Yusuf Siddiq alayhissalom (davomi)

0
305
marta koʻrilgan.
Yusuf Siddiq alayhissalom qissasining navbatdagi qismini eʼtiboringizga havola qilamiz.

Latifa yaʼni naql:

Oqillar kundek yorugʻ jamolli Yusufga barcha molin berib sotib oldilar. Zero, ham mol oldilar, ham goʻzallikni uyiga eltdilar.

 Malik Zaʼr yana Yusuf yoniga keldi aytdi:

– Sening soʻzingni eshitdim. Olgan mollarni Azizi Misrga topshirdim. Endi senga bir xojatim-iltimosim bor. Molim koʻp ammo farzandim yoʻq. Quruq yogʻochman, butogʻim yoʻq. Sendan duo, haqdan oʻtinchim bor. Aytmishlar. Oʻgʻil bu dunyoda xursandlik va oxiratda yorugʻlik. Farzandlarimiz — yerda yurgan jigarlarimiz. Men uchun Olloxga yolborib duo qil, chunki u eshitguvchidir. Ijobat qiluvchidir.

 Yusuf uni eshitib, qoʻlini koʻtardi, koʻzini koʻkka tikdi, Jabroil farmon keltirdi. «Ey Yusuf duo qilgʻil ul qulimizning hojatini soʻra, taqdir eshiklari ochilib, istagi ijobat boʻlgʻay.» Yusuf aytdi:

  –  Qanday duo qilaman ?

  Jabroil ishorat ila oʻrgata berdi, u takrorladi: «Ey, ul zotki, birovni aziz qiladi va birovni xor qiladi. Ey, ul zotki birovning martabasini past qiladi va birovning martabasini baland qiladi va ey, ul zotki birovga beradi va birovni mahrum qiladi. Ey, ul zotki, u har bir narsaga qodirdir, mana bu moʻysafidga oʻgʻil farzand ato qilgʻil.»

 Ey, oʻgʻil-qizi boʻlmaganlar, murod qiling. Ichlaringizni duo bilan yoriting, eʼtiqodingizni kuchaytiring. Bu kalima dilingizda va tilingizda boʻlsin. Yusufning shafoati bilan barcha tilaklaringizni Olloi taolo amalga oshirgʻay. Siddiqning duosi ijobat boʻldi.

 Abdullox ibn Abbos roziallohu anhuma rivoyat qiladi: Yusuf duosi Molik Zaʼr haqinda ijobat boʻldi. Uning 12 pok quli bor edi. Ul kecha bari qovushdi. Har biri ikki oʻgʻilga yukli boʻlishdi, toʻqqiz oy tamom boʻlganida ular 24 oʻgʻil tugʻdilar. Yusuf duosining ijobati shunchalikmi? Shunday ekan nega u juda koʻp mashaqqat tortdi?

 Javob: Yalavochimiz Muhammad Mustafo yorlaqadi. Haqiqatda balolarning eng kattasi paygʻambarlarga tushadi, undan keyin avliyolarga, undan keyin keyingilarga va shu tartibda.

  Mavlo azza va jalla hazratida avliyo ignaga oʻxshaydi. Barcha toʻnlar igna bilan tikilur, barchani kiyintiradi, oʻzi yalang qoladi. Goʻyo shamdek oʻzi yonib, oʻzgalarga nur beradi.

Bayt

Qamugʻ yignalar toʻn tikar qizdurur,

Yana oʻzin koʻrsang yalongʻoch qolur.

Chirogʻma ulashoʻ kuyar oʻrtanur,

Azinlarga koʻrsang yorugʻlik berur.

 Tuya haqidagi qissada aytilishicha, Yusufni oldi-sotdi qilganda urgʻochi tuyaga mingan arabiyni koʻrdilar. U tevaning burundugʻidan tortardi, biroq tuya toʻxtamas, yeldek uchardi. Yusufning yoniga kelganida esa u taqqa toʻxtadi. Naql qilishlaricha, u teva uch kunlik yerdan Yusufning isini bildi. Uch kun oʻt yemadi, suv ichmadi, yugurdi, yeldi, maqsadga yetdi — oy yuzlini koʻrdi.

