Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2019 yil 6 noyabrda oʻtkazilgan navbatdagi yigʻilishida «Volontyorlik faoliyati toʻgʻrisida»gi qonun loyihasi biryoʻla uch oʻqishda qabul qilindi. Mazkur hujjat Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 4 maydagi «Mamlakatni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida parlament quyi palatasi deputatlari tomonidan ishlab chiqilgan.
Xoʻsh, qonunning mazmun-mohiyati va ahamiyati nimada? Unga qanchalik zarurat bor edi? Hujjat nimalarni nazarda tutadi?
Oʻzbekistonda koʻngillilik harakati keng rivojlangan. Lekin hozirga qadar bu masala umuman huquqiy tartibga solinmagan. Bu esa, ushbu qonun loyihasini ishlab chiqishning eng asosiy sababi boʻldi. Shu tufayli, qonundan koʻzlangan maqsad ham yurtimizda koʻngillilar faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga solish, nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyatining samaradorligini oshirish, mamlakatda fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish, volontyorlik faoliyatini zamon talablari asosida yoʻlga qoʻyishni taʼminlash hamda rivojlantirishdan iborat etib belgilandi.
Bugungi kunda 80 dan ziyod mamlakatda yirik professional volontyorlik tashkilotlari mavjud. Davlatlar tomonidan katta yordam koʻrsatilayotgani bois, koʻngilillar sektori jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining muhim tarkibiy boʻlagiga aylanib bormoqda. Koʻngillilar oʻz faoliyati davomida qator muhim ijtimoiy xizmatlarni koʻrsatadi, ular muayyan tovarlarni ishlab chiqaradi, oʻz manbalari hisobidan jamiyatning ehtiyojmand qatlamlarini qanoatlantiradi, davlat organlarining ayrim vazifalarini zimmasiga oladi va bu byudjet mablagʻlarini iqtisod qilishga imkon beradi. Koʻngillilik, ayniqsa, yoshlarni jamiyat hayotiga faol kirishish jarayonlariga koʻmaklashishga, zarur ish tajribasini toʻplashga, mehnat bozori talablari boʻyicha malaka va koʻnikma hosil qilishga, ijtimoiy munosabatlarda ularning faolligini oshirishga turtki beradi.
Yuqorida aytganimizdek, garchi ushbu faoliyat qonun hujjati bilan tartibga solinmagan boʻlsa-da, u amalda yurtimizda ham tobora rivojlanib kelmoqda. Mamlakatimizda koʻngillilik ijtisoiy-iqtisodiy, siyosiy taraqqiyot bobida katta salohiyatga ega institut sifatida taraqqiy etib bormoqda. Boisi, koʻngillilik faoliyati xalqimizning ongiga va mentalitetiga chuqur singib ketgan koʻp asrlik qadriyatlarga ega. Xususan, «hashar», «jamoaviy koʻngillilik» kabilar volontyorlikning keng tarqalgan koʻrinishlaridan biri hisoblanadi.
Bundan tashqari, ayrim sotsiologik tadqiqotlar natijalariga koʻra, qariyb 90 foiz nodavlat notijorat tashkilotlar oʻz faoliyatini amalga oshirishda koʻngillilardan unumli foydalanadi. Ularning eng faollari – Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi, Qizil yarim oy jamiyati, Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi hisoblanadi.
Davlat hokimiyati organlari ham yirik xalqaro konferensiyalar, seminarlar, sport musobaqalari va boshqa ommaviy ijtimoiy-siyosiy tadbirlarga koʻngillilarni tarjimon, kuzatuvchi sifatida faol jalb qiladi.
Koʻngillilar faoliyati qator ijtimoiy tarmoqlar orqali ham faollashib bormoqda. Masalan, «Facebook» ijtimoiy tarmogʻida «volontyoriʼ.uz» guruhi boʻlib, uning aʼzolari soni 12 mingdan ortiqni tashkil qiladi. Guruh aʼzolari xayriya tadbirlari, aksiyalari hamda yordam koʻrsatish boʻyicha oʻzaro maʼlumotlar almashadi. Ular yoʻqolgan insonlarni izlashga, hududlarni chiqindilardan tozalashga, egasiz hayvonlarni himoya qilish, ehtiyojmandlarga dori-darmon sotib olishga va qimmat tibbiy operatsiyalarni bajarish uchun mablagʻ yigʻishga hamda boshqa begʻaraz yordam tadbirlarini amalga oshirishga koʻmaklashib kelmoqda.
2017 yilda Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi Oʻzbekiston yoshlarining butunjahon assotsiatsiyasini tuzdi. Bu assotsiatsiyaning asosiy faoliyati koʻngillilik bilan bogʻliqdir.
Qayd etish lozimki, mamlakatimizning koʻngillilar faoliyati rivojlangan davlatlardan farqli tomoni ushbu faoliyatni amalga oshirishni tartibga soluvchi qonunning yoʻqligidir. Mazkur ijtimoiy faoliyat turi, faqatgina «Homiylik toʻgʻrisida»gi qonunda qisman yoritilgan. Hozirda Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlarining milliy bazasidagi hujjatlar son 46 mingdan ortiq boʻlib, 12 ta meʼyoriy-huquqiy hujjatda «volontyor» tushunchasi mavjud.
Shu tariqa, mamlakatimizda shunday holat yuzaga keldiki, qonuniy asosga ega boʻlmasdan turib koʻngillilar faoliyati rivojlangan. Bunday koʻrinishdagi qonunchilikdagi boʻshliqlar turli toifadagi shaxslarga, shuningdek, yurtimiz yoshlarini mazkur yoʻnalishda davlat siyosati va milliy mentalitetimiga mos kelmaydigan qadriyatlar asosida «birlashtirish»ga faol harakat qiluvchi xorijliklarga «keng maydon» yaratib beradi.
Mazkur qonun loyihasinnig qabul qilinishi koʻngillilik faoliyatini tashkil etish va amalga oshirish sohasidagi munosabatlarni qonuniy tartibga soladi, koʻngillilik faoliyati toʻgʻrisida yagona qonuniy tushunchalar majmuini shakllantiradi, koʻngillilik faoliyatini yanada faollashtirishni ragʻbatlantiradi.
Akmal SAIDOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar
va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish
organlari qoʻmitasi raisi