Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash Jamoat fondi tomonidan 2021 yil davomida dolzarb mavzularda davlat grantlari eʼlon qilinib, ulardan koʻzlangan asosiy maqsadlardan biri nodavlat notijorat tashkilotlarini aholi uchun zarur boʻlgan muammolarni davlat tashkilotlari bilan ijtimoiy sheriklik asosida bartaraf etish va fuqarolarni huquqiy bilimlarini oshirishdan iboratdir.
Oʻzbekistonda suv resurslaridan mukammal foydalanish “Suvchi” Jamoat birlashmasi mazkur tanlovlarda ishtirok etib “Iqlim oʻzgarishi sharoitida aholi qatlamlarini tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va atrof-muhitni himoya qilish toʻgʻrisidagi xabardorligini oshirish” mavzusidagi loyiha bilan gʻoliblikni qoʻlga kiritgan.
Loyihaning asosiy maqsadi mahallalarda faollar bilan birgalikda aholini suv resurslaridan oqilona foydalanish, dunyo, mintaqa va mamlakatimizdagi muammolar boʻyicha xabardorligini oshirishdan iborat. Mazkur tadbirlarni shahrimiz tumanlarida yuqori saviyada tashkil etish maqsadida Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi huzuridagi Jamoat fondi va “Suvchi” Jamoat birlashmasi faollarining uchrashuvi oʻtkazildi. Uchrashuv davomida davlat organlari vakillari bilan ijtimoiy sheriklik asosida 12 ta tuman mahallalari fuqarolar yigʻinlari raislarini seminarlarni oʻtkazish, suv resurslari haqida mahalliy hududlarning solishtirma taxlili hamda suv va energetik resurslarni tejash usullar bilan tanishtirish yuzasidan tayyorlangan tarqatma materiallar koʻzdan kechirildi.
Uchrashuv soʻngida seminarlarni mart-iyun oylari davomida Toshkent shahar irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muxandislari Milliy tadqiqot universitetida malakali mutaxassislar ishtirokida oʻtkazilishiga kelishib olindi.
H.Qoʻchkarova, Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi huzuridagi Jamoat fondi rahbari