Manzilli grantlar, ijtimoiy himoya va innovatsion yondashuv

0
183
marta koʻrilgan.

Xalqaro press-klubda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish boʻyicha maslahat kengashi tuzilishi, uning oldida turgan vazifalar, grant mablagʻlari ajratish tartibi, komissiyalar faoliyati, istiqboldagi rejalar xususida ochiq muloqot tashkil etildi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 4 maydagi “Mamlakatni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosi doirasida oʻtkazilgan muloqotda NNTlar hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarining roli, ahamiyati, ijtimoiy faolligini oshirish yuzasidan amalga oshirilishi kerak boʻlgan ishlar muhokama etildi. 

Ushbu farmon mamlakatimizning har tomonlama, jadal rivojlanishida fuqarolik jamiyati institutlari oʻrnini mustahkamlash, ularning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan hamkorligini kuchaytirishda muhim huquqiy asos boʻladi. 

Joriy yil oxiriga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida nodavlat notijorat tashkilotlarining hududiy ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, boʻsh turgan va samarali foydalanilmayotgan davlat mulki obyektlari negizida “Nodavlat notijorat tashkilotlari uylari”ni tashkil etish belgilangan edi. 

Mazkur binolarga yangi tashkil etilgan, shuningdek, ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan sohalarda oʻz faoliyatini amalga oshirayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari imtiyoz asosida joylashtirilishi belgilangan. 

Bu boradagi ishlarni bajarishda huquqiy asoslar yaratilgan boʻlsa-da, amaliy ishni paysalga solish, oʻziboʻlarchilikka tashlab qoʻyish yoxud iqtisodiy yetishmovchiliklar sabab ortga surish holatlari kuzatilgan. Maʼlumot berilishicha, birgina Xorazm viloyati Urganch shahrida ana shunday «Doʻstlik va nodavlat notijorat tashkilotlari uyi» foydalanishga topshirildi. Bu loyiha barcha hududlarda amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda. Muloqotda bu boradagi tajribani ommalashtirish yuzasidan maʼlumotlar berildi. 

Bugungi kunda faoliyat koʻrsatayotgan 9 ming 400 dan ziyod nodavlat notijorat tashkilotining hammasi ham oʻz faoliyatida aholi qatlamiga toʻliq kirib bora olayotgani yoʻq. Bu birgina iqtisodiy muammolar bilan bogʻliq masala emas. Oʻz faoliyatini jamoatchilik nazorati asosida tashkil etmaslik, ish jarayonidagi sustkashliklar, faqat davlatdan beriladigan mablagʻlarni kutish, amaliy ishlarini ommaviy axborot vositalari orqali targʻib eta olmaslik evaziga rivojlanish boʻlmayotir. 

Bu tashkilotlar jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, qonuniy manfaatlari, demokratik qadriyatlarni himoya qilishda, ijtimoiy, madaniy va maʼrifiy maqsadlarga erishishda muhim ahamiyatga ega. Ammo faoliyatida tizimli muammolarni bartaraf eta olmayapti. Davlatimiz rahbarining yuqorida nomi zikr etilgan farmoni mazkur tashkilotlarning asl faoliyati, imkoniyatlari, ulardan kutilayotgan natijalarni aniq belgilab berdi. 

Muloqot davomida nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyatiga toʻsqinlik qilayotgan qator tizimli muammo, kamchiliklar xususida soʻz bordi. Kelgusida qilinishi kerak boʻlgan ishlar belgilandi va xalqaro tajribalar haqida toʻxtalib oʻtildi. 

Barno Meliqulova, OʻzA
Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.