Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish boʻyicha maslahat kengashining ilk majlisi 7 sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi zalida boʻlib oʻtdi.
Fuqarolik jamiyatini monitoring qilish mustaqil instituti hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish boʻyicha maslahat kengashi hamkorligida tashkil etilgan majlisda Maslahat kengashining aʼzolari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, davlat va nodavlat tashkiloti rahbarlari va ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Davlatimiz rahbarining 2018 yil 4 maydagi “Mamlakatni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni kelgusida yurtimizning har tomonlama jadal rivojlanishida fuqarolik jamiyati institutlarining roli va ahamiyatini tubdan oshirish, ularning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan hamkorligini kuchaytirishda muhim huquqiy asos boʻlib xizmat qilayapti.
Majlisni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasi raisi, Maslahat kengashi rahbari Akmal Saidov qisqacha kirish soʻzi bilan ochib, bugungi kunda faoliyat koʻrsatayotgan 9 ming 400 dan ziyod NNT jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, qonuniy manfaatlarini, demokratik qadriyatlarni himoya qilishda, ijtimoiy, madaniy va maʼrifiy maqsadlarga erishishda oʻz oʻrniga egaligi haqida gapirdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi R.S. Qosimov fuqarolik jamiyati institutlari rivojlanishi holatini, soha muammolari va kengash oldida turgan vazifalar haqida maʼruza qildi. Jumladan, fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish maqsadida bu sohadagi xorijiy ilgʻor tajribalarni oʻrganib, xalqimiz qadriyatlariga mos milliy modelni ishlab chiqish hamda u asosda istiqbolga moʻljallangan oʻrta va uzoq muddatli strategik yoʻnalishlarni yaratish, shuningdek, sohani rivolantirishda fundamental va amaliy tadqiqotlarni tashkil etish, bu borada davlat siyosati va uning amaliy natijalari haqidagi jamoatchilik fikrini tizimli ravishda oʻrganish, umumlashtirish va tahlil qilishni tashkil etish lozimligi haqida batavsil gapirdi.
Majlis ishtirokchilari fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatining tashkiliy-huquqiy va iqtisodiy asoslarini takomillashtirish, ijtimoiy sheriklik va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, mazkur institutlarning jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish uchun qulay sharoitlar yaratish masalalari boʻyicha takliflar berib oʻz fikr-mulohazalarini bildirishdi.
Masalan, fuqarolik jamiyati institutlarining na faqat davlat organlari balki, tadbirkorlar bilan hamkorligi darajasini yuksaltirish, shuningdek, ularning mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qoʻshayotgan hissasini baholovchi koʻrsatkichlarni ishlab chiqish masalariga alohida eʼtibor berib fikrlar aytildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vaziri R.K. Davletov NNTlar faoliyatining samaradorligini oshirishga qaratilgan 200 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat qabul qilinganligi, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash uchun zarur institutsional baza yaratilganligi va ularni yanada takomillashtirish maqsadga muvofiqligi, jumladan “Oʻzbekiston Respublikasi jamoat birlashmalari toʻgʻrisida»gi Qonunni yangi tahrirda qabul qilish lozimligi, “Volontyorlik haqida”gi qonunni qabul qilish zarurati haqida oʻz mulohazalarini bildirdi.
Shuningdek, Maslahat kengashi majlisida mamlakatimiz Prezidenti farmonida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan amalga oshirilishi lozim boʻlgan masalalarga eʼtibor qaratildi. Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlari, normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqish va amalga oshirishga nodavlat notijorat tashkilotlarini jalb qilish darajasining pastligi taʼkidlandi.
Muammolar tahlil etilgan yigʻilishda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning milliy modeli, shu asosda oʻrta va uzoq muddatli istiqbolga moʻljallangan strategik yoʻnalishlar boʻyicha holatni yaxshilash yuzasidan takliflar berildi. Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish sohasida fundamental va amaliy tadqiqotlarni tashkil etishga oid tavsiyalar ishlab chiqildi.