib aylanganida qalbimiz nurga toʻladi, beixtiyor koʻzlarimizga yosh keladi. Bayrogʻimiz hech ham pastga tushmasin. Doimo ozod va hur Vatandaimizda hilpirab tursin!
Qalblarimizni toʻlqinlantiradigan, koʻzlarimizni yolqinlatadigan Najmiddin Kubro bobomizning qahramonligini, daʼvatini, vatanparvarligini eslatadigan bayrogʻimiz har birimiz uchun muqaddas boʻlib yuraversin! Qadimiy bayramimiz navroʻzni,goʻzal anʼanalarimiz qadriyatlarimizni qaytarib bergan kunlar timsoli, mustaqillik ramzi bayrogʻimiz sport maydonlarida jahon uzra hilpirayversin!
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat Bayrogʻi toʻgʻrisidagi Qonun qabul qilinganligining 28 yilligi barchamizga muborak boʻlsin aziz yurtdoshlar!
Raʼno ZARIPOVA,
Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist