Mamlakatni modernizatsiya qilishning hozirgi bosqichida fuqarolik jamiyati institutlari muhim oʻrin tutadi. Shu bois, yurtimizda ularni yanada rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Adolatli huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish masalasi oldimizga qoʻyilgan ustuvor maqsadlardan biridir. Darhaqiqat, keyingi yillarda qabul qilingan qator meʼyoriy-huquqiy hujjatlar mamlakatimizda fuqarolik jamiyati institutlarining erkin, barqaror va tizimli rivojlanishi uchun mustahkam zamin yaratdi. Ushbu hujjatlarning izchil qabul qilinishi natijasida tegishli infratuzilma — shaxs, jamiyat va davlat oʻrtasidagi munosabatlarda vositachi sifatida ishtirok etuvchi, fuqarolarning ijtimoiy manfaatlarini roʻyobga chiqarishga koʻmaklashuvchi koʻplab nodavlat notijorat, jamoat tashkilotlari, birlashmalar, fondlar, kasaba uyushmalari, siyosiy partiyalar, bosma va elektron ommaviy axborot vositalari hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari faoliyati rivojlandi va yildan yilga takomillashmoqda.
2017–2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida ham fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirishning asosiy yoʻnalishi sifatida belgilangandi. Sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi sifatida Prezidentimizning 2021 yil 3 martdagi “Nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, ularning faoliyati erkinligi, huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini taʼminlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori va 2021 yil 4 martdagi “2021–2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmoni fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning zamonaviy bosqichida yangi sahifa ochdi.
Xalqaro hamkorlik
Bugungi kunda Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi tomonidan xalqaro va xorijiy tuzilmalar, mahalliy NNTlar bilan hamkorlikni rivojlantirish borasida samarali natijalarga erishildi. Shu maqsadda yurtimizda akkreditatsiyadan oʻtgan xalqaro hamda xorijiy tashkilotlar reestri shakllantirildi hamda ular bilan qator uchrashuv va tadbirlar tashkil etilmoqda. AQSHning Xalqaro taraqqiyot agentligi, BMTning Aholishunoslik jamgʻarmasi, YeXHTning Oʻzbekistondagi loyihalari koordinatori, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi, Saylov tizimlari xalqaro jamgʻarmasi (AQSH), “Winrock International”ning (AQSH) Oʻzbekistondagi filiali, Rossiya Federatsiyasining “Russkiy mir” va “Umnaya sivilizatsiya” nodavlat notijorat tashkilotlari shular jumlasidan.
Shuningdek, assotsiatsiyaga turdosh xorijiy nodavlat notijorat tashkilotlari bilan yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, tajriba almashish maqsadida xorijiy assotsiatsiyalar aniqlanib, ularning roʻyxati, maʼlumotlar bazasi, Oʻzbekistonda akkreditatsiyadan oʻtgan xalqaro hamda xorijiy tashkilotlar reestri shakllantirildi.
Bundan tashqari, xorijiy va xalqaro NNTlar bilan oʻzaro hamkorlikni kuchaytirish maqsadida yuqorida nomlari keltirilgan nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari bilan qator uchrashuvlar oʻtkazildi. Natijada ushbu tashkilotlar bilan 2022 yilda tadbirlar tashkil etish, oʻzaro hamkorlik kelishuvini imzolashga kelishildi. Jumladan, Germaniya xalq universitetlari assotsiatsiyasining Oʻzbekistondagi filiali bilan oʻzaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
Shu bilan birga, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmanistondagi NNTlar bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatish boʻyicha elchixonalarga murojaat xatlari yuborildi.
Kadrlar salohiyati oshirilmoqda
Assotsiatsiyamiz Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat boshqaruvi akademiyasi bilan hamkorlikda NNT rahbarlarining bilim va koʻnikmalarini oshirish maqsadida ushbu tashkilotlarning 125 nafar rahbar xodimi malaka oshirish oʻquv kurslarida oʻqitildi.
Shu bilan birga yoshlar, ayollar, tadbirkorlik, ekologiya, nogironlik, taʼlim, turizm, sport, axborot kommunikatsiya, milliy madaniy yoʻnalishlarda faoliyat yuritayotgan 50 nafar NNT rahbari fuqarolik jamiyati va uning institutlari, nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatiga oid xalqaro tajriba, soha faoliyatiga oid qonunchilikning mazmun-mohiyati, rahbar xodimlarining koʻnikmalarini oshirishga qaratilgan mashgʻulot turlari boʻyicha malaka oshirdi.
NNTlar faoliyati har tomonlama qoʻllab-quvvatlanyapti
Oʻtgan yilning 30 sentyabridan 30 oktyabriga qadar NNTlarning loyihalarni amalga oshirishni qoʻllab-quvvatlash maqsadida assotsiatsiya qoshidagi Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan umumiy qiymati 8,5 milliard soʻmlik birinchi grant tanlovi eʼlon qilindi.
Grant tanlovlari 4 ta – “Aholi salomatligini mustahkamlash va sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish”, “Yoshlar loyihalarini qoʻllab-quvvatlash”, “Aholiga ijtimoiy xizmat koʻrsatish, ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash va muhofaza qilish” hamda “Nodavlat notijorat tashkilotlarini rivojlantirish” yoʻnalishlarida oʻtkazildi. Birinchi grant tanlovida 375 ta NNT ishtirok etib, yakunda 120 tasi gʻolib boʻldi va 70 million soʻmlik grantga ega boʻldi.
Assotsiatsiya tomonidan NNTlarning xalqaro va mahalliy grantlarda ishtirokiga oid tahliliy maʼlumot tayyorlandi. Unga koʻra, 2021 yilda oʻtkazilgan grant tanlovlarida 1 ming 764 ta NNT ishtirok etgan, ulardan 747 tasi gʻolib boʻlgan. Shuningdek, 71 ta NNT xalqaro grantlarni qoʻlga kiritgan.
Assotsiatsiya NNTlarning huquqlari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish, tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash borasida Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari va Prezidentimizning tegishli qarorlari loyihalariga tegishli takliflar berib kelmoqda. Shuningdek, qonun loyihalarini ishlab chiqish muhokamalarida ham faol ishtirok etmoqda.
NNTlarga huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularga huquqiy va uslubiy maslahatlar berish, har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, faoliyati bilan bogʻliq savollarga zudlik bilan javob berish maqsadida Assotsiatsiya tomonidan “Huquqiy murojaatlar guruhi” telegram kanali tashkil etildi. Bugungi kunda mazkur kanalga qonunchilik boʻyicha huquqiy va uslubiy maʼlumotlar joylashtirib kelinmoqda. Mazkur tarmoq orqali kelib tushgan murojaatlarga huquqiy maslahat berilyapti.
Umumlashtirib aytganda, amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar samaradorligiga erishish nafaqat davlat organlari, balki nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlaridan ham faollik, tashabbuskorlikni talab qiladi.
Baxtiyor MASHARIPOV, Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari