Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Jamoatchilik palatasini tashkil etish toʻgʻrisida​ Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

0
144
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining f a r m o n i

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 yanvardagi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasida belgilangan “Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” degan yangi gʻoyani amalda roʻyobga chiqarish, aholining davlat va jamiyat ishlarini boshqarishdagi ishtiroki koʻlamini kengaytirish, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, fuqarolar, jamiyat va davlatning oʻzaro yaqin hamkorligini oʻrnatish, shuningdek, davlat organlari va muassasalari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Jamoatchilik palatasi (keyingi oʻrinlarda – Jamoatchilik palatasi) hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar jamoatchilik palatalari (keyingi oʻrinlarda – hududiy jamoatchilik palatalari) tashkil etilsin.

2. Quyidagilar Jamoatchilik palatasi faoliyatining asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:

davlat, fuqarolar va fuqarolik jamiyati institutlarining mamlakatni yanada jadal va har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan saʼy-harakatlarini birlashtiruvchi zamonaviy shakldagi tizimli hamda samarali muloqotini yoʻlga qoʻyish hamda ularning ijtimoiy manfaatlari kelishilishini taʼminlash;

fuqarolarning davlat va jamiyat ishlaridagi ishtirokini faollashtirishga hamda davlat-xususiy sheriklikning zamonaviy mexanizmlarini joriy etishga koʻmaklashish;

aholi fikrini tizimli oʻrganib borish, joylarda va sohalarda aholini, fuqarolik jamiyati institutlarini hamda jamoatchilikni tashvishlantirayotgan dolzarb masalalarni muhokama qilish, shuningdek, ularning yechimi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlisi palatalariga va Hukumatga tegishli normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish boʻyicha takliflar kiritib borish;

ilmiy-ekspert guruhlari ishtirokida fuqarolik jamiyatini rivojlantirish sohasida fundamental va amaliy tadqiqotlar olib borish yuzasidan tashabbus koʻrsatish, bu boradagi davlat siyosati va uning amaliy natijalari haqidagi jamoatchilik fikrini tizimli oʻrganish, umumlashtirish va tahlil qilishni tashkil etish;

fuqarolik jamiyati institutlarining davlat organlari bilan hamkorligi darajasi, ularning mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qoʻshayotgan hissasini baholovchi koʻrsatkichlarni ishlab chiqish hamda ular asosida fuqarolik jamiyatining holati va rivojlanish tendensiyalari toʻgʻrisida yillik milliy maʼruzalarni tayyorlash;

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda fuqarolik jamiyati institutlarining amaliy va samarali hamkorligini yoʻlga qoʻyishga koʻmaklashish hamda mazkur masala boʻyicha jamoatchilik eshituvlarini tashkil etish;

davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari faoliyatini kuchaytirish, ularga uslubiy va boshqa amaliy yordam koʻrsatish;

norma ijodkorligi sifatini tubdan yaxshilashga koʻmaklashish, jumladan, mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga oid va jamoatchilikda alohida qiziqish uygʻotadigan oʻta dolzarb masalalarga doir normativ-huquqiy hujjat loyihalarini jamoatchilik ekspertizasidan oʻtkazish, ularni jamoatchilik bilan maslahatlashuv va eshituvlari asosida takomillashtirishga koʻmaklashish;

fuqarolar, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlarni soʻz erkinligi, fuqarolarning axborot olish va tarqatish huquqini amalga oshirish, axborot erkinligi kafolatlarini taʼminlash boʻyicha muhokamalarga jalb etish hamda mazkur masalalarga oid amaliy takliflar ishlab chiqish;

jamoatchilik nazoratining samarali tizimini shakllantirish, “jamoatchilik eshituvi”, “jamoatchilik ekspertizasi”, “jamoatchilik monitoringi” kabi taʼsirchan zamonaviy nazorat shakllarini amalda joriy etish;

islohotlar va davlat dasturlarining joylarda va sohalarda amalga oshirilishi ustidan jamoatchilik monitoringini tashkillashtirish, ularni sifatli bajarish uchun qoʻshimcha choralar koʻrish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish, erishilgan koʻrsatkichlar, ijobiy oʻzgarishlar va mavjud muammolar toʻgʻrisidagi axborotni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlisi palatalari va Hukumatga muntazam kiritib borish;

“xalq diplomatiyasi” institutini rivojlantirish, jumladan, mamlakat tashqi siyosatining ustuvor vazifalarini hayotga tatbiq etish, uning nufuzli xalqaro reytinglarda egallagan oʻrnini yaxshilashda fuqarolik jamiyati institutlarining imkoniyatlaridan keng foydalanish hamda xorijdagi vatandoshlar bilan yaqindan aloqalar oʻrnatish, nodavlat notijorat tashkilotlariga xalqaro hamkorlikni rivojlantirishda yordam koʻrsatish.

