Xabaringiz bor, Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv ombori toʻgʻonining bir qismi oʻpirilib, suv toshqini kelib chiqqanligi sababli koʻplab aholi boshpanasiz qoldi. Sirdaryolik yurtdoshlarimiz boshiga tushgan bu tashvish yagona va jonajon vatanda yashayotgan butun Oʻzbekiston xalqini bir xilda bezovta qildi va tashvishga soldi. Chunki, har bir vatandoshimizning dardu-tashvishini, bezovtaligini hammamiz bevosita daxldorlik, masʼuliyat va bezovtalik bilan qabul qilamiz.
Muhtaram Prezidentimiz boshchiliklarida ushbu tabiiy ofatlarning oqibatlarini bartaraf qilish hamda boshpanasiz qolgan va talofotdan zarar koʻrgan aholimizni himoya qilish, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash borasida olib borilayotgan tezkor va shiddatli chora-tadbirlarni, xayrli ishlarni hammamiz uchun ibratli namuna sifatida eʼtirof etamiz.
Oʻzbekistondagi barcha nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ham ushbu xayrli ishlarda, yaʼni boshiga tashvishli sinov tushgan Sirdaryolik yurtdoshlarimizni qoʻllab-quvvatlashda muhtaram Yurtboshimizga va aziz xalqimizga mustahkam qanot boʻlib xizmat qilishini bildiramiz. Zero, davlat va jamiyat oʻrtasidagi mustahkam koʻprik sifatida xalqimiz boshiga tushgan ogʻir sinovli kunlarda muqaddas vatanda yashayotgan har bir fuqaromizning dardiga sherik boʻlish, ularga har tomonlama qoʻllab-quvvatlash har birimizning insoniy burchimiz.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi, Oʻzbekiston nogironlar jamiyati, Oʻzbekiston “Qizil yarim oy” jamiyati, “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati, “Tadbirkor ayol” Oʻzbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi, “Sabr” Respublika ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish markazi, Oʻzbekiston buxgalterlar va auditorlar assotsiatsiyasi, “Sharq ayoli” Xalqaro ayollar jamoat fondi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Oʻzbekiston Advokatlar palatasi, “Sogʻlom ona va bola” ayollar va yoshlarni qoʻllab-quvvatlash nodavlat notijorat tashkiloti hamda “gujum.uz” elektron gazetasi, “Luqmoni Hakim” NNT va boshqalar aksiyaning bosh hamkorlari sifatida tashabbus bilan chiqmoqdalar.
OʻzNNTMAning “Sirdaryoga NNTlar yordami” aksiyasi doirasida asosan 3 turdagi yordam koʻrsatilishi koʻzda tutilgan:
1) Natura koʻrinishida (bunda, Sirdaryo viloyatida tabiiy ofatdan zarar koʻrgan aholiga xayriya sifatida yigʻilgan kiyim-kechaklar, koʻrpa-toʻshak va choyshablar, oziq-ovqat mahsulotlari, xoʻjalik buyumlari, gigiyenik vositalar va dori-darmonlarni yetkazish).
Ushbu yoʻnalishdagi xayriyalar Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasining Toshkent shahar boʻlimida toʻplanadi va muntazam ravishda joylarga yetkaziladi.
Masʼullar: OʻzNNTMAning Toshkent shahar hududiy boʻlinmasi bosh koordinatori D.H.Mavlyanova (telefon raqami: 90-903-97-01), hamda OʻzNNTMA ijro devoni xoʻjalik boʻlimi mudiri X.Dj.Selyamiyev (telefon raqami: 90-345-90-26).
2) Poʻl koʻrinishidagi yordam (pul koʻchirish orqali qilinadigan xayru ehsonlar OʻzNNTMAning maxsus hisob raqami (20208000104426056002, MFO 00407, Toshkent sh., TIF Milliy bankining bosh amaliyot boʻlimi) hamda OʻzNNTMA Kengashi raisi N.H.Alimovning plastik kartasida toʻplanadi va shakllantirilgan roʻyxat asosida muhtojlarga taqsimlanadi).
N.H.Alimovning plastik kartasi raqami: 8600 0609 2557 0534
Masʼullar: OʻzNNTMA Kengashi raisi N.H.Alimov (telefon raqami: 90-175-67-01) hamda OʻzNNTMAning Sirdaryo viloyati hududiy boʻlinmasi bosh koordinatori Sh.Oʻ.Mamaraximov (telefon raqami: 91-621-29-91; 97-276-00-65).
3) Tashkiliy, maʼnaviy-ruhiy (psixologik) yordam (faol koʻngillilardan tashkil topadigan guruhlar xayru ehson sifatida yigʻilgan kiyim-kechak, koʻrpa-toʻshak, xoʻjalik buyumlari, dori-darmonlarni, pul mablagʻlarini tabiiy ofatlardan zarar koʻrgan oilalarga yetkazishga koʻmaklashadi hamda ushbu oilalar aʼzolariga kerakli maslahatlar va psixologik yordamlar koʻrsatiladi).
Masʼullar: OʻzNNTMA ijro devonining Ayollar, yoshlar, taʼlim va bandlik sohalaridagi NNTlar faolligini oshirish masalalari boʻyicha bosh konsultanti M.S.Bobomurodova (telefon raqami: 97-266-47-74) hamda OʻzNNTMA Jizzax viloyati hududiy boʻlinmasi bosh koordinatori N.M.Kamalova (telefon raqami: 91-564-81-81)