Goʻzal sheʼriyat, dilkash izhoriy satrlar hamisha tilimizda, dilimizda jaranglaydi. Bayramlarda, tantanali kunlarda qayta- qayta oʻqiladi. Davralarga jon bagʻishlaydi.
Ayolga baxt bering, saodat bering,
Demang, yuribdi-ku kulib jilmayib.
Ayol kulib turib oʻlishi mumkin,
Dunyoni olishi mumkin jilmayib.
Ayolga baxt bering, saodat bering,
Gar koʻzlari kulib tursa-da,
Boʻgʻzining ostida necha ming hasrat,
Oy yuzlari kulib tursa-da,
Koʻnglini koʻtaring hech boʻlmaganda,
Qoʻlini silashga sharofat toping.
Yigʻlab turganida hech boʻlmaganda,
Yoshini artishga muruvvat toping.
Nogoh yerga tushsa oppoq roʻmoli
Bosib oʻtmaslikka shafoat toping,
Chaqaloq yalagan etaklarini
Toza deb aytishga adolat toping.
Ayolga baxt bering, saodat bering,
Demang yuribdi-ku kulib, jilmayib.
Ayol kulib turib oʻlishi mumkin.
Dunyoni olishi mumkin jilmayib.
Ayolga baxt bering, saodat bering.
Illohi nur toping, hidoyat toping.
Illohi baxt bergan ayol yonidan.
Baxtiyor oʻtmoqqa inoyat toping.
Illohi qalqonsiz, illoh koʻrgʻonsiz,
Gʻiybatlar yirtmasin koʻylakkinasin,
Illohi hushyorsiz, illoh bedorsiz.
Itlar tishlamasin yurakkinasin.
Ayolga baxt bering, saodat bering .
Togʻ qimirlab, toshlar soʻzga kirsa-da,
Ayolga baxt bering, saodat bering .
Oltmishga kirsa-da, yuzga kirsa-da.