NNTlar bilan davlat tashkilotlari hamkorligini mustahkamlash – davr talabi

0
208
marta koʻrilgan.

Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi kichik majlislar zalida “Kuchli ijtimoiy himoya: Nodavlat notijorat tashkilotlari va davlat tashkilotlari hamkorligi mavzusida video tasvirli  onlayn  amaliy   anjuman boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazi, Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi tomonidan uyushtirilgan ushbu tadbirda  markaziy auditoriyada  20 nafar, hududlardan esa 150 nafar kishi qatnashdi. Shuningdek anjuman Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Adliya vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Musulmonlar idorasi,  “Muftiy Boboxanovlar jamgʻarmasi” va bir qator NNTlar hamkorligida oʻtkazildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri oʻrinbosari Sodiqjon Turdiyev  amaliy anjumanni kirish soʻzi bilan ochib, mamlakatimiz Prezidentining 2020 yil 18 fevraldagi “Jamiyatda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish, mahalla institutini yanada qoʻllab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni jamiyat va oilalarda sogʻlom, barqaror ijtimoiy-maʼnaviy muhitni, tinchlik, totuvlik va osoyishtalikni taʼminlashga xizmat qilayotganini gapirdi.

Shuningdek, Sodiqjon Turdiyev oʻz soʻzida keyingi yillarda aholi orasida oilaviy ajrimlar soni  kamaygan boʻlsada, masala dolzarbligicha qolayotganini, qayd qilingan nikohlarning 10 foyizi ajrimlar bilan yakunlanayotganini gapirib oʻtdi. Oiladagi maʼnaviy muhitni yaxshilashda nodavlat notijorat tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining ishtirokini yanada kengaytirish, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va  qoʻshimcha sharoitlar yaratish, fuqarolik jamiyati institutlarining davlat va jamiyat rivojlanishiga qoʻshayotgan hissasini oshirishni vaqtning oʻzi taqozo etayotganini taʼkidladi. 

Darhaqiqat  oʻtgan yilda ajrimlar soni 31,3 mingtani tashkil etib, 2018 yildagiga(32,3 mingta) nisbatan 3 foizga kamaygan. Ushbu yil yanvar- may oylariida  ushbu holatlar soni 9,4 mingdan oshgan.

  Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi Kengashi raisi Nasimjon  Alimov oʻz maʼruzasida mamlakatimizda yildan yilga nodavlat notijorat tashkilotlarining samarali faoliyat koʻrsatishlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratilayotganligi, natijada ularning soni yildan yilga oʻsish bilan birga va faoliyat koʻrsatish sohalari kengayib borayotganligi, masalan 1991 yilda respublikada 100 ga yaqin NNTlar mavjud boʻlgan boʻlsa, hozirga kelib ularning soni 10500 dan ortiqni tashkil etayotganini gapirdi. Shuningdek u oʻz soʻzida fuqarolarning ongu tafakkuridagi oʻzgarishlarga, vatan taqdiriga daxldorlik hissining ortib borishiga, jamoatchilik nazorati va fuqarolarning faolligiga bogʻliqligini taʼkidladi.

Ayollarni va oilalarni ijtimoiy-iqtisodiy himoya qilish sohasidagi 300 dan ortiq NNTlar xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy himoya qilishda,  ehtiyojmand oilalarga ijtimoiy yordam koʻrsatish va ularni qoʻllab-quvvatlash, mahallalarni obod qilish, yoshlar muammolari, maʼnaviyat-maʼrifat, huquqni himoya qilish faoliyati bilan shugʻullanadi, – dedi N.Alimov

Shuningdek oʻz soʻzida, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bugungi kunda aholini oʻylantirayotgan muammolarga davlat idoralari eʼtiborini qaratib, oʻzlarining asoslangan takliflarini berib borishga alohidaeʼtibor berishayotganini  taʼkidladi.

Demak,anjumandan kelib chiqqan xulosa shuki, bugun yurtimizda olib borilayotgan islohotlarda NNTlar imkoniyatidan kengroq foydalanish zarurati tugʻilmoqda.

Anjumanda oilalarning jamiyatdagi oʻrnini yanada mustahkamlash va barqarorligini taʼminlash, oilaning ijtimoiy-maʼnaviy muhitini sogʻlomlashtirish,  yoshlar oʻrtasida maʼnaviy-maʼrifiy profilaktik tadbirlarni kuchaytirish va ajrimlarning oldini olishda NNTlar bilan hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan taklif va tavsiyalar  muhokama etildi.

Tadbirda koʻtarilgan masalalarga keng jamoatchilik eʼtiborini jalb etish maqsadida ommaviy axborot vositalarida maqolalar chop etish, intervyular berish, munozaralar tashkil etish maqsadga muofiqligi taʼkidlandi.

Raʼno SAPOYEVA

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.