Mumtoz adabiyotning beqiyos obidasi “Qisasi Rabgʻuziy” asarini qadimiy turkiy tildan zamonaviy oʻzbek tiliga Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist Raʼno Zaripova va Toshkent davlat sharqshunoslik instituti oʻqituvchisi Nodira Saʼdullayeva oʻgirgan.
Durdona asarning navbatdagi qismini eʼtiboringgizga havola qilamiz.
Qurʼoni Karimda Yusuf alayhissalom haqida alohida sura (12-sura) mavjud boʻlib, u bir yuz oʻn bir oyatdan iboratdir. Unda asosan Ollohning paygʻambarlaridan Yusuf ibn Yoqubning hayoti, boshiga tushgan balolar, ogʻa-inilar va begonalardan koʻrgan kulfatlari, quduqqa tashlanganligi, tuxmatga yoʻlliqanligi, zindonband boʻlgani va koʻrgiliklarga sabr-toqat qilishi natijasida butun Misr zaminining mulku xazinasiga ega boʻlganligi zikr qilinadi.
Bu sura «Hud» surasidan keyin Muhammad alayhissalom hayotlarining eng qora kunlarida – yaqinlari Xadicha va Abu Tolibdan ajragan, mushriqlar tomonidan ozorlanib, qiynalib yurgan kezlarida nozil boʻlgan. Olloh taolo goʻyo oʻzining suyukli paygʻambariga va u zotning barcha ummatlariga agar boshlariga tushgan baloga, kulfatlarga va diyonatsiz kimsalarning zulmu zoʻravonliklariga sabr-qanoat qilib, oʻzlarining haq yoʻlidagi kurashlaridan tolmay, Ollohning dinidan qolmay sobitqadam boʻlsalar, Parvardigori olam ularni zulmatlardan xalos etib nurli, baxt-saodatli kunlarga yetkazajagini uqtirayotgandek. Nazm uslubidagi bu surada oʻzgacha latofat, ayricha joziba mavjudki, islom olamidagi eng buyuk qalam ahllari undan mutaassir boʻlib, sheʼru dostonlar bitganlar. Ulamolar esa bu sura xususida jild-jild kitoblar tasnif etganlar. Shunday asarlardan birida: «Yusuf surasi jannat ahllari jannatda ham rohat bilan tilovat qilib yuradigan suralardandir» deyilsa, yana birida har qanday gʻam-tashvishga botgan mahzun kishi Yusuf surasini eshitishi bilan orom-osoyishtalik topar, deyiladi.(R.Z.,N.S.)
Qissani boshlashdan oldin Qurʼoni Karimdan muallif shunday oyatlarni keltiradi: «Ey, otajonim, men tushimda oʻn bir yulduz, quyosh va oyni koʻrdim, ular menga sajda qilib turganini koʻrdim». «Ey, oʻgʻilcham, bu tushingni birodarlaringga hargiz soʻzlamaginki, tagʻin ular hasaddan senga biror makr ishlatmasinlar». “Meni mamlakat xazinalari ustidan tayinlaginki, men saqlaguvchidirman, bilguvchidirman” “Ey, Parvardigorim, menga ular chorlayotgan narsadan koʻra hibsxona mahbubroqdir”. “Meni musulmon boʻlgan holimda jonimni ol va yaxshi bandalaring bilan qovushtir”. “Biz senga eng yaxshi qissani bayon qilmoqchimiz”.
Chin oʻn ikki erdi Yaʼkub sovchining bolalari,
Koʻrsa aning birtak erdi boʻylari bolalari.
Oʻn birinchisi Yusuf erdi suvrati yavloq badiz,
Laʼl ichinda gulchirar koʻp lolayu lolalari.
Koʻrk qiliq ziynat malohat ham nubuvvat, ham karam,
Bosho azoqga tegru jumla mavloning ololari.
Ota sevgan, otasingʻa tush koʻrib yoʻrdurguvchi,
Ne hasad qildi, koʻr, anga ul oʻgay ogʻalari.
Ul Misr mulni ichinda maliklar xotunlarin,
Qul qilgʻan ul qamugʻni zulfining lolalari.
Qul sotildi el ichinda qayra oldi qul qilib,
Voliy boʻldi Misr ichinda boʻldilar mavlolari.
Yusuf alayhissalom bolaligida tush koʻradi. Uni otasiga aytadi: «Ey, otajon, men tushimda oʻn bir yulduz, quyosh va oyning menga sajda qilib turganini koʻrdim». Otasi: «Ey, oʻgʻlim, tushing qutlugʻ boʻlsin. Uni birodarlaringga hargiz soʻzlamagin, tagʻin ular hasaddan senga biror makr ishlatmasinlar», – deya javob qiladi. Otasining nasihatini eshitgan, qarindoshlari aka-inilarining jafosiga ilinib, quduqqa tashlangan, quduqdan olinib, oʻn sakkiz badal pulga sotilgan va Misr ayollarining makriga mubtalo boʻlib, Ey, Parvardigorim, men uchun ular chorlayotgan narsadan koʻra zindon yaxshiroqdir. Agar oʻzing ularning makrlaridan meni asrab qolmasang, ularga koʻngil berib, nodonlardan boʻlib qolaman, deb Ollohga yolvorgan Yusuf alayhissalom haqidagi qissani bayon qilamiz.
Ollohning kitobi qadim va azim Qurʼoni karimda ushbu qissani ahsan yaʼni qissalarning eng goʻzali deyiladi. Savol: ahsan demakdan hikmat ne edi? Javob: Qurʼon ichidagi qissalardan foydasi ziyodrogʻi Yusuf qissasidir. Shuning uchun ham “Ahsan ul qasos” deyiladi.
Ikkinchi javob: Bu qissadagi voqealar baʼzilarning soʻzicha qirq yil, baʼzilarning soʻzicha sakson yil kechadi. Uchinchi javob: «Qurʼoni karim»da baʼzi qissalar faqat oyatlardagina keladi. Ammo Yusuf qissasi toʻliq bir surani oʻziga qamrab oladi. Shuning uchun “Ahsan ul qasos” deyiladi. Toʻrtinchi javob: boshqa qissalarda qaxramon begonalar orasida edi. Yusuf qissasi ota-onasi va akalari orasida kechadi. Shuning uchun ham u “Ahsan ul qasos” deb taʼriflanadi.
Beshinchi javob: bu qissada uch holat mavjud:rohat, mashaqqat va ibodat. Xaloyiq orasida ezgu muomila qilmoq, dunyo kengu tor kelganida ham vazmin boʻlmoq. Oltinchi javob: Yusuf qarindoshlari bilan ezgu muomila qilganligi, ularning zulmiga sabr qilgani va kechirimli boʻlgani uchun. Yettinchi javob: bu qissaning avvali tush, oʻrtasi tush, oxiri tush edi. Sakkizinchi javob: bu qissa xayrli ishq-muhabbat bilan tamom boʻldi.
Toʻqizinchi javob: Rasululloh alayhissalom yorliqadi, kim oʻn xil baloga ilinsa oʻn surani oʻqisin. Yaʼni kimki mushkuli yengil boʻlishini istasa, «Al hamdu» surasini, oʻgʻrilardan qutulay desa “Surat ul baqara”ni, kambagʻallikdan qutilay desa “Oli-Imron”ni, kim koʻngilimdan qaygʻu ketsin desa “ Surat ul anʼom”ni, kim kelishmovchilikdan qutulishni xoxlasa “Surat ul anfol”ni, kimki menga alam harom boʻlsin desa “Allam nashrah”ni, kim gʻazabim uchsin desa “Surat ul asr”ni, kim kofirlik va shirk mendan ketsin desa “Surat ul ixlos”ni, kim jodulardan omonlik tilasa “Surat ul muaavvizatayin”ni, kimki mendan ushbu oʻnta qaygʻu bari ketsin desa “Yusuf» surasini oʻqisin.
Aytishlaricha, Yoqub yalavochning olti xotini boʻlgan va ularning har biridan 2 oʻgʻil, jami oʻn ikki farzand boʻladi. Rivoyat: Yuksaklikda oʻn ikki burj bor. Qurʼoni Karimda “Ulugʻ barokotlik zot uldurki, osmonda katta-katta yulduzlarni yaratibdir”, deyiladi. Ushbu burjlar: qoʻzi (hamal), uy (savr), arandand (javzo), quchiq (saraton), kur arslon (asad), bugʻdoy boshi (sunbula), ulkar, chizan (aqrab), yoy (qavs), oʻgʻloq (jadiy), qoʻnak (dalv), baliq (hut). Bu oʻn ikki burjda yetti yulduz boʻladi. Qurʼoni Karimda: “Yulduzli osmon bilan qasamyod etaman», deyiladi. Bu oʻn ikki burjda yetti yulduz, yetti sayyora mavjud. Qurʼoni Karimda: “Qasamyod etaman kechasi koʻrinib, kunduzi yashirinuvchi, toʻgʻri yurib sayr qiluvchi, orqasiga qaytuvchi yulduzlar bilan», deyiladi. U yulduzlar qay biri desa aytgil: Sakandir (Zuhal — Saturn), Oʻngʻay (Mushtariy — Yupiter), Kurud (Mirrix — Mars), Yashiq (Quyosh — Shams), Saqit (Zuhra — Venera), Orzu(Utorud — Merkuriy), Yalchiq-( Qamar- Oy).
Bayt
Oʻn ikki ukak yetti aqrab qisliq,
Eng ilki qoʻzi, uy, arandand, quchuk.
Koʻr arslonma bugʻdoy boshi ulkar aro.
Chayon ham yoy, oʻgʻloq, koʻnak ham baliq.
Yana yetti yulduz bularda yuriyur.
Sakandir, oʻngay ul kurud ham yashiq
Saqit, orzu, yalchiq yogʻitek boʻlur,
Toʻqushdin oʻsanma qizibon yoriq.
Yana olamda yetti burjdan oʻn ikki yulduz tugʻildi. Yetti burj qay birlari desangiz: Yoqub yalavoch, Shavsha, Zaʼura, Sunbula, Qamar, Habiba, Raxil. Yaʼni, Yoqub yalavoch olti xotini bilan yetti boʻladi. Oʻn ikki yulduz qay birlari desa, oʻn ikki oʻgʻlonlari — Rubil, Loviy, Shamʼun, Yahudo, Joda, Don, Yagʻsar, Yastoxir, Zabotuk, Qozur, Yusuf, Yamin.
Yusuf oʻn birinchi oʻgʻil edi. Mavlo taolo unga oʻn xil karomat berdi. Koʻrk, yaxshi xulq, kechirimlilik, yalavochlik, rostgoʻylik, omadlilik, oqibatlilik mushkulot, tushni taʼbirlash, Ibroximdek kitobni bayon eta bilish. Yusuf olamda tengi yoʻq edi.
Rivoyat qiliishlaricha, Misr xalqi yetti yil qahatchilikka mubtalo boʻldi. Mol-mulkni, qullarini Yusufga sotib noz nemat sotib oldilar. Omborda oziq-ovqat qolmadi. Yusuf alayhissalom Misr xalqiga yuzidagi bir qat pardani koʻtarib, jamolini koʻrsatdi. Ular Yusufning jamolini kuzatish bilan toʻrt oy ochlik nimaligini bilishmadi va hosil yigʻim-terimiga yetib kelishdi.
Yana bir xabarda aytilishicha, Meʼroj tunida Rasul alayhissalomga Ollohi taoloning yorligʻi boʻldi: «Ey, Muhammad, jannatdagi hurlarning koʻrkini dunyodagi ikki kishiga berdim. Biri onang Havoga, ikkinchisi Yusuf Siddiqqa».
Yana ulamolarning rivoyat qilishlaricha, Mavlo taolo jami goʻzalliklarni ming ulush qildi. Toʻqqiz yuz toʻqson toʻqqizini Yusufga va bir ulushini barcha odamlarga ulashdi. Yusuf shu qadar xushsuvrat boʻladiki, Olam ahli Yusufning uyidan chiqqanini darrov bilardi. Oy va kunning nuri qolmasdi. Kim Yusufga boqsa oʻzini koʻzguda koʻrgandek koʻrardi. Taom yesa, tomogʻidan oʻtguncha koʻrinardi. Yonoqlari nuridan qorongʻu tun yorishar, yurgan yoʻllarida “Shakoyi an-niʼmon” chechagining ifori kelardi. Yusuf va Yaminning onalari Raxil edi. Ular goʻdakligida-yoq onasidan masuvo boʻlishgandi. Yusuf va Yamin onadan erta ajraldi. Deb Yoqub alayhissalom ularni erkalatar edi. Ammo Yusufga qattiq mehr qoʻygan boʻlib, Yusufsiz biror joyga bormas edi.
