Nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) Oʻzbekistonda zamonaviy fuqarolik jamiyatini shakllantirishda, demokratiyani qaror toptirishda, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishda juda muhim bunyodkorlik rolini oʻynaydi. Shunday ekan, bu yilgi saylovlar jarayonida nafaqat siyosiy partiyalar va masʼul davlat organlarining vakillari, balki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari ham bevosita faol ishtirok etishlari hamda jamoatchilik nazorati huquqidan samarali foydalanishlari uchun normativ-huquqiy asoslar yaratildi.
Shu munosabat bilan, joriy yilning 4 noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi va Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika kengashi, Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazi, Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Oʻzbekistondagi islohotlar dunyo hamjamiyati eʼtiborida ekan, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, xususan, fuqarolarning davlat va jamiyat ishlarini boshqarishdagi ishtirokini kengaytirish, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining yanada ochiqligini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar alohida ahamiyatga ega.
Soʻnggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar ijtimoiy taraqqiyotda nodavlat sektorining ahamiyatini yaqqol koʻrsatmoqda. Bugungi kunda eng chekka hududda yashayotgan fuqaro bilan mamlakat rahbari oʻrtasida aloqani taʼminlashda aynan nodavlat sektori eng samarali mexanizm sifatida namoyon boʻlayotganiga guvoh boʻlmoqdamiz.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaning 58-moddasiga koʻra, davlat jamoat birlashmalarining manfaatlarini taʼminlaydi, ularga ijtimoiy hayotda ishtirok etish uchun teng huquqiy imkoniyatlar yaratib beradi.
Bu borada nodavlat-notijorat tashkilotlarning demokratik jarayonlardagi ishtirokini huquqiy taʼminlash ularga qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish mamlakatimizni ijtimoiy-siyosiy rivojlantirishning gʻoyat muhim sharti hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish boʻyicha maslahat kengashi tuzilishi demokratik yangilanishlar sohasida katta tarixiy voqelik boʻldi. Mazkur yangilik davlatimiz rahbari mamlakatni yanada jadal va har tomonlama rivojlantirish maqsadida fuqarolik jamiyati institutlari bilan samarali muloqotga hamda keng jamoatchilikni tashvishlantirayotgan dolzarb masalalarni muhokama qilishga alohida eʼtibor berayotganligini yaqqol koʻrsatmoqda.
Yaqinda qabul qilingan “Mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi islohotlar ustidan jamoatchilik nazorati samaradorligini, shuningdek, fuqarolarning demokratik oʻzgartirishlardagi faolligini oshirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori shu yoʻlda qoʻyilgan salmoqli qadamlardan biri boʻldi.
Darhaqiqat, muhtaram prezidentimiz tashabbusi bilan fuqarolik jamiyati institutlari bilan bir qatorda har bir fuqaro mamlakatimizda soʻnggi yilda amalga oshirilayotgan demokratik yangilanishlarda faol ishtirok etib kelmoqda. Bu avvalambor, fuqarolarning ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalari orqali taklif va mulohazalari bilan bir qatorda tanqidiy fikrlarini baralla bildirayotganliklarida ham koʻrinadi. Bu esa oʻz navbatida, prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, “davlat organlarining xalqqa xizmat qilishiga” omil boʻlib xizmat qilmoqda.
Bugungi kunda Oʻzbekiston jahon hamjamiyatida munosib oʻringa ega boʻlish va oʻz xalqiga munosib turmush darajasini taʼminlash maqsadida xalqimizning fuqarolik salohiyatini roʻyobga chiqarishga xizmat qiladigan sharoitlar yaratish, strategik ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etishda davlat tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash ustuvor vazifa boʻlib qolmoqda. Zero, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish boʻyicha yuritayotgan siyosatning asosiy maqsadi – insonning munosib hayot kechirishini, barcha hayotiy orzu-maqsadlari shu jamiyatdagi siyosiy tashkilotlar, ijtimoiy institut, guruh, oila va boshqa jamoat birlashmalari orqali amalga oshirilishini taʼminlashdir.
Darhaqiqat, demokratik saylovlarni fuqarolik jamiyati institutlari, xususan, nodavlat notijorat tashkilotlarning ishtirokisiz tasavvur etib boʻlmaydi. Ular saylovlarning shaffofligi va ochiqligini taʼminlovchi muhim omil hisoblanadi.
2017–2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan vazifalarni bosqichma-bosqich amalga oshirish maqsadida davlat organlarining fuqarolik jamiyati institutlari bilan samarali hamkorligining zamonaviy mexanizmlari izchillik bilan takomillashtirilmoqda.
Avvalambor, Saylov kodeksi loyihasi nodavlat notijorat tashkilotlar, jamoat birlashmalari va umuman keng jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazilib, muhokama natijalariga koʻra loyiha matni ularning takliflari va tavsiyalari asosida takomillashtirilganligini alohida taʼkidlash lozim.
Qonun hujjatlariga asosan, mamlakatimizda nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining saylovlarda faol ishtiroki boʻyicha yetarli asos va imkoniyatlar yaratilgan. Ushbu imkoniyatlarni bilish va ulardan keng foydalanish, nafaqat saylovlarning demokratik ruhda oʻtishiga, balki mamlakatimizda fuqarolik jamiyatining rivojlanishiga ham turtki boʻladi.
