NNTlar “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakatida qanchalik faol?

0
312
marta koʻrilgan.

Yurtimizda ehtiyojmand kishilarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, oila va mahallalarda mehr-oqibat muhitini mustahkamlash, yoshi ulugʻ insonlarga gʻamxoʻrlik koʻrsatish va bir soʻz bilan aytganda, odamlarga yaxshilik qilishga alohida qadriyat sifatida eʼtibor qaratilgan.

Ayni kunlarda Prezidentimiz tomonidan xalqimizning tarixiy va maʼnaviy qadriyatlarini, mehr-saxovat, oqibat va himmat kabi yuksak fazilatlarini inobatga olgan holda taklif etilgan “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati tashabbusi keng quloch yoymoqda. Xalqimizda “Ezgulikning qanoti bor”, degan hikmatli naql bor.

Odamlarning dardini eshitish, ular bilan ochiq muloqotda boʻlish, qiyin damlarida ogʻirini yengil qilish aholining davlat va jamiyatga boʻlgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi. Mana deyarli bir yarim oyki barcha yurtdoshlarimiz, jumladan, butun jahon ahli sinovdan oʻtmoqda.

Koʻzga koʻrinmas virus Ona zaminimizning tinch osuda hayotiga, inson salomatligi bilan birga oilalar daromadiga, davlatlar iqtisodiyotiga ham zarar yetkazmoqda. Zamonaviy tibbiyotning ilgʻor yutuqlariga qaramasdan, mamlakat va millat tanlamayotgan ofat oqibatida bugungacha yer yuzida yuz minglab inson hayotdan koʻz yumdi va bu jarayon afsuski davom etmoqda. Ularning orasida yurtimiz odamlari, shuningdek, xorijda ishlab yashayotgan vatandoshlarimiz ham bor.

Oʻzbekistonda ushbu ofat davridan talofatsiz, vaziyatni qoʻldan bermasdan oʻtish borasida oʻz vaqtida tezkor choralar koʻrilgani, avval boshdanoq tizimli ishlar yoʻlga qoʻyilgani, yetarlicha mablagʻ ajratilgani natijasida aholining barcha qatlamini birdek qoʻllab-quvvatlash hamda koronavirusni jilovlab turish imkoni yaratildi. Ayni kunlarda ushbu dardni yuqtirayotganlarga koʻra darddan forigʻ boʻlayotganlar soni ortib borayotgani buning dalilidir.

Mamlakatimiz Prezidenti tomonidan aholi oʻrtasida kasallikning keng tarqalib ketishini shuningdek, yuzaga keladigan ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarni oldini olishga qaratilgan muhim hujjatlar qabul qilinmoqda, videoselektor yigʻilishlari muntazam oʻtkazilmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati ham davom etmoqda.  Umumxalq harakati  bugungi kunda har bir tashkilot hamda har bir  inson oldida katta masʼuliyat borligini koʻrsatadi.  Buni chuqur his etgan holda Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi jamoalari oʻz siyosiy irodasini namoyon etishga, qatʼiy pozitsiyasini bildirishga, tashabbus, fidoyilik koʻrsatishga bor imkoniyatlarini ishga solmoqdalar. Zero, hozirgi sinovli kunlarda bir-birimizga yelkadosh boʻlish, bu balo-yu, ofatga qarshi oʻz jonini tahlikaga qoʻyib boʻlsa-da, kurashayotgan jonkuyar va olijanob shifokorlarimizni qoʻllab-quvvatlash, yuzaga kelgan vaziyatni keng jamoatchilikka toʻgʻri yetkazish muhim vazifalarimizdan biridir.

Shuningdek, biz hukumatimiz tomonidan yaratilgan imkoniyatlardan oqilona foydalangan holda, viloyat boʻlinmalarimiz bilan onlayn muloqot qilyapmiz. Hududlarda karantin sharoitida NNTlarning maqsadli guruhlari tashkil etilgan. U qanday guruhlar dersiz. Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlari faoliyatida OʻzNNTMA aʼzolari va barcha hududiy koordinatorlari volontyorlar sifatida ishtirok etmoqda.