Yusuf yetti yoshida tush koʻrdi. Tushida akalari bilan yoz kuni daraxt ekdilar Barchasi koʻkardi. Ammo, gurkirab oʻsmadi. Faqat Yusuf ekan koʻchat gurkirab koʻkka yetdi. U yana boshqa koʻchatlarni ham gurkirab oʻsishini orzu qildi.
Baʼzi ulamolar aytishicha, ogʻa-inilarining koʻchatlari Yusufning gurkirab oʻsgan daraxtiga sajda qildilar. Yusuf kelib ushbu tushini akalariga aytdi. Tush ularga yoqmadi. Ular bir-birlariga dedilar: Koʻrmaysanmi, bu Rahilning oʻgʻli otamizning mehrini kuchaytirishga intilyapti.
Ikkinchi tun yana tush koʻrdi Unda oʻn bir yulduz,quyoshu oy bilan birga Yusufga sajda qilardi. U bu tushini birodarlariga emas, otasiga aytdi.
Rivoyatda aytishlaricha, Boʻston otligʻ juhud yalavochimiz Muhammad Mustafoga savol berdi: Yusufga sajda qilgan oʻn bir yulduzning oti na edi? Rasulullox(s.a.v) dedilar: u yulduzlarning nomini aytsam imon keltirgaymisan? Juhud javob qildi: Javobingdan keyin.
Rasul aytdi: Yulduzlar oti: chizon (chayon), toriq, qoyis, xanduh, faylaq, mussabih, vassob, rayyol, yana bir rivoyatda zayyol, zulumudan, zulfara, zulkitfon. Bu oʻn bir yulduz oy va quyosh birla koʻk etagida Yusufga sajda qildilar. Yana bir rivoyatda yerga enib sajda qildilar. Juhud aytdi: “Voollohkim, «Tavrot»da ham bundoq oʻqidim” deb imon keltirdi.
– Ey, Yusuf, tushlaring juda gʻayrioddiy goʻzal, qarindoshlaringga aytmagil, senga yovuzlik qilishmasin. Shayton odamzod uchun ochiq dushmandir, – deb oʻrgatdi otasi.
Yusufning soʻzini akasi Rubilning onasi Qamar eshitdi. Uni Rubilga gapirdi. U boshqa aka — ukalariga yetkazdi. Yoqub oʻgʻlonlarining boʻyin tomirlari boʻrtib chiqdi va terilari jimirlab, tuklari tik turdi. Barchalari aytdilar: “Rahil oʻgʻlini otamiz bizdan ortiq koʻradi. U oʻzini yanada yaxshi koʻrsatish uchun tush koʻrdim deya aldaydi. Biz qoʻy — qoʻzi orqasidan dala — dashtda yugurib yurganimizda u otamiz yonida issiqqina uyda oʻtiradi”.
Quroni karimda shunday yoziladi:» Garchi biz koʻpchilik boʻlsakda, shak — shubhasiz Yusuf va uning birodari (Binyamin) otamizga bizdan koʻra suyukliroqdir. Darxaqiqat, otamiz ochiq zalolatdadir». (Yusuf surasi 9 oyat). Ular Yusufni uzoq joyga tashlab kelsak yoki oʻldirsak, otamizning mehri bizga koʻchadi deya kengashadilar. Ogʻa-inilar kengashayotganida shayton ularning oldiga bir qariya suvratida keldi va “Yusuf sizlarga quldek qaraydi”, dedi. “Nima qilaylik” soʻradi ular. Shayton aytdi: “Yusufni oʻldiring va bir yerga koʻming, qurt-qumursqalarga yem boʻlsin” Ular aytdilar: “Yusufni oʻldirsak, otamizga zulm qilib, Olloh taologa osiy boʻlamiz” Shayton aytdi: “U ishni qilgandan soʻng tavba qilib, yana solih insonlar qatorida boʻlasiz”. Shayton aytarini aytib gʻoyib boʻldi.
Ulardan biri gapirdi: Bu ishni qilar boʻlsangiz chuqur quduqqa tashlang. Yoʻlovchilar olib ketadi. Bu tadbirni oʻrgatgan kim edi? Baʼzilar aytmishlar Rubil edi. Chunki u Yusufga xolavachcha boʻlib, barcha akalaridan katta edi. Baʼzilar Yaxudo edi desalar, baʼzilar Shamʼun edi deyishadi. Yana ular odam oʻldirish doʻzahiylikdir, quduqqa tashlaylik deb kelishdilar.
(Davomi bor).