2024 yil 5 dekabr kuni poytaxtimizda Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi hamda Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan “Fuqarolik jamiyati haftaligi” doirasida Oʻzbekiston – Ozarbayjon nodavlat notijorat tashkilotlari hamkorlik forumi oʻtkazildi.
Unda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi, vazirlik va idoralar vakillari, fuqarolik jamiyati institutlari faollari, shuningdek, Ozarbayjon Respublikasi Nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash agentligi hamda Ozarbayjondan tashrif buyurgan 20 nafardan ortiq nodavlat notijorat tashkilotlari va OAV vakillari ishtirok etdi.
Forum Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 26 avgustdagi “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq yurtimizda “Fuqarolik jamiyati haftaligi”ilk marotaba oʻtkazilmoqda.
Tadbirda qayd etildiki, Oʻzbekiston – Ozarbayjon ikki qardosh xalqlarning aloqalari turli yoʻnalishlarda oʻzaro ishonch va hurmat ruhida tobora mustahkamlanib bormoqda. Xususan, ikki davlat rahbarlarining eʼtibori natijasida fuqarolik jamiyati institutlari yoʻnalishida ham hamkorlikning ilk qadamlari tashlandi.
Ushbu saʼy-harakatlar natijasi oʻlaroq, Oʻzbekiston va Ozarbayjonda faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati aʼzolari, davlat idoralari vakillari va ekspertlarni birlashtirgan Oʻzbekiston – Ozarbayjon nodavlat notijorat tashkilotlari hamkorlik forumini misol qilib keltirish mumkin.
Oʻzbekiston – Ozarbayjon nodavlat notijorat tashkilotlari hamkorlik forumi ilk marotaba 2023 yili Ozarbayjonning Fuzuliy shahrida boʻlib oʻtgan edi. Forum ishtirokchilari uchun har ikki mamlakat fuqarolik jamiyatining milliy manfaatlari, ustuvor yoʻnalishlari va ehtiyojlariga javob beradigan, rivojlanish va taraqqiyotga hissa qoʻshadigan salohiyatli tashabbus va loyihalarni aniqlash, rejalashtirish, muhokama qilish hamda birgalikda amalga oshirish imkonini berdi.
Qolaversa, 2023 yili forum doirasida Ozarbayjon Respublikasi Nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash agentligi Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi oʻrtasida hamkorlik memorandumlari ham imzolandi.
Oʻtgan bir yil ichida Mazkur memorandumlar doirasida ikki mamlakat nodavlat notijorat tashkilotlari oʻrtasida tajriba almashildi, hamkorlik aloqalar yoʻlga qoʻyildi, fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qaratilgan qoʻshma loyihalar amalga oshirildi va mediakontentlar yaratildi. Qolaversa, Boku shahrida boʻlib oʻtgan COP 29 konferensiyasida yurtimiz nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Oʻzbekiston – Ozarbayjon nodavlat notijorat tashkilotlari hamkorlik forumi davomida ozarbayjonlik nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari oʻz tajribalari bilan boʻlishib, Ozarbayjon Respublikasida davlat organlari va nohuqumat tashkilotlarining ijtimoiy sheriklik munosabatlari, inson huquqlari, qonun ijodkorligi va gender masalalarida, inklyuzivlikni taʼminlash va ijtimoiy ahamiyatga molik vazifalar echimida nohukumat tashkilotlarining roli boʻyicha maʼruzalar qildilar.
Forumning munozaralar qismida soʻz olganlar boshlangan ushbu hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, ikki mamlakat nodavlat notijorat tashkilotlari oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash, istiqboldagi rejalarni muhokama qilish, qolaversa, yangi loyihalarni amalga oshirishga xizmat qiluvchi xalqaro muloqot maydonini yanada kengaytirish taklifini ilgari surdilar.
Shuningdek, forum yakunida Oʻzbekiston va Ozarbayjonning bir guruh nodavlat notijorat tashkilotlari oʻrtasida hamkorlik Memorandumlari imzolandi.
Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi