Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 27 sentyabrdagi “Keksa avlod vakillarining jamiyatdagi oʻrni va ijtimoiy faolligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida barcha hududlarda joriy yilning 4-10 oktyabr kunlari “Keksalar haftaligi” doirasida turli tadbirlar tashkil etildi.
Oʻzbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qoʻllab quvvatlash Nuroniy jamgʻarmasi respublika boshqaruvi ham “Knksalarni eʼzozlash, ularga hurmat-ehtirom koʻrsatish – xalqimizga xos qadriyat” mavzusida maʼnaviy maʼrifiy tadbir oʻtkazdi.
Yakkasaroy tumanidagi “Tabassum” restoranida boʻlib oʻtgan qadrlash marosimida Qoraqalpoqiston Respublikasi, viloyatlar va poytaxtning faxriylari qatnashdi. Tadbirda mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Nuroniy otaxon va onaxonlarimizni har tomonlama qoʻllab quvvatlashimiz ham qarz ham farzdir” degan soʻzlari yangrab turgandek edi.
Tadbirni mamlakatimiz Bosh vaziri oʻrinbosari Behzod Musayev tabrik soʻzi bilan ochdi. Mamlakatimizda keksalarga yaratilayotgan sharoitlar, ularga berilayotgan imtiyozu imkoniyatlar haqida gapirdi. Darhaqiqat, bosh vazir oʻrinbosari taʼkidlaganidek, jamgʻarmaning moliyaviy imkoniyatlari kengaytirildi, jamgʻarmaga davlat byudjetidan 100 milliard soʻm ajratildi. Oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan 16 mingdan ziyod keksalarga, yordam berish, ularning kundalik turmushini mazmunli tashkil etish uchun toʻlovlar miqdori oshirildi hamda ularga koʻrsatiladigan ijtimoiy xizmatlar koʻlami kengaytirildi.
Shuningdek, Buxoro, Qarshi, Urganch shaharlarida yangidan tashkil etilgan sihatgohlarda hamda mavjud dam olish maskanlarida 25 mingdan ortiq nuroniylarning sogʻligʻi tiklamoqda.
Bosh vazir oʻrinbosari soʻzi oxirida “nuroniylarni qancha eʼzozlasak shuncha kam. Chunki, ular bizning duogoʻyimiz, mamlakatimiz, mahallalarimiz oilalarimizning tinchligiga osoyishtaligiga munosib hissa qoʻshib kelishmoqda. Shaxsan oʻzim ota-onamning duolarini his qilaman. Ertalab ota-onamdan duo olmay yoʻlga chiqsam, goʻyo ishga kostyumsiz kelganimdek tuyulaveradi”.
Albatta, keksalarni qadrlash ostonamizdan, ota-onamizdan boshlanadi. Bosh vazir oʻrinbosarining ota-onasiga munosabati, oʻgitlari yoshlar uchun katta bir maktab ekanligini anglatdi.
Shuningdek, bir piyola choy ustida kechgan uchrashuvda “Nuroniy” jamgʻarmasi respublika boshqaruvi raisi oʻrinbosari Sharof Ubaydullayev, Oʻzbekiston respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, Saʼdulla Iskandarov, Toshkent shahar “Nuroniy” jamoatchilik kengashi raisi, senator Rustam Kalonov va boshqalar soʻzga chiqib, bugungi kunga shukronalar aytib, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida iqtisodiyotimiz yanada rivoj topib, turmush darajamiz tobora yuksalib borayotganini alohida eʼtirof etishdi.
Shuningdek, tadbirda faol faxriylarni “Mehnat faxriysi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlanishdi, “Mehnat faxriysi” koʻkrak nishonini Bosh vazir oʻrinbosari Behzod Musayev topshirdi va faxriylarni qutladi.
Musiqiy chiqishlar – mashhur xonandalar va sozandalarning kuy-qoʻshiqlari, toʻkin dasturxon keksalarni xushnud qildi.
Tadbirdan soʻng Yangi Oʻzbekiston bogʻiga tashrif uyushtirildi. Men ushbu daqiqalarni orziqib kutayotgandim. U yerda harbiylar keksalarni gullar bilan kutib olishdi. Esdalik suvratlariga tushildi. Sayyohlar mashinasida ulugʻvor maydonning koʻngil ochar joylari tomosha qildirildi.
Menga esa, Yangi Oʻzbekiston bogʻida oʻzbek xalqining buyuk tarixi va buguni mukammal aks ettirilganligi katta tassurot qoldirdi. Bu yerda dunyodagi eng qadimiy qoʻl yozma «Avesto» yaritilgan davr, Birinchi va Ikkinchi uygʻonish davri allaomalari faoliyati, Xonliklar hamda jadidlar davri, yurtimiz mustaqilligi davri va yangi Oʻzbekiston mana men deb oʻzligini koʻrsatib turardi. Bu ifodalarni koʻrgan har qanday xorijlik mehmonlar xalqimizning buyukligiga tan berishi tayin. Yurtim bilan yana bir bora faxrlandim. Ana shu faxr tuygʻusi yonimdagi dugonam Hofizaxon Karimovada ham mavjudligini his qildim.
“Mehnat faxriysi” koʻkrak nishoni bilan ragʻbatlantirilganlar safida markazimiz hamkori Toshkent shahar “Bilim” axborot kutubxona markazi direktori Hofizaxon Karimova ham bor. Barcha nishondorlarni shu jumladan hamkorimiz Hofizaxon Karimovani ham qutlaymiz.
Raʼno Zaripova, “Sogʻlom ona va bola” markazi rahbari