Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili ”Davlat dasturi ijrosini taʼminlashda NNTlar loyihalarini qoʻllab-quvvatlash” mavzuida Davlat grantlari ajratish uchun 1-tanlovni
EʼLON QILADI
Tanlovga nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining quyidagi maqsadlarni nazarda tutuvchi ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalari qabul qilinadi:
- Yoshlarni giyohvandlik, ahloqsizlik va boshqa zararli taʼsirlardan himoya qilishda taʼlim muassasasi, oila va mahalla institutlari bilan ijtimoiy hamkorlikni kuchaytirish;
- Oila institutini mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, sogʻlom va barkamol avlodni tarbiyalashda ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish;.
- Aholining ehtiyojmand qatlamlari, ayollar va nogironlar bandligini taʼminlash maqsadida ijtimoiy korxonalarni shakllantirish;
- Xotin-qizlar va yoshlarni iqtisodiy, moliyaviy va biznes sohasidagi koʻnikmalarini yuksaltirish orqali tadbirkorlikning turli sohalariga keng jalb qilish;
- “Xalq boy boʻlsa, davlat ham boy va qudratli boʻladi” tamoyilini hayotga joriy etish orqali aholini tadbirkorlikka keng jalb etish, oilaviy tadbirkorlik va kasanachilik, hunarmandchilikni ragʻbatlantirish borasida targʻibot ishlarini olib borish;
- Aholi muammolarini aniqlash va hal etish boʻyicha “Mahalla – sektor – tuman” tamoyili asosida samarali hamkorlik tizimini joriy etish, mahallaning xalq bilan davlat oʻrtasida ishonchli “koʻprik” boʻlishini taʼminlashga koʻmaklashish;
- “Yangi Oʻzbekistonda erkin va farovon yashaylik!” gʻoyasi asosida aholi orasida maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarini tashkillashtirish;
- “Yangi Oʻzbekiston – maktab ostonasidan, taʼlim-tarbiya tizimidan boshlanadi” degan gʻoya asosida yosh avlodni jismoniy va maʼnaviy sogʻlom, vatanparvar yoshlar boʻlib ulgʻayishiga koʻmaklashish;
- “Sogʻlom oila – sogʻlom jamiyat” gʻoyasini hayotga tatbiq etish, notinch va muammoli oilalarga manzilli koʻmaklashish;
- Norasmiy mehnat migratsiyasini oldini olishda, mehnat bozorida raqobatbardosh boʻlmagan ishchi kuchi bandligini taʼminlashga koʻmaklashish;
- “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamalash yili” Davlat dasturi ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini shakllantirish, mahalliy va xorijiy OAVlarida keng yoritish.
Davlat granti ajratish uchun quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
- Tashkilot rahbari tomonidan imzolangan va muhr bilan tasdiqlangan kuzatuv xati;
- Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondining rasmiy www.fundngo.uz veb saytida t.me/group_jamoat_fondi telegram kanalida joylashtirilgan shaklda toʻldirilgan davlat granti loyihasi uchun ariza;
- Oxirgi oʻzgartish va qoʻshimchalar bilan davlat roʻyxatidan oʻtgan NNTlar va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining Ustavi (Nizomi) nusxasi;
- Tashkilotning davlat roʻyxatidan oʻtganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma nusxasi;
- Agar loyihani amalga oshirish litsenziyalanadigan faoliyatni talab qilsa, unda litsenziyaning nusxasi;
- Manfaatdor davlat va jamoat tashkilotlarining tavsiya hamda qoʻllab-quvvatlash xatlari.
Bitta loyiha uchun ajratiladigan grant miqdori – 40 million soʻmgacha.
Hujjatlar 2021 yil 26 martidan 30 apreligacha qabul qilinadi.
Hujjatlar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi NNTlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi nomiga “Oʻzbekiston pochtasi” orqali yuboriladigan muhrlangan konvertlarda (A4 formatda) quyidagi manzil boʻyicha qabul qilinadi: 100035, Toshkent shahri, Bunyodkor koʻchasi, 1-uy.
Hujjatlarni taqdim etish shartlari va namunalari bilan Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondining rasmiy www.fundngo.uz veb saytida va t.me/group_jamoat_fondi telegramm kanalida tanishish mumkin.
Maʼlumot uchun telefonlar: (0-371) 239-26-76, 239-26-86.