Rasm chizaman deydi,
Mening jajji nabiram.
Hammamizni shoshirib,
Topib ber deydi, qalam.
Qogʻoz, qalam tutamiz,
Quloq solib soʻziga.
Bir nimalar chizadi,
Oppoq qogʻoz yuziga.
Bu nima, deb soʻrasak,
Maqtanib “kitob” deydi,
Bir doira chizadi-da,
Bu-chi, bu “koptok”deydi.
Oʻtirgancha yonida
Boqaman hayrat bilan.
U esa davom etar
Chizishda gʻayrat bilan.
SOYABON
Nima olib kelay, desam
Pushti rang soyabon, der.
Mening jajji nabiram
Yangi oʻyinchoq gʻamin yer.
Bolalar doʻkonidan
Izlayman soyabonni,
Koʻk, sariq, yashil boru
Topilmas pushti rangi.
Qizim xursand boʻlsin deb,
Qoʻldan bermay har onni.
Pushti rang mato topib
Yasadim soyabonni.
x x x
Kapalaklarni quvlab
Yurar jajji nabiram.
Turfa xil kapalaklar
Tutqich bermas sira ham.
Yaqinlab ushlay desa,
Bir zumda qochib qolar.
Atirgullar qatiga
Qoʻnib berkinib olar.
Quvlashmachoq oʻynashdan
Charchamaydi nabiram.
Tabiatning bagʻrida
Zavqlanadi bir olam.
Hovlimizni toʻldirib
Yursa koʻp quvonaman.
Atrofimda chugʻurlab
Tursa orom olaman.
Dadamga oʻxshayman
Mening jajji nabiram
Chizdi qizaloq rasmin.
Oyoqlari koʻp uzun,
Boqishlari-chi, vazmin.
Nega oyogʻi uzun,–
Savol berdim qizimga.
U esa: – Menman-ku, deb
Hayron boqdi koʻzimga.
Soʻng dedi: – Buvijonim,
Men dadamga oʻxshayman.
Oyogʻim uzun boʻlsa,
Katta qadam tashlayman.
Shokoladni kim yegan
Mening jajji nabiram
Qoʻgʻirchoqqa doʻq urar.
Shokolad yedingmi,–deb
Uning qulogʻin burar.
–Yostigʻingning tagidan
Topib oldim qogʻozin,
Doktorga oboraman,
Ogʻrib qolsa tomogʻing.
Qoʻgʻirchogʻi jim turar,
Kipriklari pirpirab.
Shokoladni kim yegan,
Nabiram yaxshi bilar.
Zahro HASANOVA