Yusuf Siddiq alayhissalom (davomi)

0
272
marta koʻrilgan.
Yusuf Siddiq alayhissalom qissasining navbatdagi qismini eʼtiboringizga havola qilamiz.

Yusuf xabarni eshitib, oʻzidan ketdi, oʻziga kelganida aytdi: Yusuf otli oʻgʻli menman. Akalarim qul qilib sotdilar. Endi Kanʼonga borsang, otam  Yoqubga mendan salom ayt va yana tayinladi: «Mening uchun yigʻlab otamning koʻzi koʻr boʻlibdi. Mening ham dardim ogʻir, tomogʻimdan ovqat oʻtmaydi. Yorugʻ jahon men uchun qorongʻuligini unga yetkaz». Undan keyin Yusuf duo qildi va zor-zor yigʻlab uyga kirdi. Arabiyning tuyasi yoʻlga tushib, chopib ketdi. 

Qachon Kanʼonga yetdi deganda toʻgʻri Yoqub yalavoch eshigiga keldi. Sado berdi. Yusufning Zayna otligʻ qiz qarindoshi bor edi, u chiqdi. «Nega kelding, kimsan» dedi. Arabiy aytdi: «Yoqub yalavochga soʻzim bor. oʻzgalarga aytmasman» dedi. Zayna aytdi: «Yoqub yalavoch sening oldingga bugun chiqa olmaydi. Bugun Yusufning qonli koʻylagini qoʻliga oldi, Odam ato ridosini kiydi, Shis tojini boshiga ildi. Nuh asosini qoʻliga oldi. Ibrohim koʻylagini egniga kiydi, Ismoil kamarini beliga bogʻladi, Olloh taologa murojaat qilyapti: Ilohiy, Yusufning oʻligin tirigin bildirgin, deyapti». Arabiy aytdi: «Duosi ijobat boʻldi. Yusufdan xabar olib keldim.» 

Zayna kirib Yoqubga aytdi. Yalavoch arabiyni uyiga chaqirdi. Arabiy Yusufning salomini yetkazdi. Uni eshitib behush boʻldi. Oʻziga kelganida soʻradi: «Ey, arabiy, tushmisan?».

– Tush emasman, Yusuf yonidan keldim –  javob qildi u. Yalavoch arabiyni quchdi va peshonasidan oʻpdi. “Ey arabiy Yusufni oʻz koʻzing bilan koʻrdingmi?” 

– Koʻrdim.

 – Ey, arabiy, sen juda quvonchli xabar keltirding, qanday hojating boʻlsa ayt. mavlodan tilab olib berayin. Sen ham gʻamsiz, shodu xurram boʻl.

 – Ey rasululloh menga mol-mulk kerak emas. Yeguncha, kiyguncha molim bor, oʻttiz qizim bor faqat oʻgʻlim yoʻq. Duo qilgil Olloh taolo menga oʻgʻil ato qilsin.

Yoqub duo qildi, ijobat boʻldi. Arabiyga oltmish oʻgʻil karomat qildi, berdi.

Qachon Yusuf kamolga yetdi, unga tushni taʼbirlash fazilatini berdi. Qurʼoni karimda ham deyiladi: “U kamolotga yetganda biz unga davlat, ilm berdik”.

Qachon Zulayho Yusufning sochini taragani kelsa, u yerga qarardi. Zulayhoning toqati qolmadi. Bir kuni boʻstonda tutib dedi: «Yusuf koʻnglimda armonim bor, hech kimga aytmaganman, sen bilarmisan?».

Yusuf aytdi: «Ey Zulayho seni koʻnglingda nima borligini qaydan bilaman?»

Zulayho aytdi: – Seni qattiq sevdim.

Yusuf aytdi: – Meni sevguncha oʻz eringni sev.

 –  Seni koʻrsam betoqat boʻlaman, nima qilay?

 –   Aning iloji sabrdir. Sabr qil menga boqmagil.

 –   Mani tirikligim sen bilan. Koʻnglimning xushligi seni jamoling bilan, koʻzimning nuri sening diydoringdandir.

Yusuf Zulayhoning ushbu soʻzlarini eshitib uning yonidan uzoqlashdi va u kuni yolgʻiz yurdi. Zulayho tong otishi bilan yana uning qoshiga keldi:

  – Ey Yusuf, boʻston juda goʻzal, gullar ochilgan, neʼmatlar pishib yetilgan. Tur, boʻstonga bor, neʼmatlardan tot, gullarni hidlagin, tomosha qil, huzurlan.

         Sheʼr

Sabo istayur, yigʻoch yeng solur,

Bulut yigʻlayur, chechaklar kular.

Bu bundogʻ chechaklikda koʻnglim bu kun,

Saning birla boʻlub ovunmoq tilar.

Yusuf aytdi: “Ey, Zulayho, mening boʻstonim Qanʼonda qoldi, oʻzga boʻston menga kerakmas”.

Zulayho yana ishora bilan gapirdi: “U boʻstonda chechaklar suvsiz qolib, soʻlyapti, suv bergil”.