Shunday tilsiz teva Yusuf hididan bundoq boʻlsayu, Zulayho qanday sabr qilsin?

 Bayt

Koʻz koʻrgani jamol ul,

Sevmak ani halol ul.

Andogʻ jamol koʻrubon,

Kim sevmasa vabol ul.

 Aytmishlar, Zulayho Azizi Misrning (Misr shahrining hokimi) ayoli edi. U Misr mamlakatining shohi Rayyon malikning etikdoʻzi edi, moʻmin edi. Uning imonli ekanligini Rayyon malik bilardi.

  Tangri azza jalla goʻzal Yusufni ana shu Misr shahrining hokimi honadoniga, Zulayhoga qul qilib bergan edi. Aytishlaricha, u kunda Yusuf 13 yoshda boʻlgan, birovlar 18 yoshda deydi. Azizi Misr Yusufni sotib oldi, uyiga keltirdi. Zulayhoga aytdi: Bunga yaxshi muomala qil, ezgulik qil. Boshqalardan ortiqroq eʼtibor bergil, mazali taomlar, yumshoq kiyik goʻshti bilan siylagil. Uni gʻoyatda izzatli tut. Bizga foydasi teggay. Sotsak, unga katta baho qoʻygaymiz, sotmasak uni farzpnd qilib olgaymiz.

 Ibn Maʼsud (Ollox rozi boʻlsin undan) debdurlarki: “Eng rostgoʻy, farosatli odam uchtadir. Birinchisi Azizi Misrdir, uning «Shoyad bizga foydasi tegsa yoki oʻgʻil qilib olamiz»– degan soʻzi.

 Ikkinchisi Shuʼayb paygʻambarning qizi: Uning «Ey onaginam bunga (Musoga) xazmat haqqi bergin. U eng kuchli, azaldan omonatga xiyonat qilmagan odamdir» degan soʻzi uchun. Uchinchisi, Abu Bakr Siddiq boʻlib, oʻz oʻrniga hazrati Umar roziyallohu anhuni qoʻyib ketganidir.

 Shundan keyin Yusufni Zulayhoga topshirdi. Zulayho Yusufga qattiq mehr qoʻydi. Har kuni boshini yuvib, sochini tarar edi. Mazali taomlar yedirdi, goʻzal toʻnlar kiydirdi. Kundan-kunga muhabbati kuchaydi. Yusuf esa koʻzini yerdan olmas, Zulayhoga boqmas, taomga ham eʼtibor bermas edi. Boshini egib, otasini sogʻinib yigʻlagani-yigʻlagan edi. Bir kuni yana boyagi tuyali arabiy keldi va soʻradi: Ey yigit nega yigʻlayapsan? Dedi: Nega yigʻlamayin, otamdan, onamdan ayrildim, qul boʻlib sotildim. Ey arabiy sen qaysi eldan kelding? Aytdi: «Kanʼondan keldim». Yusuf soʻradi: Yoqubni bilasanmi? Arabiy dedi: Albatta, Yoqub bizning paygʻambarimiz. Yusuf soʻradi: Yoqub uyida qanday xabar bor? Aytdi: «Yoqubning Yusuf otligʻ oʻgʻli bor edi, qarindoshlari ovga olib bordilar. Dashtda boʻri yebdi. Xabarni otasiga yetkazganida yigʻlayverib koʻzi koʻr boʻlibdi. Yoʻl boshida «Bayt ul ahzon» nomli uy bunyod etdi, toat- ibodat qilib yigʻlaayapti.» 

(Davomi bor).

 Raʼno Zaripova, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist

Nodira Saʼdullayeva, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti oʻqituvchisi  

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.