Samarqand nafaqat tarixiy va azim shahar, balki unda ming yillik tarixga ega milliy anʼanalarimiz, asrlar silsilasidan omon qolib kelayotgan asori atiqalar, nomoddiy madaniy meros gavharlari mujassam. Shuning uchun boʻlsa kerak, Yer yuzining sayqali – Samarqand hanuzgacha dunyo sayyohlarining hayratu hayajonini oshiradi.
Viloyatda xalqimizning boy moddiy va nomoddiy merosini oʻrganish, asrab-avaylash va kelajak avlodga bus butunligicha yetkazishga “Umrboqiy meros” Oʻzbekiston madaniyati va sanʼati targʻibot markazi ham munosib hissa qoʻshib kelmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi buyurtmasiga asosan markaz tomonidan “Oʻzbekiston nomoddiy madaniy meros elementlarini muhofaza qilish” ijtimoiy buyurtma loyihasi asosida tashkil etilgan ekspeditsiya hududdagi ekspeditsiya uch yoʻnalishda, yaʼni ijro sanʼati, pazandachilik va hunarmandchilik yoʻnalishlarida oʻrgandi.
Ekspeditsiyaning Samarqand viloyatidagi oʻrganishlarida eʼtibor nomoddiy madaniy merosni asrab kelayotgan, uni avaylab, kelajak avlodga yetkazishni maqsad qilgan insonlar faoliyatiga qaratildi. Ularning mehnatlari video, foto va audio tasmalarga yozib olindi.
Davlatimiz rahbarining 2017 yil 17 noyabrdagi “Oʻzbek Milliy maqom sanʼatini yanada rivojlantirish chora tadbirlari toʻgʻrisida” gi qaroriga asosan 2018 yil 1-noyabrda viloyat namunaviy maqom ansambli tashkil etilgan. Yoshlardan iborat 15 nafar xonanda va 15 nafar sozanda jamoasi oʻtgan 4 yil davomida viloyat miqyosida oʻtkazilib kelinayotgan barcha tadbirlarda faol ishtirok etib keladi.
Ansambl aʼzolari Samarqandlik maqom bilimdonlari “Doʻstlik” ordeni soxibi Xusan Fayzullayev, Uygʻun Boʻtayev, Fozil Ochilovlar bilan ijodiy aloqada boʻlib, barcha dasturlari ushbu ustozlarning nazoratidan oʻtadi. Ustozlardan tavsiyalar olinadi. Ansambl xonandalari Nishonbek Qayumov va Alijon Abdumoʻminovlar Xorazmda boʻlib oʻtgan toʻrtinchi Respublika maqomchilar televizion festivalida uchinchi oʻringa loyiq koʻrildi. Ekspeditsiya aʼzolari ansambl faoliyatini toʻliq oʻrganib chiqdilar.
– Samarqandda bugun baxshichilik sanʼatiga qaratilayotgan eʼtibor ham har qachongidan baland, –deydi markaz rahbari Lutfiya Mirzayeva, – Baxshichilik sanʼatini yoshlar oʻrtasida targʻib etish, baxshilar mahoratini oshirish, malaka almashish maqsadida 2021 yilda Narpay tumanida juda koʻplab amaliy ishlar, madaniy maʼrifiy tadbirlar tashkil etilmoqda. Jumladan, Baxshichilik sanʼatini ommalashtirish maqsadida joriy yilning 18-aprel kuni Narpay tumani Madaniyat boʻlimi tomonidan 27-son bolalar musiqa va sanʼat maktabida baxshichilik boʻyicha “Mahorat darslari” tashkil etildi. Pastdargʻomlik Axror baxshi, Nurobodlik Elbek baxshi hamda Kattaqurgʻonlik Saparali baxshi, Halim baxshi, Togʻayev Murod baxshilarning dovrugʻi yurt boʻylab yoyilgan. Eng quvonarlisi, bugun baxshichilik sohasiga yoshlarning qiziqishi baland. Shu sanʼatni rivojlantirish maqsadida bolalar musiqa va sanʼat maktablarida maxsus baxshichilik sinflari tashkil etilgan.
