Namanganda mahalla kuzatuvchilarining malakasi oshirildi

0
133
marta koʻrilgan.

Joriy yilning 9 iyul, yakshanba kuni mamlakatimiz va xalqimiz hayotida muhim siyosiy voqea – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi boʻlib oʻtadi.

Mazkur siyosiy tadbirni xalqaro standartlardan kelib chiqqan holda, demokratik prinsiplar va oshkoralik asosida tashkil etish va uni koʻtarinki ruhda oʻtkazilishida kuzatuvchilarning ishtiroki alohida ahamiyat kasb etadi.

Namanganda “Demokratiya va inson huquqlari” instituti hamda Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman) tashabbusi bilan uyushtirilgan seminar-treningida muddatidan ilgari boʻlib oʻtadigan Prezident saylovi oldidan oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan koʻrsatilgan kuzatuvchilarning huquqiy bilimlari oshirildi.

“Demokratiya va inson huquqlari” instituti direktori, yuridik fanlar nomzodi Sayyora Xoʻjayeva, yuridik fanlar nomzodi Shoira Umarova, Ombudsmanning Namangan viloyati boʻyicha mintaqaviy vakili Jahongir Valiyev mamlakatimiz milliy saylov tizimidagi izchil va keng koʻlamli islohotlar muddatidan avvalgi Prezident saylovida ochiqlik, oshkoralik va shaffoflikning amalda keng taʼminlanishi uchun asos boʻlib xizmat qilishini taʼkidladi.

Trening ishtirokchilariga Oʻzbekiston Respublikasi saylov qonunchiligiga kiritilgan oʻzgarishlar va ularning xalqaro meʼyorlarga mosligi va fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining kuzatuvchilari, ularning vakolatlari, funksiyalari va vazifalari haqida atroflicha tushunchalar berib oʻtildi.

Qayd etilganidek, milliy saylovlarda birinchi marotaba oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan tanlab olingan kuzatuvchilar ishtirok etadi. Hozirga qadar siyosiy jarayonlarda faqatgina siyosiy partiyalardan koʻrsatilgan kuzatuvchilar hamda Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligidan akkreditatsiyadan oʻtgan xalqaro kuzatuvchilar missiyasi ishtirok etgan.

Endilikda mahalla fuqarolar yigʻinlaridan tavsiya etilgan kuzatuvchilar ham qatnashib, oʻz hududida Prezident saylovini qonunchilik talablari asosida oʻtishni kuzatib, bu borada jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi.

Oʻquv davomida seminar qatnashchilarini qiziqtirgan savollarga ekspertlar tomonidan atroflicha javob qaytarildi. “Prezident sayloviga tayyorgarlik koʻrish hamda oʻtkazish jarayonlarida kuzatuvchilarning huquq va majburiyatlari” mavzuidagi qoʻllanma tarqatildi.

Darvoqe, Prezident saylovi mazmun-mohiyatini keng targʻib etishga qaratilgan oʻquv seminari viloyat Ichki ishlar idoralarining probatsiya roʻyxatida turgan, axloq tuzatish ishi jazo chorasini oʻtayotgan, saylash huquqiga ega boʻlgan fuqarolar ishtirokida ham tashkil etildi.

Oqilxon Dadaboyev, OʻzA

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.