–  Soʻlmish chechakka suv bermak egasiga yarashadi.

 –  Ey, Yusuf, Ishqingda koʻnglimda tinchim yoʻqoldi. Koshki koʻrmasam edi. Sen qulimsan, nega menga boʻy egmassan ?

 –  Men tangrimning quliman.

 –  Ey, Yusuf, yaqinroq kel, kimdan qoʻrqasan?

–  Ikki haqni saqlayman, biri yaratganing haqi, ikkinchisi meni sotib olgan Azizning haqqidan qoʻrqaman.

– Koʻk tangrisidan qoʻrqsang xazinadagi molim, kumushim, yoqutim yoʻqsillarga berib. sadaqa qilaman. Agar erimdan qoʻrqsang, ogʻu berib oʻldiraman va yana tavba qilurman.

– Taqdirni buzmagil, tavbaga suyanmagin.

Zulayhoning achchigʻi keldi. Enagasiga borib, bor gapni aytib berdi. Enagasi unga koʻp oʻgitlar berdi. Zulayho qabul qilmadi, ojizlik qildi. Qaygʻudan oʻlar holga kelganida, keksa enagasi Zulayhoga yigʻlab dedi: “Ey, Zulayho, menga koʻp mol-davlat ber Uni xarj qilayin. Bir kun tilakingga yetgaysan”.

Zulayho enagasiga mingta oltin, mingta misqol, ipak va ikki qimmatbaho toʻn berdi.

Enaga Zulayho  bergan mol-mulkni sarf qilib, bir qasr bunyod ettirdi. Uni birovlar oydan, birovlar marmardan yaralgan deyishadi. Uni turli naqshlar bilan bezattirdi, koʻzgudek yorugʻ boʻldi. Zulayho bilan Yusuf suratini chizdirdi. Gulzorda nazokatli kezib yurgan oshiq-moshiqlar suvratidan goʻzalliklar paydo boʻldi. Xonaning toʻrt burchagiga gʻoyat nafis mushku anbarlar qoʻyib tilsimlar qildi.

Naql qilishlaricha, begona (qurtqa)kampirni uyga kiritish kerak emas. Agar u qay uyga kirsa buzmasdan chiqmas.

Gʻazal

Erning balosi ikki olam balosi qurtqa,

Qurtqa qarib oʻlursa solgʻil etini qurtqa.

Yot qurtqani evingda koʻrsang boshini kesgil,

Kuydir boshini oʻtgʻa, sovur kulini qortqa.

Qurtqa necha qarusin toat qilib arisun,

Ev buzgʻali topunsa boqmas oʻngigʻa ortqa.

Qurtqa buzar ming ishni qayra tuzar tilasa,

 Aning tegar balosi barcha mugʻulgʻa, sortgʻa.

 Qasr bitganida Zulayho nafis harir koʻylaklar kiyib, unda oʻtirdi. Yusufni undab, xonaga kiritdilar. Yusuf Zulayho oʻtirgan uyga kirganida oʻzini unga otdi. Yusuf uni bu ahvolda koʻrib, darhol egilib, toʻnining tizza bogʻini bogʻlay boshladi. Zulayho uni toʻnining bogʻini yechyapti, deb oʻyladi.

– Yusuf, yuzing buncha goʻzal? – soʻradi Zulayho.

– Meni Ollohim shunday yaratmish.

– Sochlaring buncha goʻzal?  

– Qabrda barcha narsalardan oldin toʻkiladigan mana shu sochlarimdir.

– Koʻzlaring muncha goʻzal?

– Qurt-qumursqalar avval uni yer.

– Ey Yusuf, menga nega qaramaysan?

– Umrim oxirida koʻr boʻlib qolishdan qoʻrqaman.

– Men seni sevaman.

– Men Ollohimni sevaman.

– Mehmonxonaga kirgil.

– Kirardim-u, jannatda nasibamdan mahrum boʻlib qolaman, deb qoʻrqaman.

– Sen meni qulimsan, seni sotib olganman, sen esa mendan boʻyin tovlayapsan.

– Meni sotgan odamlar mening birodarlarim edi.

– Nega mendan uzoqlashasan?

 – Ikki zotning haqqi uchun. Ul zotki, yeru osmonning yagona ilohidir, ikkinchisi uni gʻoyat izzatli tut degan odamning xaqqi-hurmati uchun. Xudodan panoh tilayman. U mening parvordigorim, u meni darajamni chiroyli qildi. Albatta, zolimlar va toʻgʻri ish qilmaganlar hargiz najot topmasalar.

– Molu davlatim koʻp, sadaqa qilarman, Ollohim kechirgay, erimdan qoʻrqsang, ogʻu berib yoʻq qilgayman.

Yusuf ham Zulayho ham bir – biriga qasd qildilar. Zulayhoning qasdi maqsadga erishish edi. Yusufning qasdi esa qochish edi.

(Davomi bor).

 Raʼno Zaripova, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist

Nodira Saʼdullayeva, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti oʻqituvchisi  

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.