Partiyalar – saylovlarning lokomotivi. Aynan ular orqali nomzodlar koʻrsatiladi, siyosiy raqobat muhiti yuzaga keltiriladi va turli tabaqalarning siyosiy qarashlari ifodalanadi. Partiyalar oʻzlarining demokratik yoʻl bilan saylab qoʻyilgan vakillari orqali siyosiy jarayonlarda ishtirok etadilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar hamda Oʻzbekiston Ekologik harakati vakillari bilan yigʻilishida “Har qanday siyosiy partiya zamon bilan hamnafas boʻlib, uning oʻtkir talablariga javob berishi shart” degan fikrni bildirdi. Darhaqiqat, bugungi kunda xalqimiz partiyalardan balandparvoz gaplarni chetga surib, aniq amaliy ishlar bilan saylovchilar ishonchini qozonishini kutmoqda.
Mamlakatimizda saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish jarayonlari xalqaro normalar hamda demokratik prinsiplarga toʻla javob beradigan Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksining qabul qilinishi davlat rahbarining 2017 yil 22 dekabrda Oliy Majlisga yoʻllagan ilk Murojaatnomasida belgilab berilgan edi. Mazkur hujjat xalqaro norma va standartlarga mos ravishda nodavlat notijorat tashkilotlar va jamoat birlashmalarining saylovlardagi ishtirokini aniq belgilab berganligi bilan ham eʼtiborlidir. Jumladan, Markaziy saylov komissiyasining majlislariga jamoat birlashmalari va tashkilotlarning vakillari ham taklif etiladi. Jamoat birlashmalari oʻz aʼzolarining xohish-irodalarini erkin bildirish maqsadida Markaziy saylov komissiyasi yigʻilishlarida ishtirok etishini saylov jarayonining ochiqligi va shaffofligi sifatida eʼtirof etish mumkin.
Shu bilan birga, uchastka saylov komissiyasi aʼzoligiga nomzodlar ham fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan koʻrsatilishini davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarning saylovlarni tashkil etish va oʻtkazishdagi oʻzaro manfaatli hamkorligiga misol sifatida aytish mumkin.
Mazkur kodeksga asosan Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari vakillari saylovlarda kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi mumkin. Bugun mamlakatimizda demokratik institut sifatida shakllangan mahalla instituti vakillari muddatidan oldin ovoz berish, ovoz berish kuni saylov uchastkasining ochilish va saylov natijalarini aniqlash va eʼlon qilish jarayonlarini kuzatib borishi mumkinligi milliy demokratik institutning oʻrnini yanada oshiradi. Qolaversa mazkur yangilik YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi tomonidan ham taklif etilganligi bilan ham eʼtiborlidir.
Yana shuni qoʻshimcha qilish mumkinki, NNTlar saylovoldi tashviqot ishlarida, ovoz berish, saylov natijalarini hisoblashda bevosita ishtirok etish huquqi orqali saylov jarayonining har bir bosqichida samarali jamoatchilik nazoratini amalga oshirish imkoniyati yaratiladi. Shu sababli, mamlakatimizda saylov jarayonlarini oshkoralik, shaffoflik, haqqoniylik, xolislik kabi demokratik prinsiplarini amalga oshirishda NNT lar eng muhim oʻrin egallaydi. NNT lar oʻz faoliyatini tegishli komissiyalar tomonidan berilgan mandatlar asosida amalga oshirib, saylov uchastkasida ushbu kodeksning talablari buzilishiga yoʻl qoʻyilgan deb hisoblash uchun asoslar boʻlsa, tegishli saylov komissiyasiga maʼlum qilish lozim hisoblanadi.
Shuningdek, kodeksga koʻra, Markaziy saylov komissiyasi imzo varaqalari toʻgʻri toʻldirilganligini tekshiruvchi Ekspert guruhini tuzishi mumkin. Ekspert guruhi tarkibiga davlat organlari qatori fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ham jalb etilishi jamoatchilik nazorati sifatida jamoat birlashmalari aʼzolarining manfaatlari va ehtiyojlarini aks ettirishga asos boʻladi.
Shu bilan birga, imzo varaqalarini tekshirishda siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari ishtirok etishi katta ahamiyatga ega. Partiyalarga saylov jarayonlarida teng sharoitlar yaratilgan.
Yuqoridagilarning barchasi saylov jarayonlari yanada oshkoralik ruhida oʻtishini taʼminlaydigan yangi, ilgʻor amaliyotni joriy etishni tashkiliy-huquqiy jihatdan mustahkamlaydi. Shubhasiz, saylov jarayonlari ustidan fuqarolik jamiyati institutlarining kuzatuv olib borishi, jamoatchilik nazorati va saylovlarda faol ishtirok etishi orqali hayotga tatbiq etilishi mamlakatimizda davlat boshqaruvida ochiqlik va oshkoralikni yanada mustahkamlaydi.
B.Narimanov, Toshkent davlat yuridik universiteti katta oʻqituvchisi
Z.Mustafaqulov, Adliya vazirligi bosh konsultanti