Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish maslahat Kengashi tomonidan «Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun» koʻkrak nishoni bilan taqdirlash marosimi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasida boʻlib oʻtdi.
Maslahat kengashi, Parlament komissiyasi, Fuqarolik jamiyatii rivojlantirish markazi, Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi, “Maʼrifat targʻibotchilari” jamiyati tashkil etgan tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish maslahat Kengashi aʼzolari, nodavlat notijorat tashkilotlari va OAV vakillari qatnashdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek, bizning asosiy va strategik vazifamiz bu demokratik davlat, fuqarolik jamiyati qurish va bozor islohotlarini yanada chuqurlashtirish, odamlar ongida demokratik qadriyatlarni mustahkamlash yoʻlidan ogʻishmay, izchil va qatʼiyat bilan borishdir. Fuqarolik jamiyatining intellektual salohiyatini taʼminlash va muttasil yuksaltirib borishda nodavlat notijorat tashkilotlari va turli fuqarolik jamiyati institutlarining ahamiyati katta hisoblanadi.
Oʻzbekistonda fuqarolik jamiyati institutlarining mustaqilligi taʼminlangan, ularning faoliyatini moddiy hamda moliyaviy qoʻllab-quvvatlashning puxta qonunchilik bazasi – milliy infratuzilma yaratilgan. Bu esa ijtimoiy hayotni demokratlashtirish, davlat qurilishi, jamiyatda manfaatlar muvozanatini taʼminlash va ragʻbatlantirish, inson huquq hamda erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish vazifasini bajarishda NNT pozitsiyasini mustahkamlamoqda. Fuqarolik jamiyati institutlari faoliyati odamlar ongida demokratik qadriyatlar va qoidalarni mustahkamlash, aholida siyosiy, huquqiy madaniyat, maʼnaviyat, fuqarolik faolligi, milliy oʻzlikni yuksaltirishga taʼsir koʻrsatish, shaxsda oʻz qadr-qimmati, mustaqil fikrlash, kelajakni oʻz qoʻllari bilan bunyod etishga boʻlgan masʼuliyat hamda xohish-istakni yuzaga chiqarishga qaratilgan.
Marosimda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Rustam Qosimov soʻzga chiqib, Oʻzbekistonda nodavlat notijorat tashkilotlari va turli fuqarolik jamiyati institutlari sonining barqaror oʻsish tendensiyasi kuzatilayotgani, bugungi kunga kelib ularning soni 10 600 tadan oshganligini taʼkidladi.
2018 yil 14 noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 4 maydagi «Mamlakatni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi farmoniga koʻra “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun” koʻkrak nishoni taʼsis etilgan edi. Oʻtgan yili u NNT va boshqa fuqarolik jamiyati institutlarining vakillariga birinchi marta berilgan edi.
Bu yil esa Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashlari huzuridagi ijtimoiy sheriklik boʻyicha jamoat komissiyalari tomonidan 2500 ga yaqin nomzodlar ichidan eng munosiblari saralab olindi va Maslahat kengashiga taqdim qilindi.
Nodavlat notijorat tashkilotlari va boshqa fuqarolik jamiyati institutlarining eng faol 49 nafari “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun” koʻkrak nishoniga munosib deb topilib, tantanali ravishda taqdirlandilar.
Tantanali taqdirlash marosimi poytaxtda boʻlib oʻtgani va unda nodavlat notijorat tashkilotlarining mintaqaviy vakillari ishtirok etgani alohida eʼtiborga va ahamiyatga ega boʻldi.
Taqdirlash marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish boʻyicha Maslahat kengashi rahbari Akmal Saidov oʻz soʻzida nodavlat notijorat tashkilotlarining turli tashkiliy-huquqiy shakllarini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlovchi infratuzilma samarali faoliyat koʻrsatayotgani, xususan, Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi, shuningdek, Parlament mablagʻlarini boshqarish boʻyicha Parlament komissiyasi munosib faoliyat koʻrsatayotganini taʼkidladi.
Soʻzga chiqqanlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 22 dekabr va 2018 yil 28 dekabrdagi Oliy Majlisga murojatnomasida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning dolzarbligi oshayotganini taʼkidladilar.
Topshirilgan koʻkrak nishonlari nodavlat notijorat tashkilotlari va boshqa fuqarolik jamiyati institutlarining taraqqiyotini yanada mustahkamlashga va ularni Vatan ravnaqi, el farovonligi uchun fidokorona mehnat qilishga undaydi.
Tantanali tadbir sanʼatkorlar va ijodkor yoshlar ishtirokida konsert dasturini namoyish etish bilan yakunlandi.
Hayotxon QOʻChQAROVA,
FJSHMQMI Toshkent shahar hududiy boʻlinmasi
Farxod ABDURASULOV olgan suratlar