Bashang kiyinib olgan kishi bozorda aylanib yurib, yogʻ sotadigan ayolga duch keldi.
– Ey sen, nima sotyapsan? – coʻradi u.
– Yogʻ sotyapman, janob. – javob qildi u.
– Yogʻingni koʻrsatchi! – yana dagʻal gapirdi u.
Ayol boshidagi idishini tushirayotganida xoridorning chiroyli kiyimiga bir tomchi yogʻ sachradi. Gʻazabi kelib: Ey ayol, aqling joyidami? Libosimni rasvo qilding! Pulini toʻlamaguningcha, joyimdan jilmayman! — dedi.
– Kechiring, janob. Bexosdan boʻldi. Men bir miskin ayolman. Qanday toʻlayman? – uzrli gapirdi.
– Toʻlamaguningcha ketmayman!.
– Qancha turadi, kiyimingiz, janob? – soʻradi ayol.
– Ming dirham!
– Shuncha pul menda nima qilsin?
– Buyogʻi bilan ishim yoʻq! Toʻlaysan, vassalom!
– Rahmingiz kelsin, janob. Meni sharmanda qilmang! –yalindi ayol.
U kishi ayolga dagʻdagʻa, janjal qilayotganini eshitib bir yigit keldi. Ayoldan soʻradi. U voqeani aytib berdi.
– Men beraman, oʻsha mablagʻni! – dedi, va ming dirham sanab uzatdi. Kishi bittalab sanab olib, ketishga shaylangandi. Yigit undan soʻradi: koʻnglingiz joyiga tushdimi?
– Nima demoqchisan? – qoʻpol gapirdi u.
– Kiyimning pulini oldingizmi? .
– Ha, oldim!
– Kiyim qani? – soʻradi yigit.
– Nima? – hayratlandi u.
– Sizga kiyimlaringizning pulini berdik. Uni sotib oldik. Bizga bering, endi! – dedi yigit.
– Yalangʻoch ketamanmi? – yana ajablandi u.
– U yogʻi bilan ishim yoʻq .
– Kiyimni bermasamchi? – dedi.
– Unda pulini bering! – javob qildi yigit.
– Ming dirham — a? – dedi.
– Sizga bergan narxni soʻramayapmiz! – dedi.
– Ming dirham, berding-ku? – dedi kishi
– Uni ikki ming dirhamga sotamiz! – javob qildi yigit.
– Juda koʻpku?
– Qimmatlik qilsa, marhamat, xohishingiz. Kiyimni bering!
– Meni sharmanda qilmoqchimisan? – dedi.
– Biroz oldin siz ham bu ayolni sharmanda qilmoqchi edingiz-ku?
– Bu — zulm, – dedi kishi.
– Zulm haqida siz gapiryapsizmi?! – dedi yigit.
Kibrli kishi xijolat boʻlib, boshini egdi. Pulni yigitga qaytarib, ayolni kechirdi.
Yigit u pullarni ayolga hadya qildi. Voqea guvohlari yigitni duo qilishdi.
Voqeadan xulosa shuki, muammolarning yechimi aql va zakovvat. Baʼzida qurbonlik talab qiladi. Ojizlarning xoʻrlanishiga indamay qarab turish imonning oʻta zaifligidan dalolatdir. Mazlumlarni qoʻllash baʼzan arzimas ishdek tuyular, biroq , jabrdiyda uchun unutilmas yordam boʻladi. Kibr kishini boshqalar oldida insoniylik qiymatini, obroʻsini tushiradi. Gunohga sabab boʻladi.
GUJUM.UZ