NNT xodimlarining huquqiy bilimlari va kasbiy mahoratlarini oshirish

0
282
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Nodavlat notijorat tashkilotlari Milliy assotsiatsiyasida nodavlat notijorat tashkilotlari xodimlarining huquqiy bilimlarini oshirish maqsadida assotsiatsiyada tashkil etilgan “Ekspertlar guruhi” hamkorligida ”NNT xodimlarining huquqiy bilimlari va kasbiy mahoratlarini oshirish“ mavzuida seminar oʻtkazildi.

Ushbu yigʻilish ishtirokchilari Prezident Shavkat Mirziyoyevning 20 iyun kuni Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan uchrashuvdagi maʼruzasida belgilangan maqsad va vazifalaridan kelib chiqib konstitutsiyaviy islohotlar yuzasidan oʻz fikrlarini bildirdilar. Viloyatlardagi NNTlar ham ishtirokidagi onlayn va oflayn tarzda oʻtgan yigʻilishda  sohaning turli yoʻnalishida faoliyat yuritayotgan  NNT rahbarlaridan maʼruzalar tinglandi.

Tadbirni OʻzR NNTMA raisi oʻrinbosari Baxtiyor Masharipov ochib,  mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan uchrashuvdagi fikrlarini kisqa sharhlab berdi.

Mamlakatimiz Konstitutsiyasi mustaqillik yillarida erishilgan barcha yutuqlarning mustahkam huquqiy poydevori boʻlib kelayotgani shu bilan birga, hayot ham, xalqimizning dunyoqarashi ham oʻzgarayotganligi tufayli Asosiy qonunimizga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilayotganini gapirdi.

Darhaqiqat, soʻnggi yillarda fuqarolar tomonidan Konstitutsiyamizni takomillashtirish boʻyicha koʻplab fikrlar bildirib kelinayotgani inobatga olib, joriy yil 20 may kuni Oliy Majlis palatalari Kengashlari tomonidan Konstitutsiyaviy komissiya tuzildi. Oʻtgan bir oy davomida mazkur komissiyaga xalqimizdan 48 ming 492 ta taklif kelib tushganini uchrashuvda taʼkidlandi.

Mamlakatimiz Prezidenti uchrashuvda aholining bunday faolligini, mamlakatimiz kelajagiga daxldorlik hissini yuksak baholab, konstitutsiyaviy islohotlar yuzasidan oʻz fikrlarini bildirdi.

– Yangilangan Konstitutsiya mamlakatimizning uzoq muddatli taraqqiyot strategiyalari, umuman, yurtimiz va xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos hamda ishonchli kafolat yaratishi lozim. Bir soʻz bilan aytganda, “Inson qadri uchun” gʻoyasini hamda hozirgi islohotlarimizning bosh tamoyili boʻlgan “Inson – jamiyat – davlat” degan yondashuvni Konstitutsiyamizning mazmuniga chuqur singdirib, amaliy hayotimizda bosh qadriyatga aylantirishimiz zarur. Yaʼni, insonning qadr-qimmati, shaʼni va gʻururi bundan buyon barcha sohalarda birinchi oʻrinda turishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentimiz oʻz maʼruzasida toʻrtta ustuvor yoʻnalishga eʼtibor qaratib, ularning har biri boʻyicha takliflarini aytdi.

Inson, uning hayoti, erkinligi, qadr-qimmati, daxlsiz huquqlari va manfaatlari masalasi birinchi yoʻnalish sifatida koʻrsatib oʻtildi.

– Inson qadrini yuksaltirish haqiqatda davlat hokimiyati organlarining konstitutsiyaviy burchi va ustuvor vazifasi boʻlmogʻi shart. Yangilanayotgan Konstitutsiyamizda ushbu tamoyillar aniq ifoda etilishi, oʻzining mukammal huquqiy yechimini topishi zarur, – dedi Prezident.

Yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqi ekani taʼkidlanib, Konstitutsiyaga “Oʻzbekistonda oʻlim jazosi taqiqlanadi”, degan normani kiritish taklifi bildirildi. Darhaqiqat, ikki palatali parlament tashkil etilgan yillarda  Qonun bilan oʻlim jazosi bekor qilinib, uzoq muddatli qamoq jazosiga almashtirilgan edi. Biroq, oʻn besh yilga yaqin vaqt oʻtgan boʻlsada, bu oʻzgartish Konstitutsiyada oʻz ifodasini topmadi. 

“Yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqidir. Inson hayotiga suiqasd qilish eng ogʻir jinoyatdir” deyiladi, Oʻzbekiston Konstitutsiyasining  24-moddasida

  Shuningdek, davlatimiz rahbari shaxsning sudlanganligi va undan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklashga asos boʻlishi mumkin emasligini qatʼiy yozib qoʻyish zarurligini va ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarga nisbatan insoniy munosabatni taʼminlash boʻyicha konstitutsiyaviy asoslarni mustahkamlash masalalariga alohida eʼtibor berdi.

Maʼmuriy, fuqarolik, iqtisodiy, jinoiy javobgarlik va boshqa yoʻnalishdagi ishlarni koʻrib chiqishda insonga nisbatan qoʻllaniladigan huquqiy taʼsir choralari – qonuniy maqsadga erishish uchun yetarli boʻlishi hamda shaxsga imkon qadar yengillik yaratishi kerakligi taʼkidlandi.

Ikkinchi yoʻnalishda “Oʻzbekiston – ijtimoiy davlat” degan gʻoya ilgari surildi.

Maʼlumki, ijtimoiy davlat har bir inson uchun munosib yashash sharoitlari yaratib beradi, hech kim eʼtibordan chetda qolmaydi, oʻz muammolari bilan yolgʻiz tashlab qoʻyilmaydi.

 – Bir soʻz bilan aytganda, davlatning erkaklar va ayollar, oilalar va bolalar, yoshlar va nuroniylar, nogironligi bor shaxslar, mamlakatda yoki uning tashqarisida boʻlishidan qatʼi nazar, barcha insonlar haqida qaygʻurishi Konstitutsiyada mustahkamlanishi zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Uchinchi yoʻnalish. Konstitutsiyada mahallaning maqomini hamda davlat organlarining bu boradagi vazifalarini aniq belgilash haqida boʻldi. Bunda mahallalarning davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmasligi, joylardagi mahalliy ahamiyatga molik masalalarni mustaqil hal etishi, buning uchun davlat organlari ularga koʻmak koʻrsatishiga oid tamoyillar oʻz ifodasini topadi.

Toʻrtinchi yoʻnalish. Mamlakatimizda davlat boshqaruvini takomillashtirish, xalq hokimiyatchiligini kuchaytirishga qaratilgani bilan juda muhim boʻlib, davlatimiz rahbari shunday taʼkidladi:

– Biz el-yurt tashvishi bilan yashaydigan xalqchil davlat barpo etishni koʻzlaganmiz. Bu shuni anglatadiki, davlat, uning organlari va mansabdor shaxslari xalq uchun ishlaydi, unga xizmat qiladi. Davlat hokimiyati ustidan xalq nazorati oʻrnatiladi. Konstitutsiyaga davlat organlari faoliyatida ochiqlik, shaffoflik va hisobdorlikni, mazkur organlarning ixcham va tejamkor boʻlishini taʼminlash yuzasidan qoidalar kiritishni taklif qilaman.

Darhaqiqat, hukumatni shakllantirish va uning samarali faoliyat yuritishini taʼminlashda Oliy Majlisning vakolatlarini kengaytirish, Prezidentning ayrim vakolatlarini Oliy Majlisga oʻtkazish boʻyicha takliflar bildirildi.

Masalan, hokimlar bir vaqtning oʻzida xalq deputatlari kengashlariga ham boshchilik qilishi haqidagi qoidani Konstitutsiyadan chiqarib tashlash vaqti kelganini gapirdi.

Darhaqiqat, Oʻzbekiston Respublikasining ”Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida“gi Qonunining 99 moddasida “Viloyatlar, tumanlar va shaharlarda (tumanga boʻysunadigan shaharlardan tashqari) hokimlar boshchilik qiladigan xalq deputatlari Kengashlari hokimiyatning vakillik organlari boʻlib, ular davlat va fuqarolarning manfaatlarini koʻzlab oʻz vakolatlariga taalluqli masalalarni hal etadilar”, deyiladi.