Masalan, Toshkent shahrida Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazi Oʻzekspomarkaz Milliy koʻrgazma majmuasi tarkibidagi pavilonda tashkil etilgan boʻlib, u yerda OʻzNNTMAning Toshkent shahar boʻlinmasi hamkorlikda ishlamoqda. Ushbu faoliyat hududlarda davom etmoqda.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Navoiy, Namangan, Buxoro, Jizzax, Fargʻona, Qashqadaryo, Xorazm, Surxondaryo, Sirdaryo, Samarqand viloyatlarida NNT vakillaridan iborat onlayn guruhlar hamkorlikda ish olib bormoqda. NNTlarning maqsadli guruhlari – yakka yolgʻiz kishilar, qariyalar, boquvchisini yoʻqotganlar, nogironligi boʻlgan shaxslar, koʻp bolali oilalarning holidan on-layn xabar olib, ularning ehtiyojlarini xayriya yordamlarini muvofiqlashtirish markazlariga onlayn yetkazish ishlari bilan shugʻullanmoqdalar.

Masalan, Jizzax boʻlinmasining tashabbusi bilan 300 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga dori-darmonlar va tibbiy jihozlar xayriya tarzida yetkazildi. OʻzNNTMA Buxoro viloyati boʻlinmasi Buxoro viloyat hokimligi hamda saxovatpesha homiylar hamkorligida ijtimoiy himoyaga muhtoj jami 500dan ortiq kam taʼminlangan oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.

Biz barcha belgilangan vazifalarni ham onlayn tarzda amalga oshirib kelmoqdamiz. “Sogʻlom ona va bola” ayollar va yoshlarni qoʻllab-quvvatlash nodavlat notijorat tashkiloti hamda “gujum.uz” elektron gazetasi bilan hamkorlikda karantin davrida qator onlayn aksiyalar amalga oshirilib, keng yoritib borilmoqda. Masalan, hamkorlikda karantin davrini uyda qolib, vaqtini mutolaga bagʻishlashga daʼvat etuvchi “Ezgu oʻyli bolalar» tanlovi eʼlon qilindi.

«Umrboqiy meros» Oʻzbekiston madaniyati va sanʼati targʻibot markazi, “Sharq ziyokori” kitoblar uyi va OʻzNNTMA hamkorligida kitobxon yoshlar tanlovining birinchi bosqichi yakunlariga bagʻishlangan onlayn tadbir oʻtkazildi. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilinayotgan materiallarni doimiy kuzatib borib, ularga oʻz munosabatini bildirib, yaʼni NNTlarga tegishli boʻlgan har bir materialga (postga) izoh berilmoqda, layk va repostlar qilinmoqda. NNTlar faoliyatiga oid ijtimoiy tarmoqlardagi maʼlumotlarga hafta davomida 300dan ortiq izoh (kommentariy), layk va repostlar qilingan.

Nodavlat notijorat tashkilotlari va moliya institutlari bilan hamkorlikni mustahkamlashga doir normativ-huquqiy hujjatlar tahliliy oʻrganilmoqda hamda OʻzNNTMA faoliyatining huquqiy asoslari va uni takomillashtirish masalalariga bagʻishlangan ilmiy-uslubiy qoʻllama tayyorlanmoqda.

Bundan tashqari, Guliston shahar Qizil yarim oy jamiyati boʻlinmasi xodimlari bilan Guliston shahridagi shifoxonalarda davolanayotgan bemorlar holidan xabar olish maqsadida, jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda viloyat Teri tanosil kasalliklari shifoxonasi dispanserida niqob, antiseptik mahsulotlari va shaxsiy gigiyenaga oid bukletlardan 100 nafar bemorlarga tarqatildi.

OʻzNNTMAning “Sirdaryoga NNTlar yordami” aksiyasi eʼlon qilindi. U koʻplab NNTlar tashabbusi bilan tashkil etilgan boʻlib, aksiya doirasida asosan 3 turdagi yordam koʻrsatilishi koʻzda tutilgan. Barcha NNTlar unda faol qatnashmoqda.

Bunday misollarni koʻplab sanash mumkin. Eng asosiysi, koʻngilda ishonch va  xotirjamlik, sabr-qanoat boʻlishi zarur. Aslida sabr  koʻngilda xotirjamlik tuygʻusini uygʻotadi.

Sabrlilik faoliyatida qanoat ham kelajakka ishonch ham boʻladi. Zero, mashhur alloma, buyuk hakim Ibn Sino “Sabr — shifoning boshlanishidir”, deb taʼkidlagan soʻzlarida hikmat koʻp. Aslida bu dunyo gʻurbat izlaganga gʻurbatdir, hikmat izlaganga hikmatdir. Aziz vatandoshlar, hammamizni doimo sabr qilib, hikmat izlab yashashga daʼvat qilaman.

Nasimjon Alimov, OʻzNNTMA Kengashi raisi

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.