“Oydin nur” – begʻaraz yordam nodavlat notijorat tashkiloti

0
330
marta koʻrilgan.

Murakkab hayotiy vaziyatlarga tushib qolgan xotin-qizlarga “Oydin nur” nodavlat notijorat tashkiloti 20 yildan ziyod vaqt mobaynida faol yordam koʻrsatib kelmoqda.

«Oydin nur» NNTda zoʻravonlik yoki tazyiqqa duch kelgan aksariyat ayollar bu yerda huquqiy va psixologik yordam olib, vaqtinchalik boshpanaga ega boʻlishadi, kasb egallashadi. Markaz xodimlari ularga hattoki ish topishda ham amaliy yordam berishadi.

Markaz har kuni murojaatchilar bilan ishlaydi. Jumladan, joriy yilning 17-24 avgust kunlari “Oydin nur” markazining “Ishonch telefoni”ga 31 nafar ayol murojaat qilgan boʻlib, oʻtgan haftaga nisbatan bu raqam 21 taga koʻpdir.

Aksariyat savollar huquqiy xarakterga ega. Shu sababli Markaz huquqshunoslari hafta mobaynida murojaatchilarga 17 ta maslahat xizmatini taqdim etishgan boʻlsa, ulardan 8 tasi aliment undirish, 1 tasi ajrashish, 1 tasi uyga qaytib borib joylashish, 2 tasi moddiy yordam olish, 1 tasi maʼmuriy sudga arizani rasmiylashtirish va boshqa masalalardan iborat boʻldi.

Oʻz navbatida, Markaz psixologlari 5 nafar murojaatchi ayol bilan ishlab, ular bilan stress holatidan chiqish va hissiyotlarini jilovlash borasida ruhiy mashgʻulotlar va mashqlar olib borishgan.

Markazga oʻtgan hafta davomida 7 nafar ayoldan moddiy yordam soʻrab murojaat kelib tushgan boʻlib, ulardan 1 nafari dori-darmon soʻragan. Shuningdek, 1 nafar ayol uy-joy masalasida, 2 nafari Markaz boshpanasiga joylashtirishni, 2 nafari esa bolalarni maktabga joylashtirish uchun hujjatlarni yigʻishda yordam soʻragan.  Markaz xodimlari bir nafar ayolning ishga joylashishiga xam yordam berishgan.

«Oydin nur» boshpanasida ayni paytda 23 nafar shaxs yashamoqda. Shundan 10 nafari ayollar va 13 nafari ularning farzandlaridir.

Oʻtgan haftda davomida boshpanaga yana 2 nafar ayol va ularning 1 nafar bolasi joylashtirilgan. Bir nafar ayol homilador boʻlib, boshpanaga ota-onasi bilan kelishmovchiligi uchun yordam soʻrab kelgan. Hozir u bilan Markaz psixologi ishlamoqda. Boshpanada har bir ayol va bola doimiy eʼtiborda.

Koʻrib turganingizdek, “Oydin nur” mutaxassislari turli xil, aksariyat holatda murakkab hayotiy masalalar bilan ishlashadi va har bir murojaatchiga imkon darajasida yordam berishga harakat qilishadi.

Muxabbat BOBOMURODOVA, OʻzNNTMA Ayollar va yoshlar bandligi va taʼlim yoʻnalishi bosh konsultanti 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.