Koʻkrak nishonlari topshirildi​

0
262
marta koʻrilgan.
Davlatimiz rahbarining 2018 yil 4 maydagi «Mamlakatni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi farmoniga koʻra 2018 yil 14 noyabr kuni «Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun» koʻkrak nishoni taʼsis etildi. 
 
Shu munosabat bilan respublika nodavlat notijorat tashkilotlarida faoliyat koʻrsatayotgan fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash, ragʻbatlantirish va ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashlari huzuridagi ijtimoiy sheriklik boʻyicha jamoat komissiyalari tomonidan 2500 ga yaqin nomzoddan eng munosiblari saralab olindi va Maslahat kengashiga taqdim etildi. 
 
 Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlarining turli boʻgʻinlari vakillarining eng faol 49 nafari fuqarolik jamiyati shakllanishi va rivojlanishida erishgan yutuqlari «Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun» koʻkrak nishoniga munosib topildi.
 
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish boʻyicha Maslahat kengashi rahbari Akmal Saidov mamlakatimizda kechayotgan shiddatli islohotlar jarayonida nodavlat notijorat tashkilotlari, jamoat tuzilmalari ham munosib hissa qoʻshayotganini taʼkidladi. 
 
– Mamlakatimizda fuqarolik jamiyati institutlari rivojiga boʻlgan eʼtibor gʻoyat kuchli, – dedi Demokratiya va inson huquqlari instituti direktori Sayyora Xoʻjayeva. – Bunda tegishli farmonlar muhim huquqiy asos boʻlmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish boʻyicha Maslahat kengashi tashkil etilgani, milliy qonunchiligimiz bu borada doimiy takomillashib borayotgani ahamiyatlidir. «Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun» koʻkrak nishoni taʼsis etilgani diqqatga sazovor. Jamoamizning faoliyati aholining huquqiy, siyosiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgandir.
 
– Yurtimizda NNTlarning ilgʻor tashabbuslari doimiy qoʻllab-quvvatlanmoqda, – dedi Oʻzbekiston koreys milliy madaniy markazlari assotsiatsiyasi Toshkent viloyati boʻlimi rahbari Vitaliy Kim. – Kechayotgan shiddatli islohotlar fuqarolik jamiyati institutining turli boʻgʻinlari faolligini oshirishga xizmat qilmoqda. Ijtimoiy sherikchilik, jamoat nazoratiga oid amaliy chora-tadbirlar tobora faollashmoqda. Fuqarolik jamiyati rivojiga boʻlgan bunday eʼtibor katta masʼuliyat, ishga professional yondashuv, katta bilimni ham talab etmoqda.
 
«Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun» koʻkrak nishoni oʻz egalariga topshirildi. Ayni paytda bir guruh faol nodavlat notijorat tashkilotlariga sertifikatlar taqdim etildi. Sanʼat ustalari va ijrochi yoshlar ishtirokida konsert namoyish etildi. 
 
Marosimda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Rustam Qosimov soʻzga chiqdi. 

N.USMONOVA​, F.ABDURASULOV (surat), OʻzA

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.