Yana ikkita muhim taklifni bildirdi: Davlatimiz rahbari Konstitutsiyaga qonunchilik takliflarini kiritish institutini joriy etishni taklif qildi. Bu qoida orqali xalq bevosita tashabbus koʻrsatish huquqini qoʻlga kiritadi. 100 ming kishidan kam boʻlmagan miqdordagi fuqarolar oʻz qonunchilik takliflarini Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritish imkoniyatiga ega boʻladi. Darhaqiqat, innovatsion texnologiyalar rivojlanganligi, saytlar va ijtimoiy tarmoq va guruhlarning mavjudligi  xalqqa ushbu imkoniyatni yaratib beradi.

Hukumat vakolatlarini ham kengaytirib, Vazirlar Mahkamasi va hokimliklarning ekologiya, yoshlar, oilani qoʻllab-quvvatlash, nogironligi boʻlgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish, jamoat transportini rivojlantirish, aholining dam olishi uchun zarur sharoitlar yaratish, fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha masʼuliyatini Konstitutsiyada belgilash lozimligi qayd etildi.

Shuningdek, jahonda tub oʻzgarishlar yuz berayotgan hozirgi sharoitda, Oʻzbekiston tashqi siyosatining konseptual-huquqiy asoslarini yangilash va takomillashtirish muhimligi ham taʼkidlandi. Prezidentimiz Konstitutsiya loyihasini umumxalq muhokamasida koʻrib chiqishni hamda referendum oʻtkazish yoʻli bilan qabul qilishni taklif etdi.

Maʼlumki, Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan umumlashtirilgan takliflarni endi Qonunchilik palatasi deputatlari qonunchilik tashabbusi tartibida Parlament quyi palatasiga kiritadi. Parlamentda ular chuqur muhokamadan oʻtkazilib, yangilangan Konstitutsiya loyihasi tayyorlanib. loyiha umumxalq muhokamasida koʻrib chiqishni hamda referendum oʻtkazish yoʻli bilan qabul qilishni taklif etdi.

 – Konstitutsiyaviy islohotni fuqarolarimiz fikri va qoʻllab-quvvatlashi asosida, referendum orqali amalga oshirsak, bu tom maʼnoda xalqimiz xohish-irodasining ifodasi – haqiqiy xalq Konstitutsiyasi boʻladi, – dedi davlatimiz rahbari.

Shu bois, Prezident xalqimizga murojaat qilib, konstitutsiyaviy islohot jarayonida yanada faol qatnashishga chaqirdi.

Ushbu  uchrashuvdan va unda belgilangan masala va takliflardan kelib chiqib, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ham onlayn va oflayn tarzda NNTlarga oid fikrlarini ifoda etdilar:

Konstitutsiyaning 56 moddasida: “Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan kasaba uyushmalari,  siyosiy partiyalar, olimlarning jamiyatlari, xotin qizlar, faxriylar va yoshlar tashkilotlari, ijodiy uyushmalar, ommaviy harakatlar va fuqarolarning boshqa uyushmalari jamoat birlashmalari sifatida eʼtirof etiladi”. deyilgan. Biroq, NNT degan  norma kiritilmagan. Holbuki, ushbu tushunchalarning bir-biridan farqi mavjud. Masalan, fondlar tadbirkorlik bilan shugʻullanishga haqi yoʻq. Biroq, NNTlarga oʻz tashkilotlarini moddiy qoʻllab quvvatlash uchun tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishga ruxsati mavjud.

– “Hakamlik sudlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni qabul qilinganiga 15 yil boʻlyapti, biroq, undagi huquqiy normalar  Konstitutsiyada oʻz ifodasini topmagan.

– Mamlakatimizda psixologlar uyushmasi,  NNT sifatida davlat roʻyxatidan oʻtgan biroq, ularning haq-huquqlari burch va majburiyatlarini ifodalovchi qonunlar mavjud emas.

– Prezident  oʻz maʼruzasida barcha uyushma, jamoat birlashmalari, siyosiy partiyalar, kasaba uyushmalar va hakozolarni  fuqarolik jamiyati institutlari sifatida tilga oladi. Ushbu tushunchani barcha jamoat birlashmalari-yu va NNT larga nisbatan yagona  tushuncha sifatida ishlatish maqsadga muvofiq boʻlarmidi!..

