Yusuf Siddiq alayhissalom (davomi)

0
446
marta koʻrilgan.

Mumtoz adabiyotning beqiyos obidasi “Qisasi Rabgʻuziy” asarini qadimiy turkiy tildan zamonaviy oʻzbek tiliga Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist Raʼno Zaripova va Toshkent davlat sharqshunoslik instituti oʻqituvchisi Nodira Saʼdullayeva oʻgirgan.

Yusuf Siddiq alayhissalom qissasining navbatdagi qismini eʼtiboringizga havola qilamiz.

Savol: Yalavoch oʻgʻlonlari sotilishi mumkin emas edi. Yusufni qul kabi sotdilar. Undan hikmat ne edi? Javob: Kunlardan bir kun Yusuf quduqqa boqdi, oʻz yuzini koʻrdi, magʻrurlandi, koʻnglidan kechdi: Bu koʻrk bilan qul boʻlsam, bahomni kim bergay? Oʻz koʻrkiga quvonib, Olloh yaratgan goʻzallikdan magʻrurlangani uchun uni oʻn sakkiz aqchaga sotdilar. Olloh yaratgan narsaga gʻururlanishining oqibati koʻrindi.

 Yusufni quduqdan chiqarishgach qarindoshlariga xabar qilindi. Ular keldilar. Malik Zaʼrga aytdilar: “Bu bizning qochgan qulimizdir. Bizdan qochib yurganiga uch kun boʻldi. Olsang, senga sotamiz”. Malik Zaʼr oladigan boʻldi. U paytda Rubil kelib ibray tilida Yusufga dedi: – Biz nima  desak sen tasdiqlagin. Aks holda, seni oʻldiramiz.

Malik Zaʼr “qulmisan?” deb soʻradi, Yusuf “qulman, Mavloning quliman”, deya javob berdi.

– Bu qul kichikligidan buyon biz bilan birga turardi, sotgali koʻnglimiz boʻlmas, oʻzi rozi boʻlsa sotamiz. Ammo uning uch aybi bor: avvalo oʻgʻri, ikkinchi aybi qochoq, uchinchisi yigʻloq, –dedi akalari. Zaʼr Yusufni uch aybi bilan qabul qildi va dedi: –Menda aqcha yoʻq, yilqi, mol bor, berayin.

Ular kengashdilar, yilqi mol olsak, otamiz sezishi mumkin dedilar-da, taklifga koʻnmadilar. Malik Zaʼr oʻn sakkiz Misr aqchasi berdi. U Kanʼon puliga toʻqqiz aqchaga boʻlardi. Yusufni Kanʼon aqchasining toʻqqiziga sotdilar. Uni sanoqli tangalardan iborat arzon bahoga sotdilar.

– Oʻz qoʻlingiz bilan sotganligingiz toʻgʻrisida bitik bitib bering, –dedi Malik Zaʼr.

– Xat, bitik beramiz. Faqat uch shart bilan, birinchisi – oyogʻiga kishan ur, qattiq va gʻijirlovchi egarga mindir, yana yiroq elga olib borib sot.

Malik Zaʼr uchta shartni qabul qildi. Ular nomlarini yozib, kelishilgan narxini, shartlarini bildirib xat bitdilar. Va Yusufni topshirdilar. “Ular bilan bolalikdan birgaman. Ruxsat bering vidolashay” – dedi Yusuf. Malik Zaʼr uning oyogʻiga kishan soldi, Yusuf ogʻir kishan bilan yura olmadi, yiqilib koʻrkam yuzi tuproqqa bulgʻandi. Yanoqlariga tikan sanchildi. Yuzi-koʻzi qonga boʻyaldi. Qarindoshlariga keldi. Ogʻalari uni yomon ahvolini koʻrib birga yigʻladilar. Yusuf ularni har birini quchib ”salomat boʻlinglar” deb vidolashdi. Barchasi Yusufdan uyalib orqaga oʻgirildilar.

– Ey, qarindoshlarim, bu ishni menga qildingiz, boshqalarga qilmang. Otamdan mani ayirdingiz. Ey, Yahudo, otamga mendan salom aytgil, sen barchadan rahmdil eding, qayda quduq koʻrsang meni esla va sogʻingil. Otam bilan oʻtirganda, Yusuf qayda, kim bilan birga yurgan, kimning yuziga termulib turgan ekan, deb oʻylagil. Ey, Yahudo, sizlardan ajralganimga bugun toʻrt kun boʻldi. Sizlarsiz orzu-umidlarim yoʻq, gʻaribman. Endi sizsiz qanday yashayman. Keling, yosh jonimga rahm qiling, karvonboshidan qaytib oling, –deb yolvordi. Ular quloq solmadilar, Yusuf yigʻlay-yigʻlay Malik Zaʼr yoniga qaytdi.

 Karvon yoʻlga tushdi, gʻichirlaydigan qattiq egarli otga mindirdilar. Karvon yoʻlida onasining qabri bor edi. Unga yetganda oʻzini tepadan otdi. Qabrni quchoqlab yigʻladi. “Onajon, sendan ajralgan edim, endi otamdan ham ajraldim. Qul qilib sotdilar, oyogʻimga kishan urdilar, tovonlarim shishdi. Nozik tanam qattiq egarda ezildi. Onajonim, koshki, sendan oldin oʻlsam edi”, deya zor-zor yigʻlab turganida karvondan bir kishi keldi. Uning tuproq quchib yotganini  koʻrdi, gʻazablandi va dedi: “Beklaring u qochqoq deb toʻgʻri aytibdilar”. Yusufning koʻngli ogʻrindi. “Ollohim, oʻzing koʻruvchisan, hamma narsani biluvchisan”, deb duo qildi. Mavlo taolo farmoni bilan kuchli yel keldi. Karvon toʻxtashga majbur boʻldi. Malik aytdi: Kim Ollohga shirk keltirgan boʻlsa, tavba qilsin. Kim birovga ozor bergan boʻlsa tavba qilsin. Olloh taolo bu baloni bizdan ketgazsin.

Yusufni urishgan kishi Malikka kelib qulning duo qilganini aytdi. Malik Zaʼr u kishi bilan birga kelib, Yusufdan uzr soʻradi. Yusuf koʻngli xush boʻldi. Chang-toʻzon toʻxtadi. Yana atrof yorishdi. Karvondagilar quvonishdi. Yusufning oyogʻidan kishanni yechdilar. Pokiza kiyimlar berishdi. Tuyaga oʻtqazib, yoʻlga tushdilar.

 Savol: Yalavochlar bekorga duo qilmasalar, yozuvlik istamaydilar. Yusuf karvon ahlini duo qildi, chang-toʻzon koʻtarildi va duo bilan tindi. Undan maqsad ne? Javob: Yusuf duosi yovuz istak emas edi. Yonidagi kishi bekorga gʻazablandi, haqorat qildi. Buning uchun narigi dunyoda javobi bor edi. Yusuf uni ushbu azobdan qutqarib, oʻz qilmishiga tavba qilsin uchun duo qildi.

Yusufni izzat-ikrom bilan Misrga eltdilar. Yoʻlda dengiz boʻyida toʻxtadilar. Malik Zaʼr oʻz odamlariga aytdi: Yusufni dengizga choʻmiltiringlar.  Chang-toʻzonlardan tozalansin.

Yusuf dengiz qirgʻogʻiga borgach, Ilohim, bir karomat qil vujudimni, tanimni kishi koʻrmasin, deb soʻradi. Mavlo taolo Aynul hiton otli baliqni yubordi, suv ichida tovlanib dumi bilan Yusufni toʻsdi. Yusuf choʻmilib oldi. Ul baliq Ollohga yolvordi: Ilohim, Yusuf sharofati tufayli menga karomat berginki, barcha baliq orasida menda ezgu nom boʻlsin. Mavlo baliq iltijosini ijobat etdi. unga ikki urgʻochi baliq berdi. Biri shu ediki, Yunus alayhissalom uning qornida qirq kun qoldi. yana biri shu ediki Sulaymon allayhissalomning uzugi uning qornida 40 kun qoldi. Yusuf ust boshini yuvib boʻlgach, Jabroil jannatdan koʻylak keltirdi. U nurdan yaralgandi. Yusufga kiydirdi. Molik Zaʼr esa unga atlas toʻn, boshiga gavhar va qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan oltin toj kiygizdi. Beliga oltin kamar bogʻlab, tuyaga oʻtqizdirib Misrga olib kirdi.

 Savol: U karvon ichida boshqa yerlardan kelganlar ham bor edi. Yusufni ularni qoʻliga topshirmadi? Uni Molik Zaʼrning qoʻliga topshirdi. Unda qanday xikmat bor? Hikmat: Misr shahrida bir zaifa bor edi. Zulayxo otliq Olloh taqdir yozmishida Zulayhoga Yusuf orqali imon keltirishni yozgan edi. Shuning uchun Yusufni Molik Zaʼrga sotdirdi va yana Molik Zaʼr ham sotdi Zulayho Yusuf orqali imon keltirdi. Hikmat shu edi.