– Samarqandning madaniyati va sanʼati tarixida baxshichilik el orasida oʻzining koʻp sonli muxlislariga ega boʻlgan, Kuy-qoʻshiqlarimiz kishiga zavq ulashayotganidan, izdoshlarimiz yetishib chiqayotganlaridan xursandmiz. Bu esa davlatimizning sanʼatimizga boʻlgan eʼtibori tufaylidir, – deydi nurobodlik Shavkat baxshi Bobomurod. – Prezidentimiz tashabbusi bilan birinchi bor Surxondaryo zaminida tashkil etilgan “Xalqaro baxshichilik sanʼati” festivali ushbu sanʼat rivojiga dunyo xalqlari eʼtiborini qaratishga qoʻyilgan ilk qadam boʻldi. Samarqandlik baxshilar ham Surxondaryo va Qoraqalpogʻiston Respublikasida oʻtkazilgan bu festivalda muvaffaqiyatli ishtirok etishgan. Sherqoʻzi baxshi Norbekov, Firdavs baxshi Suyunboyevlarning ham ijodlari ham tahsinga loyiq.
Musiqaga ixlosi baland fidoiylarning tashabbusi bilan Samarqand tumanida “Shashmaqom” ansambli tashkil etilgan va respublika miqyosidagi koʻrik-tanlovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etib kelmoqda. «Gulizorim», “Bebokcha”, «Bozorgoniy», «Samarkand ushshogʻi», “Qoʻqon ushshogʻi”, “Katta ushshoq”, “Chapandozi navo” va bir qator bayotlar, ufforlar, soqinomalar hamda maqom cholgʻu kuylari, maqom va klassik qoʻshiqlar ijro etib kelinadi. Ekspeditsiya aʼzolari ushbu xalq ansamblining faoliyati bilan ham yaqindan tanishishdi.
Ushbu jamoa 2021 yilda yoshlarni musiqa, rassomchilik, adabiyot, teatr va sanʼatning boshqa turlariga qiziqishlarini oshirishga yoʻnaltirilgan 44 ta mahallalarda va 34 umumtaʼlim maktablarida mahorat darslari, uch avlod uchrashuvi, isteʼdodlarni izlaymiz tadbirlari oʻtkazildi. Shuningdek, “Umidbaxsh navolar” konsert dasturi tashkil qilindi.
Samarqandda faoliyat yuritayotgan “Sarbozi”, “Beshqarsak” , “Chavqi” folklor etnografik xalq ansambllarining faoliyatlari bilan yaqindan tanishilib, ular ijrosidagi xalq qoʻshiqlari video va audio tasmalarga yozib olindi.
Samarqand pazandachiligi ham oʻziga xos. Ayniqsa Samarqand oshi mazali, toʻyimli va xoʻshxoʻr…Hududda oshpazlikning hadisini olganlar ham juda koʻp. “Samarqand oshi”ning dovrugʻini yoyishda professional oshpazlar Anvar Mamedov, Muhammad Ahmadjonovlarning xizmati katta.
– Samarqandga aynan zigʻir oshini tanavvul qilish uchun keladigan xoʻrandalar koʻp, –deydi oshpaz Anvar Mamedov, – Ularning taʼbiga mos, mazali osh tayyorlashga harakat qilamiz. Bu kasb bizga ota meros. Milliy taomlar hamisha xaridorgir boʻlgan. Shuning uchun bu anʼanalar avloddan-avlodga oʻtib boraveradi.
Samarqandlik taniqli oshpaz Kamoliddin Joʻrayevning faoliyati ham oʻrganildi. Mohir oshpaz “Baliq taomini tayyorlash” jarayonini koʻrsatib berdi.
