Toshkent shahar hokimligi majlislar zalida “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarining ijrosi: muammo va tajriba” mavzusida tadbir boʻlib oʻtdi.
Tadbirni Toshkent shahar Ijtimoiy sheriklik boʻyicha jamoat komissiyasi raisi Vasila Alimova qisqa kirish soʻzi bilan ochdi.
Yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondining bosh mutaxassisi Umida Xolbekova ishtirokchilarga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 4 martdagi “2021-2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PFQ-6181-sonli Farmoni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 3 martdagi “Nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, ularning faoliyati erkinligi, huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini taʼminlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-5012-sonli Qarorida belgilangan vazifalar ijrosi xususida gapirdi.
Maʼlumki, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar Xalq deputatlari Kengashlari huzurida nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondlari va Ijtimoiy sheriklik komissiyalari faoliyat olib bormoqda. Ularning asosiy vazifalaridan biri mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan fuqarolik jamiyati institutlari va nodavlat notijorat tashkilotlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash xamda davlat grantlarini manzilli loyihalar uchun ajratilishi taʼmishlashdan iborat. Shu oʻrinda aytish lozim, ularning faoliyatini yanada rivojlantirish, uslubiy jihatdan koʻmak berish masalasi dolzarb boʻlib, bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis huzuridagi Parlament komissiyasi va Jamoat fondi tomonidan amaliy yordam berib kelinmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Parlament komissiyasi aʼzolari joriy yilning 1-20 dekabr kunlari respublikamizning barcha hududlarida boʻlib, nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyatini rivojlantirish, ijtimoiy sheriklik va jamoatchilik nazorati boʻyicha olib borilayotgan ishlar, moliyalashtirilgan hamda amalga oshirilayotgan loyihalarni oʻrganish maqsadida amaliy yordam berib kelindi.
Shuningdek, yigʻilishda Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi xuzuridagi Jamoat fondi va Ijtimoiy sheriklik komissiyasining 2021 yilga moʻljallangan “Yoʻl xaritasi”da belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash, davlat grantlari taqsimotini amalga oshirish borasidagi xisoboti tinglandi. Bu masalada Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi xuzuridagi Jamoat fondi direktori Hayotxon Qoʻchqorova maʼruza qildi.
Tadbir davomida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi davlat grantining 3-4-5- tanlovi hamda Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi huzuridagi Jamoat fondi va Ijtimoiy sheriklik boʻyicha jamoat komissiyasi tomonidan eʼlon qilingan 3- tanlov gʻoliblariga sertifikatlar topshirildi.
H. QOʻChQOROVA, Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi xuzuridagi Jamoat fondi direktori