Toshkent shahar Mirobod tumani “Yangi Mirobod” mahalla guzarida Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi huzuridagi Jamoat fondi tomonidan moliyalashtirilgan “Lukmoni Xakim” nomidagi tabiiy tibbiyot va gerontologiya Markazi tomonidan “Hech kim mehr va eʼtibordan chetda qolmaydi” mavzusida olingan davlat grantining yakuniy taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi huzuridagi Jamoat fondi, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari, mahalla faollari hamda nuroniy onaxonlar ishtirok etdilar.
Nodavlat notijorat tashkiloti rahbari D.Mavlyanova loyiha doirasida keksa avlod vakillarining jamiyatdagi oʻrni va ijtimoiy faolligini yanada oshirish, ularga boʻlgan gʻamxoʻrlik va eʼtiborni kuchaytirish boʻyicha oʻtkazilgan tadbirlar va qamrov doirasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan batafsil axborot berib oʻtdi. Loyiha doirasida imkon qadar poytaxt mahallalarida istiqomat qilayotgan nuroniy otaxon va onaxonlarni qamrab olishga xarakat qilingani, qolaversa, keksa-nuroniylar xonadonimiz koʻrki, ularning qilgan xayrli duosi hayotimiz, oilalarimiz, Vatanimiz hamda yoʻlimizni doimo nurafshon etib turishi, yoshi ulugʻ otaxon-u moʻtabar onaxonlarimizni eʼzozlash va ularni qadrlash, ularning hurmatini oʻrniga qoʻyish bizning uzoq asrlik urf-odatlarimiz, milliy anʼanalarimiz hamda yashash tarzimizning ajralmas bir boʻlagi birinchi navbatda boʻlsa, ikkinchidan yosh avlod uchun ulkan tarbiya va tajriba maktabi ekanini qayd etgan xolda barchamiz kim boʻlishimiz yoki qaysi kasb egasi boʻlishimizdan qatʼiy nazar “Qariya otaxon va moʻtabar onaxonlarimizni hozirgi davr yoshlariga goʻyoki bir toʻgʻonoq emas – suyanchiq, raqib emas – ustoz, hamda bizning buyuk kelajagimizga befarq emas, balki hamdard” — deb bilishimiz lozimligini taʼkidlab oʻtildi.
Tadbir davomida soʻzga chiqqanlar, bugungi kunda nuroniylarni ulugʻlanishi, davrimizning talabi va taklifi ekanligini, bu borada nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari davlat tashkilotlari bilan keksalarga boʻlgan eʼtibor yanada kuchaytirishi lozimligini aytib oʻtdilar.
Tadbir soʻngida barcha ishtirokchilarga “Lukmoni Xakim” nomidagi tabiiy tibbiyot va gerontologiya Markazi tomonidan chop etilgan sogʻlom turmush tarzini targʻib etuvchi tavsiyanoma tarqatildi.
Mavluda TADJIYEVA tayyorladi.