3. Belgilab qoʻyilsinki:

a) Jamoatchilik palatasi va hududiy jamoatchilik palatalari doimiy faoliyat yurituvchi maslahat-kengash organlari hisoblanadi;

b) Jamoatchilik palatasi jamoatchilik asosida ishlaydigan 50 nafar aʼzodan iborat boʻlib, uning tarkibi quyidagi tartibda shakllantiriladi:

Jamoatchilik palatasining 18 nafar aʼzosi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan jamiyat rivoji, huquqiy davlatni shakllantirish va milliy qonunchilikni takomillashtirish, aholining huquqiy madaniyatini oshirish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, Oʻzbekiston ilm-fani, sporti, madaniyati va iqtisodiyoti rivoji, sogʻlom va barkamol avlodni voyaga yetkazishga katta hissa qoʻshgan, el-yurt izzat-hurmatiga sazovor boʻlgan fuqarolar, nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari vakillari orasidan tayinlanadi;

Jamoatchilik palatasining 18 nafar aʼzosi respublika miqyosida faoliyat koʻrsatayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari (Oʻzbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan chet el nodavlat notijorat tashkilotlari vakolatxonalari va filiallari bundan mustasno), ommaviy axborot vositalari va keng jamoatchilik vakillari taqdim etgan nomzodlar orasidan tanlov asosida Jamoatchilik palatasi qaroriga asosan aʼzo etib qabul qilinadi;

Jamoatchilik palatasining 14 nafar aʼzosi hududiy jamoatchilik palatalari vakillari boʻlib, ular lavozimi boʻyicha hududiy jamoatchilik palatalari raislari hisoblanadi;

v) hududiy jamoatchilik palatasi jamoatchilik asosida ishlaydigan 21 nafar aʼzodan iborat boʻladi;

g) hududiy jamoatchilik palatalari tarkibi jamoatchilik forumlarida tavsiya etilgan hududlarda faoliyat olib borayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari (Oʻzbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan chet el nodavlat notijorat tashkilotlari vakolatxonalari va filiallari bundan mustasno), ilmiy doiralar, ommaviy axborot vositalari va keng jamoatchilik vakillaridan shakllantiriladi;

d) Jamoatchilik palatasining va hududiy jamoatchilik palatalarining birinchi umumiy yigʻilishlarida:

ularning faoliyatlarini tashkil etish bilan bogʻliq masalalar koʻrib chiqiladi;

ularning komissiyalari shakllantiriladi va rahbarlari saylanadi;

Jamoatchilik palatasi raisi – Jamoatchilik palatasi Kengashi raisi va uning uchta oʻrinbosari, jumladan, bitta birinchi oʻrinbosari – Jamoatchilik palatasi apparati rahbari, shuningdek, hududiy jamoatchilik palatalarining raislari va ularning oʻrinbosarlari saylanadi;

Jamoatchilik palatasining va hududiy jamoatchilik palatalarining faoliyatlarini samarali tashkil etish maqsadida ularning boshqaruv organlari – Jamoatchilik palatasi Kengashi va hududiy jamoatchilik palatalarining kengashlari tuziladi. Jamoatchilik palatasi Kengashining va hududiy jamoatchilik palatalarining kengashlari tarkibiga tegishlicha Jamoatchilik palatasi raisi va uning oʻrinbosarlari, hududiy jamoatchilik palatalari raislari va ularning oʻrinbosarlari hamda komissiyalar rahbarlari kiradi;

e) Jamoatchilik palatasi va hududiy jamoatchilik palatalari aʼzolarining vakolat muddati Jamoatchilik palatasi va hududiy jamoatchilik palatalarining birinchi umumiy yigʻilishlari oʻtkazilgan kundan boshlab, 3 yil etib belgilanadi.

