Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga oʻttiz yil toʻldi

0
315
marta koʻrilgan.

Poytaxtning Yakkasaroy tumanidagi Yu.Rajabiy nomidagi mahallada mahalla raisi Ulugʻbek Hakimov tashabbusi hamda  «Sogʻlom ona va bola» ayollar va yoshlar markazi hamkorligida oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining oʻttiz yilligi munosabati bilan tadbir uyushtirildi.

Ushbu mahallada fan taraqqiyotiga, jumladan, oʻzbek tili, adabiyoti va sanʼatining yuksalishiga munosib hissa qoʻshgan koʻplab allomalar yashab ijod qilishgan. Mazkur dargohda Oʻzbekiston xalq yozuvchisi  Abdulla Qahhor uy-muzeyi, maqomlarni kitoblarda muhrlagan Oʻzbekiston xalq artisti, taniqli hofiz, bastakor Yunus Rajabiy uy-muzeyi   joylashgan. Shuningdek, matematika maydonining  buyuklari –  Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademiklari,  Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arboblari – Saʼdi Sirojiddinov va Maxmud Salohiddinovlarning  nurga intilgan ijodlariga, tinimsiz izlanishlariga guvoh boʻlgan qadrdon dargoh bu…

 Bu mahalla oʻz anʼanalari va qadriyatlariga ega ulugʻ dargohlardan biri ekanligini bugungi yoshlarning  saʼy-harakatlari, intilishlari ham  tasdiqlaydi. Mahalladagi maktablarda iqtidorli bolalar ham ayni kunda koʻplab yetishib chiqmoqda. Ikki nafar Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori, koʻplab fan olimpiadasi va sport yoʻnalishi gʻoliblari taʼlim olmoqda. Ularning ham Oʻzbekistonni, oʻzbek xalqini, oʻzbek tilini jahonga tanitishda munosib hissalari bor.

Oʻzbek xalqining iqtidorli  shoirasi va tadbirkor Farida Afroʻz oʻz soʻzida  ona tilimiz – milliy gʻururimiz, oʻzligimiz ekanligi haqida gapirdi. Tashbehlarga va ruhiy kechinmalarga boy sheʼrlaridan yod oldi. Farida Afroʻzning oʻzbek tili goʻzalligini oʻzida ifoda qilgan  “Qirq kokilligim”, “Iztirob koʻylagi”, “Tunlar isyoni”, “Koʻzim manim…” “Qurbonjon dodxoh” (tarixiy drama,), “Oʻzimdan oʻzimgacha”, “Poka yest na zemle razluka”, “Ot Faridiʼ Afruz” (Moskva, 2004), “Gun aydin” (Istambul, 2004), “Ushshoq, “Tasbih”, “Oʻsha kun – bugundir” nomli sheʼriy toʻplamlari chop etilgan boʻlib, ulardan toʻrttasini mahalla  kutubxonasiga armugʻon qildi.

Kamina  mahalla kutubxonasiga avval oʻz ijodimdan “Harorat”, “Yurt qoʻshiqlari”, “Onaginam” “Qisasi Rabgʻoʻziy” kabi asarlarimni sovgʻa qilgan edim. Bu safar mumtoz adabiyotning goʻzal namunasi  Saʼdiyning “Guliston” asarini  armugʻon qildim.

Mahalla ahli bilan uchrashuv hamishagidek qiziqarli va sheʼriy ohanglar ila  dilxush oʻtdi.

Raʼno Zaripova, 

“Sogʻlom ona va bola” markazi rahbari,

Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.