 Yusufni Misrga keltirishdi, uning jamolidan koʻk nuri xira tortdi. Misr xalqi orasida xabar tarqaldi-ki, Molik Zaʼr bir qul oʻgʻlon keltirmish-ki, dunyoda xech kim unday goʻzallikni koʻrmagan. Misr ulugʻlarining bari Yusufni koʻrgani keldilar. Kimki Yusufni koʻrsa uni sotib olishni orzu qildi. Barcha viloyatlarning beklari oltin, kumush, yilqi, qora mol, tovar yigʻdilar va Yusufga xaridor boʻldilar.

 Dallol esa oʻrtaga tushib narxini oshiraverdi. Quyosh chiqquncha bahosini oshirdilar. Ertasiga Molik maydonga taxt qoʻydi. Yusufga qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan toʻn, oltin toj kiydirib taxtga oʻtqazdi. Misr elining shahriyu qishlogʻida yashovchi boyi-yu, kambagʻallari, erkagu ayollari «kim oshdi» tomoshasiga yigʻilishdi. Jarchi bozor uzra jar soldi: «Kim dunyoda oʻxshashi boʻlmagan latofatli, nazokatli, goʻzal yuzli, shirin soʻzli ajoyib bir gʻulomni sotib oladi ?».

      Yusuf alayhissalom boshini egib, koʻzidan yoshini oqizib, dedi. «Ey, jarchi, bunday sifatlasang kim ham olardi. Toʻgʻri soʻzlagil.»

      Jarchi soʻradi : «Qanday sifatlay ?»

      Yusuf aytdi: Aytgil kim dunyoda tengi boʻlmagan azobu gʻamga giriftor zaif, oriq, chorasiz bir gʻulomni sotib oladi.

      – Unday sifatlash anʼanamiz yoʻq, – dedi jarchi.

      Yusuf yana dedi:

      – Kim Olloxning doʻsti Ibrohimning abirasi, Ollohning bandasi boʻlgan Yoqubning oʻgʻli, Ollohning rostgoʻy bandasi Yusufni qul qilib sotib oladi?

      – Unday desam barcha xalqning yuragi yorilgay.

      Yana aytmishlar: Misr dallollari yigʻilib Yusufning narxini oshirdilar. Uning vazniga teng keladigan vaznda oltin, kumush, ipak, shakar, harir, anbar, sur teri soʻradilar.

      Yana bir rivoyatda aytilishicha, tepada tilga olingan mollarning har biri Yusufning ogʻirligidan oʻn barobar koʻp boʻladi. Jarchi Yusufning otini ayta boshlaganida, Molik Zaʼrning koʻzi yoshga toʻldi, koʻngli ogʻridi. «Ey Yusuf, u kun quduq boshida nega aytmading. Men seni sotib olmagan boʻlar edim»,– soʻradi u.

     Yusuf aytdi: – Qarindoshlarim meni oʻldiradilar deb qoʻrqdim.

      Molik Zaʼr aytdi: – Tagʻin sen Kanʼon tepaliklaridan birida oʻtirib, «Ey, parvardigorim, dilimning mevasi, koʻzimning qorachigʻi oʻgʻlimni qaytarib ber» deb zorlanib yigʻlab turgan gʻamgin moʻysafidning oʻgʻli boʻlmagin».

      Yusuf javob berdi: U koʻzlari yoshga toʻlgan, bagʻri ezilgan, firoq oʻtida oʻrtangan, hasrat dengiziga gʻarq boʻlgan, oʻqdek boʻyi yoydek egilgan, oydek ochiq koʻngli tugmadek toʻkilgan Isroilulloh Xalilulloh abirasi Yusuf menman.

Molik Zaʼr Yusufdan uzr soʻradi.

 Aytishlaricha, u paytda Misr shohi Rayyon ibn Navzod ibn al-Valid ibn Arosht ibn Moron ibn Umar ibn Amlox ibn Lovad ibn Som ibn Nuh alayhissalom edi.

 Yusufning xabari Rayyon shohga yetdi. U Yusuf xabarin tinglab hayron qoldi. Vaziri Atgʻirni Yusufni sotib olgani joʻnatdi. U yigitlari bilan ot surib, karvon tushgan joyga keldi.

(Davomi bor).

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.