Ahli adib azizu mukarram boʻldilar,
Ulugʻlarim hamnafas, hamdam boʻldilar,
Navoiyning huzurida jam boʻldilar,
Toshkentda, Adiblar xiyobonida.
Hazrat Bobur,Ogahiyu Berdaq bunda,
Oybek domla, Choʻlpon,Fitrat uygʻoq bunda,
Shamollarda oʻchmas shamlar, chiroq bunda,
Toshkentda, Adiblar xiyobonida.
Gulzor ichra sheʼr oʻqiydi Zulfiyaxon,
Tinglab turib xursinadi Hamid Olimjon,
Suhbat qurar Said Ahmad, Saidaxon,
Toshkentda, Adiblar xiyobonida.
Goʻdaklarning qoʻllarini ushlab keling,
Kelinlarga oq roʻmollar tashlab keling,
Kuyovlarni ziyoratga boshlab keling,
Toshkentga, Adiblar xiyoboniga.
Tushkin, gʻamgin xayollardan gʻolib keling,
Keksalarga poyondozlar solib keling,
Kelolmasa yelkalarda olib keling,
Toshkentga, Adiblar xiyoboniga.
Bu bogʻ ichra takbir koʻrdim, taʼsir koʻrdim,
Turnalarning karvonida bir sir koʻrdim,
Musavvirlar chiza olmas tasvir koʻrdim,
Toshkenda, Adiblar xiyobonida
Bu chiroyni aytib ado etib boʻlmas,
Bu bogʻlardan shunchaki oʻtib boʻlmas,
Bu bogʻlarni tillolarga topib boʻlmas,
Toshkenda, Adiblar xiyobonida.
Tonglaringni saodatli koʻrdim yurtim,
Kunlaringni farogʻatli koʻrdim yurtim,
Oqshomlaring karomatli koʻrdim yurtim,
Toshkentda, Adiblar xiyobonida.
Men bu bogʻning qushlarila joʻr boʻlayin,
Gʻuncha ochgan gullarila bir boʻlayin,
Farishtalar aytib uchgan sir boʻlayin,
Toshkenda, Adiblar xiyobonida.
Kelganlarning tovonida chaqin turar,
Yuraklari nurli turar, yorqin turar,
Bu bogʻlar-ki, Ollohimga yaqin turar,
Toshkenda, Adiblar xiyobonida.