Fuqarolik jamiyati institutlari qoʻllab-quvvatlanmoqda

0
207
marta koʻrilgan.

Mamlakatimizda nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining samaradorligini oshirishga qaratilgan 200 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi va ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash uchun zarur institutsional baza yaratildi. 

2008 yilda Oliy Majlis palatalari Kengashlarining qaroriga asosan Oliy Majlis huzurida NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi va fond mablagʻlarini boshqarish boʻyicha Parlament komissiyasi tashkil etildi. 

2015 yildan kuchga kirgan “Ijtimoiy sheriklik toʻgʻrisida”gi Qonunga asosan mahalliy davlat vakillik organlari huzurida Ijtimoiy sheriklik boʻyicha jamoat komissiyalari shakllandi.

Bularning barchasi mamlakatimizda NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari faoliyatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, jamiyatda ijtimoiy sheriklik va jamoatchilik nazorati samaradorligini oshirishga, davlat organlari bilan samarali hamkorlik qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratdi.

 Joriy yilning 12 iyun kuni Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi mablagʻlarini boshqarish boʻyicha Parlament komissiyasining navbatdagi yigʻilishi video-konferensiya shaklida oʻtkazildi.

Fuqarolik jamiyati institutlari davlatning ijtimoiy sherigi sifatida aholini keng qatlamlarining ijtimoiy va iqtisodiy faolligini qoʻllab-quvvatlashga, islohotlar samaradorligini taʼminlashga, demokratik oʻzgarishlar jarayoniga yanada keng jalb qilish muhim ahamiyatga ega.

Ayniqsa, aholining keng qatlamlarini moddiy va maʼnaviy ehtiyojlarini qondirish hamda dolzarb muammolarni samarali bartaraf etishda NNT va fuqarolik jamiyatining munosib oʻrni bor.

Parlament komissiyasi tomonidan 2019 yilda NNT, OAV va fuqarolik jamiyati boshqa institutlariga 321 ta loyihani amalga oshirishlari uchun davlat grantlari, ijtimoiy buyurtmalar va subsidiyalar shaklida 37,8 mlrd. soʻmlik davlat koʻmagi koʻrsatilgan.

Buning natijasida 608 ta qoʻshimcha kasbga oʻrgatish, qayta tayyorlash va malakasini oshirish kurslari tashkil etildi, ularda 25417 ta yoshlar, xotin-qizlar va nogironligi boʻlgan shaxslar bepul oʻqitildi.

Andijon, Jizzax, Navoiy, Samarqand va Surxondaryo viloyatida uyushmagan yoshlar hamda xotin-qizlarning kasbiy koʻnikmalarini shakllantiradigan jami ta kasbiy malaka eksprimental markazlari tashkil etildi, ular orqali 770 nafar fuqaro ishga joylashtirildi.

Tugʻma yurak xastaligini davolash maqsadida 40 nafar bolalarda bepul jarrohlik amaliyoti oʻtkazilib, ularning sogʻliqlari toʻliq tiklandi. Qarshi shahrida nogiron bolalarni sogʻlomlashtirishga qaratilgan 140 oʻrinli zamonaviy ijtimoiy moslashuv markazi tashkil etildi. Samarqand shahridagi Bolalar ijtimoiy moslashuv markazining moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi.

Loyiha va dasturlarni amalga oshirish jarayonlari bosma va elektron OAVlarda 9321 marotaba yoritilgan. NNT, OAV va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining moddiy-texnik bazasi 1688 donadan iborat zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnikalari, oʻquv ishlab chiqarish inventarlari bilan mustahkamlangan.

Yigʻilishda Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” Davlat dasturi, Prezidentimizning Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasida belgilangan vazifalarni ijrosini taʼminlashda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining faol ishtirokini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning dolzarb vazifalari muhokama qilindi.

Xususan, Prezidentimizning 2020 yilda Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasida Parlament komissiyasi oldida mamlakat va hududlar darajasida nodavlat notijorat tashkilotlari bilan ijtimoiy sheriklikni keng yoʻlga qoʻyib, grantlar va ijtimoiy buyurtmalar koʻlamini koʻpaytirish, joylarda jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarining ijtimoiy faolligini yuksaltirish kabi bir qator vazifalar belgilab berilgandi.

Parlament komissiyasi aʼzolari tomonidan davlat organlarining NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan oʻzaro ijtimoiy sherikligini yanada yuksaltirish va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish boʻyicha qator takliflar ilgari surildi.

Yigʻilishda joriy yilning 16 apreldan 18 maygacha NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari oʻrtasida muhim ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirishga davlat ijtimoiy buyurtmalari qoʻllab-quvvatlash boʻyicha tanlov eʼlon qilinganligi va mazkur tanlovga 70 ga yaqin loyihalar qabul qilinganligi alohida qayd etildi.

Ijtimoiy buyurtmalarni amalga oshirilishi jamiyatda sogʻlom turmush tarzini ommalashtirishga, yosh avlodni maʼnan yetuk, jismonan sogʻlom qilib tarbiyalashga, aholining tadbirkorlik koʻnikmasini shakllantirishga va bandligini taʼminlash orqali jamiyatda kambagʻallikni qisqartirishga, jamiyatda millatlararo totuvlik va doʻstlikni keng targʻib etishga xizmat qiladi. Parlament komissiya tomonidan 2020 yilda umumiy miqdori 5,2 mlrd soʻmlik 15 ta ijtimoiy buyurtmalarning amalga oshirish boʻyicha qaror qabul qilindi.

Shuningdek, Jamoat fondi tomonidan eʼlon qilingan “Jamiyat va oilada sogʻlom ijtimoiy-maʼnaviy muhitni taʼminlashda fuqarolik jamiyati institutlarining faolligini oshirish” va “Harakatlar strategiyasi”, “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” Davlat dasturi ijrosida fuqarolik jamiyati institutlarining faol ishtirokini taʼminlash” mavzularidagi davlat grantlarida NNT va fuqarolik jamiyati institutlarining ishtiroki koʻrib chiqildi. Eʼlon qilingan 2 ta davlat grantiga 460 dan ortiq NNT, OAV va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlaridan loyihalar kelib tushdi va 103 ta NNT, OAV va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini grant loyihalarini qoʻllab quvvatlash boʻyicha qaror qabul qilindi.

Mazkur grant loyihalarini moliyalashtirish orqali Sogʻliqni saqlash muassasalari bilan ijtimoiy sheriklikda aholi orasida COVID-19 virusining oldini olishga, sogʻlom turmush madaniyatini yuksaltirishga, oilada tibbiy madaniyatini oshirishga va salomatligini mustahkamlashga, jabr koʻrgan shaxslarni reabilitatsiya qilish, ularni ijtimoiy hayotga moslashtirishga koʻmaklashiladi.

Shuningdek, “Harakatlar strategiyasi”, “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” Davlat dasturida belgilangan vazifalarni amalga oshirishda NNT, OAV va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarining faol ishtirokini taʼminlaydi. Xususan, uy xoʻjaligi asosida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, band boʻlmagan aholini kasbga qayta tayyorlash va ishsiz fuqarolarni zarur kasblarga oʻqitish va bandligini taʼminlash, aholiga sifatli ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish koʻlamini kengaytirishga, davlat dasturi ijrosi ustidan jamoatchilik nazorati mexanizmlarini joriy etishga xizmat qiladi.

Yigʻilishda “Milliy tiklanishdan-milliy yuksalish sari” shiori ostida yoshlarni ona yurtga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularda tashabbuskorlik, fidoyilik, axloqiy fazilatlarni shakllantirish hamda “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” — qonun ustuvorligi va jamoatchilik nazoratini taʼminlashda demokratik institutlarining faolligini qoʻllab-quvvatlash mavzularida davlat grantining 3-chi va 4-chi tanlovlarini eʼlon qilish yuzasidan qaror qabul qilindi.

Mazkur tanlovlar yosh avlodni maʼnan yetuk, jismonan sogʻlom etib tarbiyalashga, ularda tadbirkorlik, ilmiy-ijodiy va intellektual salohiyatni shakllantirishga, yoshlar oʻrtasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish hamda qonun ustuvorligi va jamoatchilik nazoratini taʼminlashga, jamiyatda fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirishga, davlat organlarining ommaviy axborot vositalari bilan yaqin ijtimoiy hamkorligini yoʻlga quyish kabi bir qator yoʻnalishlarni qamrab olgan.

Parlament komissiyasi tomonidan 2018 yilda davlat granti shaklida qoʻllab-quvvatlangan loyihalarning amalga oshirilganligi boʻyicha monitoring oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

Parlament komissiyasi boshqa masalalarni ham koʻrib chiqdi va tegishli qarorlarni qabul qildi.

Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi ijro devoni

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.