4. Quyidagilar:

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Jamoatchilik palatasining tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar jamoatchilik palatalarining tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

5. Belgilansinki:

Jamoatchilik palatasining faoliyati uning ijro organi  yuridik shaxs hisoblangan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Jamoatchilik palatasi apparati (keyingi oʻrinlarda – Apparat) tomonidan taʼminlanadi;

Apparat Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan hamda oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhriga, blankiga, mustaqil balansiga, Moliya vazirligida shaxsiy gʻazna hisob varaqlariga, tijorat banklarida xorijiy valyutadagi hisob raqamlariga ega boʻladi;

hududiy jamoatchilik palatalari apparatlari Apparatning hududiy boʻlinmalari (keyingi oʻrinlarda – hududiy boʻlinmalar) hisoblanadi.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, Vazirlar Mahkamasi, Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazi (keyingi oʻrinlarda – Markaz) taʼsischilari, “Yuksalish” umummilliy harakati hamda keng jamoatchilikning quyidagi takliflariga rozilik berilsin:

Jamoatchilik palatasi tashkil etilganligi munosabati bilan hamda uning fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga oid vakolatlari boshqa organ va jamoatchilik tuzilmalari vazifalari bilan takrorlanishining oldini olish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish boʻyicha maslahat kengashi va Markazni tugatish;

Apparat shtat birliklarini va moddiy-texnika bazasini tugatilayotgan Markaz hisobidan shakllantirish;

hududiy boʻlinmalar shtat birliklarini tugatilayotgan Markaz hududiy boʻlinmalari shtat birliklari hisobidan shakllantirish.

7. Belgilab qoʻyilsinki:

Jamoatchilik palatasi raisi va hududiy jamoatchilik palatalari raislari jamoatchilik asosida faoliyat yuritadi;

Jamoatchilik palatasi raisi maqomi hamda transport va tibbiy taʼminotiga koʻra vazirga tenglashtiriladi;

Jamoatchilik palatasi raisining birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosarlari maqomi, mehnatga haq toʻlash, tibbiy va transport taʼminotiga koʻra tegishlicha vazirning birinchi oʻrinbosari va vazir oʻrinbosarlariga tenglashtiriladi;

Apparat xodimlari – vazirliklar markaziy apparati, Apparatning hududiy boʻlinmalari xodimlari esa – vazirliklarning hududiy boʻlinmalari xodimlariga tenglashtiriladi;

Yagona tarif setkasi boʻyicha mehnatga haq toʻlashning tasdiqlangan razryadlariga koʻra Apparat hamda uning hududiy boʻlinmalari xodimlarining lavozim maoshlarini belgilashda tarif koeffitsiyentlari ikki baravar oshirilgan miqdorda qoʻllaniladi.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari va “Yuksalish” umummilliy harakatining “Mening fikrim” veb-portalini Jamoatchilik palatasi tasarrufiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

9. Quyidagilar Apparat faoliyatini moliyalashtirishning manbalari etib belgilansin:

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari;

Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan oʻtkaziladigan tanlovlar natijalari boʻyicha ajratiladigan grantlar;

xalqaro moliya va boshqa institutlar, chet el tashkilotlari grantlari;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

10. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) Kengashlarida Jamoatchilik palatasi va hududiy jamoatchilik palatalari tomonidan jamoatchilik uchun dolzarb boʻlgan masalalar yuzasidan oʻtkazilgan oʻrganish va tahlil natijalarini har chorakda koʻrib chiqish amaliyoti joriy etiladi;

Jamoatchilik palatasi har yili Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga fuqarolik jamiyatining holati va rivojlanish tendensiyalari toʻgʻrisida yillik milliy maʼruzalarni taqdim etadi;

Jamoatchilik palatasi va hududiy jamoatchilik palatalari aʼzolari har bir davlat organining ochiq hayʼat majlisida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining majlislarida, “Hukumat soati”da, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) Kengashlari majlislarida ishtirok etishga haqli;

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartirish hamda tuzatishlar kiritish toʻgʻrisidagi takliflar, mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga oid va jamoatchilikda alohida qiziqish uygʻotadigan oʻta dolzarb masalalarga doir normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari Jamoatchilik palatasiga koʻrib chiqish uchun yuboriladi;

Jamoatchilik palatasi va hududiy jamoatchilik palatalarining qarorlari davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda boshqa tuzilmalar uchun tavsiyaviy xususiyatga ega;

Jamoatchilik palatasi va hududiy jamoatchilik palatalari davlat organlari va tashkilotlariga qonunlarning, turli sohalardagi davlat dasturlarining ijrosi hamda ularning vakolatlariga kiradigan boshqa muhim masalalar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish yoki nuqtai nazarini bayon etish talabi bilan Jamoatchilik palatasi soʻrovini yuborish huquqiga ega. Bunda davlat organlari va tashkilotlari soʻrovga javobni, agar boshqa muddat belgilangan boʻlmasa, u olingan kundan eʼtiboran oʻn kundan kechiktirmay yuborishi lozim;

Jamoatchilik palatasi va hududiy jamoatchilik palatalari har bir davlat organi, jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi jamoatchilik kengashlari (huquqni muhofaza qiluvchi organlar huzuridagi jamoatchilik kengashlari bundan mustasno) tarkiblarini shakllantirishda ishtirok etadi;

davlat hokimiyati va mahalliy davlat hokimiyati organlari oʻz faoliyatini nodavlat notijorat tashkilotlarining mustaqilligi va ular faoliyatiga aralashmaslik prinsiplariga qatʼiy rioya qilgan holda Jamoatchilik palatasi va hududiy jamoatchilik palatalari bilan oʻzaro yaqin hamkorlikda amalga oshiradi;

davlat organlari va mahalliy ijro hokimiyati organlari rahbarlari Jamoatchilik palatasi va hududiy jamoatchilik palatalari ishining tashkil etilishi va amalga oshirilishida zarur shart-sharoitlar yaratadi va har tomonlama koʻmaklashadi.

11. Jamoatchilik palatasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda keng jamoatchilik fikrini va ilgʻor tajribani hisobga olgan holda, shu jumladan, quyidagilarni nazarda tutuvchi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Jamoatchilik palatasi toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:

Jamoatchilik palatasi faoliyatining huquqiy asoslari;

Jamoatchilik palatasining maqsad va vazifalari, huquq, majburiyatlari va funksiyalari;

Jamoatchilik palatasi tarkibini shakllantirish tartibi;

Jamoatchilik palatasi aʼzosi maqomi, faoliyati kafolatlari, huquq va majburiyatlari, shuningdek, ular vakolatini toʻxtatish va tugatish tartibi;

masalasi boʻyicha Jamoatchilik palatasi bilan kelishilishi lozim boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari qatʼiy turlari;

Jamoatchilik palatasining davlat organlari va tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorligi;

Jamoatchilik palatasi faoliyatini moliyaviy va moddiy-texnik jihatdan taʼminlash tartibi.

12. Apparat:

Moliya, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish, Bandlik va mehnat munosabatlari, Ichki ishlar vazirliklari, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Davlat statistika qoʻmitasi, Bosh prokuraturasi, Oliy sudi, boshqa vazirlik va idoralarning statistika axboroti;

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Byudjet-soliq tadqiqotlari instituti hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar institutining tahliliy materiallari majburiy yuboriladigan reestrga kiritilsin.

13. Apparatga quyidagi huquqlar berilsin:

davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari mutaxassislarini, fuqarolik jamiyati institutlari vakillarini, ilmiy-tadqiqot institutlari va markazlari xodimlarini, shuningdek, mahalliy va xorijiy olimlar va mutaxassislarni shartnoma asosida tadqiqotlar olib borishga jalb qilish;

tadqiqotlar olib borish va kadrlar tayyorlash boʻyicha xalqaro tashkilotlar, jamgʻarmalar, mahalliy va xorijiy tadqiqot markazlari va oʻquv muassasalari bilan shartnomalar tuzish;

noshirlik faoliyatini amalga oshirish, axborot-tahliliy sharhlar va maʼruzalar, “Fuqarolik jamiyati” jurnali, “Jamiyat” gazetasi va boshqa nashrlarni chop etish;

davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlardan zarur statistik, tahliliy va boshqa maʼlumotlarni soʻrash va olish.

14. Apparat Toshkent shahar, Shayxontohur tumani, Furqat koʻchasi, 1A-uy manzilida tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Apparatga 4 ta avtomobil taʼminoti uchun limit ajratsin.

15. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:

a) hududiy boʻlinmalarning tugatilayotgan Markazning hududiy boʻlinmalari egallab turgan binolaridan begʻaraz foydalanish huquqi saqlanib qolishini taʼminlasin;

b) Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlarining qoʻshimcha manbalari mablagʻlari hisobidan:

hududiy jamoatchilik palatalarining oʻz vazifa va funksiyalarini samarali bajarishi uchun zarur moddiy-texnik sharoitlar yaratib bersin;

hududiy jamoatchilik palatalarining buyurtmanomalari asosida bino va xonalarni kapital va joriy taʼmirlash, ularni zamonaviy tashkiliy texnika, mebel va zarur aloqa vositasi turlari bilan jihozlash boʻyicha ishlarni tashkil etsin.

16. Jamoatchilik palatasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda:

Apparat toʻgʻrisidagi nizom loyihasini ishlab chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin;

qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

17. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.S.Qosimov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti  Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2020 yil 16 aprel

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.