– Yigʻilishda NNT tashkilotlari xodimlari grant asosidagi maoshi eng kam ish oyligidan ham kamligi shuning uchun ijtimoiy toʻlovni NNT zimmasidan olish kerakligi xususida ham fikr bildirishdi. Albatta, bu Konstitutsiyada belgilanmaydigan normalar boʻlib, u qonun va qonun osti hujjatlarida belgilanadi. Biroq, u “Inson qadri uchun” gʻoyasiga hamda hozirgi islohotlarimizning bosh tamoyili boʻlgan “Inson – jamiyat – davlat” degan yondashuvga daxldordir.

 – ”Jamoat birlashmalari” va ”Oʻzbekiston Respublikasining NNT toʻgʻrisida“gi qonunlarida ular roʻyxatdan oʻtgan hududlardagina faoliyat yuritishi belgilangan.  Bu cheklovni ham olib tashlash borasida fikr bildirildi.  Albatta, bu ham bahsli masala!

– Konstitutsiyamizning 56– moddasida “Oʻzbekiston Respublikasida qonunda belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan kasaba uyushmalari, siyosiy partiyalar, olimlarning jamiyatlari, xotin-qizlar, faxriylar va yoshlar tashkilotlari, ijodiy uyushmalar, ommaviy harakatlar va fuqarolarning boshqa uyushmalari jamoat birlashmalari sifatida eʼtirof etiladi”, deyiladi. Biroq, u yerda NNTlar eʼtiborga olinmagan.

 – Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 107-moddasidaOʻzbekiston Respublikasida sud tizimi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, harbiy sudlar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi maʼmuriy sudi, viloyatlar va Toshkent shahar maʼmuriy sudlari, fuqarolik ishlari boʻyicha tumanlararo, tuman, shahar sudlari, jinoyat ishlari boʻyicha tuman, shahar sudlari, tumanlararo, tuman, shahar iqtisodiy sudlari va tumanlararo maʼmuriy sudlardan iboratdir”.deya taʼkidlanadi.

Biroq, mamlakatimizda deyarli 15 yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan “Hakamlik sudlari toʻgʻrisida”gi Qonunning huquqiy normalari kiritilmagan.

Seminarda ana shunday koʻplab fikr va mulohazalar bildirildi. Prezidentimiz taʼkidlaganidek, ushbu saʼy –harakatlar  xalqimizning Bosh qonunimizga befarq emasligini, fuqarolik burchiga masʼuliyat bilan munosabatda boʻlishini, faolligini bildiradi.

Shaxsan men davlatimiz rahbarining Konstitutsiyaviy islohotni fuqarolarimiz fikri va qoʻllab-quvvatlashi asosida, referendum orqali amalga oshirsak, bu tom maʼnoda xalqimiz xohish-irodasining ifodasi – haqiqiy xalq Konstitutsiyasi boʻladi, – degan fikrlarini qoʻllab quvvatlayman. Zero, “Jamiyat va davlat hayotining eng muhim masalalari xalq muhokamasiga taqdim etiladi, umumiy ovozga (referendumga) qoʻyiladi.

Darhaqiqat, “Referendum oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida” Qonunimiz ham bor. Oʻzbekiston Konstitutsiyasining 9-moddasida «Referendum oʻtkazish tartibi Qonun bilan belgilanadi” deyiladi.

 Ayni kunda  qonundan kelib chiqib, uning mazmun -mohiyatini xalqimizga keng targʻib-tashviq qilishni  maʼqullayman. Chunki, referendum haqida biz jurnalistlarga oddiy xalqdan koʻplab savollar tushyapti. Ushbu tashviqot ishlarimizni mahallalardan yaʼni uyda oʻtirgan ayollardan, uyushmagan yoshlardan boshlashimiz kerak, deb oʻylayman.

Oʻzbekiston Respublikasi Nodavlat notijorat tashkilotlari Milliy assotsiatsiyasida nodavlat notijorat tashkilotlari xodimlarining huquqiy bilimlarini oshirish maqsadida  “Ekspertlar guruhi” hamkorligida  tashkil etilgan ”NNT xodimlarining huquqiy bilimlari va kasbiy mahoratlarini oshirish“ mavzuida seminar qizgʻin va muloqotga boy tarzda oʻtdi. Seminarning har bir qatnashchisi  ushbu yoʻnalishdagi yigʻilishlarni, muloqotlarni  tez-tez oʻtkazib turish maqsadga muvofiqligini taʼkidlashdi.

Raʼno ZARIPOVA, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.