Ekspeditsiya oʻrganishlarining keyingi obyekti – hunarmandchilikning quroqdoʻzlik yoʻnalishi boʻldi. Quroqdoʻzlik momolarimizdan meros boʻlib kelayotgan qadim hunarmandchilik turlaridan biri. Qiz uzatayotganda, albatta, sarposida quroqdoʻzlik namunalari boʻladi. Sababi, qiz borgan xonadoniga baraka olib kirsin, serfarzand, serdavlat boʻlsin deya, kelinlarga quroqdoʻzlik asosida tikilgan dasturxon, chimildiq, yostiqlar beriladi.
Ekspeditsiya aʼzolari Samarqandda quroqdoʻzlik sanʼatining oʻziga xos nozik jihatlari va shu hunarni davom ettirib kelayotganlar faoliyati bilan ham yaqindan tanishishdi. Qadimiy xalq chevarligi ustalaridan biri Shoira Ganiyeva boʻlib, u hunarmandchilikning ikki turi – quroqchilik va batik (matoga gul bosish) sanʼat bilan shugʻullanib keladi.
Samarqandda batik yaʼni matoga gul bosish sanʼati ancha rivoj topgan. Ekpeditsiya aʼzolari shu hunar turi bilan shugʻullanib kelayotganlar bilan suhbatlashishib, ularning faoliyatini video, foto va audio yozuvlarga yozib olishdi.
–Hunarmandlar orasida bir yaxshi anʼana bor. Hunarmand hunarmandga qiz uzatadi yoki kelin oladi, sababi kelajakda shu hunar turi yoʻqolib ketmasin, avlodddan avlodga meros qolsin deya niyat qilinadi, – deydi hunarmandlarning oltinchi avlod vakilasi Shoira Gʻaniyeva. – Bugun shu halol mehnatim va qadrli hunarim orqasidan butun dunyoni aylanib chiqdim. Matoga gul bosish ham bir sanʼat, uning ham oʻziga xos nozik jihatlari bor. Masalan, oʻsmadan, anor va piyoz poʻstlogʻidan rang olamiz. Avval koʻylakning dizaynini chizamiz, uni tikamiz, bitta rangga boʻyaymiz, quritamiz va ranglar tiniq chiqishi uchun yana ustidan qayta boʻyab chiqamiz.
Urgutlik kashtachi hunarmand “Shuxrat” medali sohibasi Mavluda Hamdamova uzoq yillardan buyon kashtachilik sanʼati bilan shugʻullanadi, oʻnlab shogirdlarga ustoz. U viloyat, respublika va chet davlatlarda oʻtkazilgan fastivallar, koʻrgazmalarda oʻz mahsulotlari bilan ishtirok etgan.
Eski Afrosiyob uslubidagi kulolchilik maktabi asoschisi Usto Umar Juraqulovning ishini davom ettirib kelayotgan usto Ilhom Bobomurodov va uning oʻgʻli Mexroj Bobomurodov faoliyati ham, ular tomonidan ishlab chiqarilgan kulolchilik mahsulotlari Samarqandga tashrif buyurgan mehmonlarga manzur boʻlmoqda.
Hunarmandlardan Sanjar Muxtorov, Habiba Poʻlatova, Bobur Rasulov, Nigina Qoʻziyeva va Xushbaxt Abduraximovlar esa Samarqand qogʻizi ishlab chiqarish bilan shugʻullanib kelyaptilar.
– Bu yerda bir yildan buyon ishlayman, –deydi Konigil qishlogʻida yashovchi hunarmand Rayxona Xusanova, – Biz bu yerda tut poʻstlogʻini qora qismidan ajratamiz. Mana shu oq qismidan oq qogʻoz tayyorlaymiz va ustki qismidan esa qora qogʻoz tayyorlaymiz. .
Ekspeditsiya jarayonida Samarqand moddiy va nomoddiy madaniy merosining ijro sanʼati, pazandachilik va hunarmandchilik yoʻnalishlari boʻyicha faoliyat olib borayotgan koʻplab goʻzallik yaratuvchilari haqida maʼlumotlar jamlandi.
Nargiza Hamroqulova