Davlat subsidiyalari, grantlari va ijtimoiy buyurtmalarini ajratishga qaratilgan elektron platforma ishga tushirildi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda har tomonlama va jadal rivojlanishida fuqarolik jamiyati institutlarining roli va ahamiyatini tubdan oshirish, ularning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan hamkorligini kuchaytirish boʻyicha yangi tizim yaratildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yilning 26 avgust kuni qabul qilingan “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni bu boradagi islohotlarning mantiqiy davomi boʻldi.
Ushbu Farmonning ijrosinii taʼminlash maqsadida yagona elektron platforma ishga tushirildi. Bugun Yagona elektron platformani rasmiy ishga tushirish marosimi boʻlib oʻtdi.
Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati aʼzolari, Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi mablagʻlarini boshqarish boʻyicha Parlament komissiyasi aʼzolari, Jamoat fondi rahbariyati, fuqarolik jamiyati institutlari faollari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Taʼkidlanganidek, fuqarolik jamiyati institutlariga davlat subsidiyalari, grantlari va ijtimoiy buyurtmalarini ajratish bilan bogʻliq barcha jarayonlarni oʻz ichiga oluvchi mazkur Platforma ajratilayotgan mablagʻlarni oqilona taqsimlash, shaffofligini taʼminlashda barcha imkoniyatlarni, qulayliklarni beradi.
Fuqarolik jamiyati institutlariga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish va ishlab chiqilayotgan onlayn platformani toʻliq avtomatlashtirish hujjatlar almashinuvidagi zamonaviy yondoshuvga, inson omilisiz tanlovlarni oʻtkazishga sharoit yaratiladi.
Bundan tashqari platformaning yana bir afzallik tomoni shundaki, bir nechta davlat tashkilotlaridan maʼlumotlar olish maqsadida maʼlumotlar almashinuvi ishlari amalga oshirilishidir. Yaʼni fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashga doir hujjatlarni elektron tarzda integratsiyalashdir.
Bunda Adliya vazirligi, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Davlat soliq qoʻmitasi, Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi bilan hamkorlikni oʻrnatish orqali talabgor tashkilotlar toʻgʻrsidagi maʼlumotlarni toʻgʻridan toʻgʻri olish imkoniyati yaratildi
Har bir talabgor tashkilot endilikda tanlovlarda ishtirok etish uchun loyihalarni topshirish va davlat subsidiyasini olish uchun buyurtmalarni yuborish, ularni koʻrib chiqish va baholash jarayonlarini shaxsiy kabineti orqali kuzatib borishi mumkin. Bu esa raqamlashtirish davrida zamon talablaridan biri hisoblanadi.
Platformada tanlovlarning mavzularini shakllantirishda nafaqat fuqarlik jamiyat institutlari, balki keng jamoatchilik tomonidan ham takliflar berilishi, ularning muhokamalarda bevosita ishtirok etish imkoniyati yaratildi.
Platforma tizim fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yangi bosqichga olib chiqib, mazkur jarayonlarning shaffofligini taʼminlaydi.
Eng muhimi, Farmon fuqarolar va fuqarolik jamiyati institutlarining davlat va jamiyat boshqaruvidagi bevosita ishtiroki uchun yangi imkoniyatlarni ochib beradi, xususan, ijtimoiy sheriklik institutini amalda rivojlantirish boʻyicha tashkiliy va huquqiy sharoitlar yaratadi, davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish taʼsirchanligini oshiradi. Shuningdek, tadbirda 2024 yilda davlat granti va davlat ijtimoiy buyurtmasi tanlovi gʻolibi boʻlgan fuqarolik jamiyati institutlariga sertifikatlarini topshirish marosimi ham boʻlib oʻtdi.
GUJUM.UZ